platina.uz
Maqola

38 yoshdan pensiyaga: dunyo davlatlarida odamlar necha yoshda nafaqaga chiqmoqda?

Jahon tajribasi ogʻriqli islohotni “hamma faqat yutadi” deb koʻrsatish ishonchni oshirmasligini, aksincha, pasaytirishini koʻrsatadi. Agar davlat insonga 63, 65 yoki 67 yoshgacha ishlashni taklif qilsa, u yana bir savolga ham javob berishi shart: shu yoshda uni kim ish bilan taʼminlaydi?

38 yoshdan pensiyaga: dunyo davlatlarida odamlar necha yoshda nafaqaga chiqmoqda?

Oʻzbekistonda shu kunlarda pensiya islohotlari oʻtkazilishi arafasida. Xususan, pensiya yoshini oshirish masalasi keng muhokamaga sabab boʻlmoqda. Shunday jarayonlar fonida jahonda bu kabi islohotlar qanday oʻtkazilgani qiziq tuyulishi tabiiy.

Tan olish kerak, pensiya islohoti deyarli hech qayerda ommabop qaror boʻlmaydi. Davlat uchun bu, avvalo, oddiy arifmetika: qancha odam ishlayapti, qanchasi badal toʻlayapti, qanchasi pensiya olyapti va bu toʻlovlar necha yil davom etadi. Oddiy fuqaroni esa yana necha yil ishlashga toʻgʻri keladi va u umuman pensiyadan foydalanishga ulgurishi yoki ulgurmasligi koʻproq qiziqtiradi. Shuning uchun pensiya yoshini oshirish – jamiyat uchun eng nozik siyosiy islohotlardan biri hisoblanadi.

Fransiya: atigi ikki yil inqirozga aylandi

Fransiyaning 2023 yilgi pensiya islohoti nisbatan kichik koʻringan pensiya yoshi oshirilishi ham naqadar kuchli ijtimoiy qarshilik keltirib chiqarishi mumkinligini yaqqol namoyon qildi.

Prezident Emmanuel Makron minimal pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga oshirishni, shu bilan birga toʻliq pensiya olish uchun talab qilinadigan 43 yillik sugʻurta badallari davriga oʻtishni tezlashtirishni taklif qildi.

Hukumat islohotni aholining qarishi va pensiya tizimi defitsiti ortib ketishining oldini olish zarurati bilan izohladi. Taʼkidlash kerak, Fransiyada pensiya xarajatlari yalpi ichki mahsulotning taxminan 14 foizini tashkil etadi va bu rivojlangan davlatlar orasidagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi.

Ammo mojaroning asosiy sababi faqat iqtisod emas, balki qarorning qanday qabul qilingani ham boʻldi. Hukumat Konstitutsiyaning 49.3-moddasidan foydalandi. Bu mexanizm qonun loyihasini Milliy assambleyada odatiy yakuniy ovoz berishsiz qabul qilish imkonini berdi va uning taqdiri hukumatga ishonch masalasi bilan bogʻlandi.

Aynan shu qadam norozilikning yanada kuchayishiga sabab boʻldi. Fransiyani uzoq davom etgan ish tashlashlar va ommaviy namoyishlar qamrab oldi. Qarshilik faqat ikki yil koʻproq ishlash masalasi bilan bogʻliq emasdi. Koʻplab fransuzlar uchun nisbatan erta pensiyaga chiqish davlat va fuqaro oʻrtasidagi ijtimoiy kelishuvning bir qismi sifatida qabul qilingan edi.

Shunga qaramay, islohot kuchda qoldi. Konstitutsiyaviy kengash uning asosiy qoidalarini maʼqulladi va 64 yoshlik pensiya yoshi bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi.

Germaniya: 65 yoshdan 67 yoshga, ammo qariyb yigirma yil davomida

Germaniya boshqacha yoʻlni tanladi. 2007 yil mart oyida Bundestag standart pensiya yoshini 65 yoshdan 67 yoshga bosqichma-bosqich oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Oʻtish jarayoni 2012 yilda boshlandi va tegishli avlodlar uchun 2029 yilga kelib yakunlanishi kerak. Juda uzoq sugʻurta stajiga ega boʻlganlar uchun alohida qoidalar saqlab qolingan.

Bu qarorning sababi Yevropa davlatlari uchun anʼanaviy: umr koʻrish davomiyligining oʻsishi, yosh aholi ulushining kamayishi va ishlovchilar bilan pensionerlar oʻrtasidagi nisbatni barqaror saqlash zarurati asosiy sabab boʻlgan.

Hukumat hujjatlarida «67 yoshda pensiya» toʻgʻridan-toʻgʻri demografik oʻzgarishlar, sugʻurta badallarining barqarorligini taʼminlash va pensiya miqdorini saqlab qolish zarurati bilan asoslangan.

Germaniyada bu qaror parlament orqali qabul qilindi. Biroq Germaniyada ham qarshiliklar yuzaga chiqdi.

Kasaba uyushmalari ogʻir jismoniy mehnat bilan shugʻullanuvchilar uchun pensiya yoshini oshirish amalda pensiya miqdorining kamayishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. Chunki agar inson 67 yoshgacha ishlay olmasa, u ertaroq pensiyaga chiqishga majbur boʻladi va kamroq toʻlov oladi.

2007 yil yanvar oyida faqat Volkswagen korxonalarida islohotga qarshi namoyishlarda oʻn minglab ishchilar qatnashgan.

Ammo Germaniya modeli uzoq oʻtish davri bilan ajralib turadi. Qoidalar yakuniy 67 yoshlik chegaraga yetishdan ancha oldin eʼlon qilingan.

Keyinchalik katta yoshdagi aholi bandligi ham oʻsdi. Hukumat hisobotlarida 60–64 yoshli rasmiy sugʻurtalangan ishchilar soni sezilarli koʻpaygani qayd etilgan.

Bu natijani faqat pensiya islohotiga bogʻlab boʻlmaydi, albatta. Ammo pensiya yoshi oshirilishi bilan birga mehnat bozori ham keksa aholiga moslasha boshladi.

Buyuk Britaniya: doimiy qayta koʻrib chiqiladigan parametr

Britaniya modeli bosqichma-bosqich oʻtkazilgani bilan ajralib turadi. Ilgari ayollar davlat pensiyasini 60 yoshdan, erkaklar esa 65 yoshdan olardi. 1995 yilgi qonun ayollarning pensiya yoshini bosqichma-bosqich 65 yoshga tenglashtirishni boshladi. Keyin yangi qonunlar qabul qilindi va 2020 yilga kelib erkaklar hamda ayollar uchun davlat pensiya yoshi 66 yosh etib belgilandi. Endi bu “chiziq” 2026–2028 yillarda 67 yoshga oshirilmoqda. Amaldagi qonunchilik esa keyinchalik uni 68 yoshga yetkazish imkonini ham koʻzda tutadi.

Buyuk Britaniyada oʻzgarishlar parlament tomonidan bir necha bosqichda qabul qilingan qonunlar orqali amalga oshirildi.

Qayd etish joiz, hukumat, shuningdek, fuqarolarga jiddiy oʻzgarishlar haqida taxminan oʻn yil oldin xabar berish tamoyilini qoʻllab keladi. Lekin uzoq oʻtish davri ham nizolarni toʻliq yoʻqota olmadi. Ayniqsa 1950-yillarda tugʻilgan ayollar kuchli norozilik bildirdi. Ular uchun pensiya yoshini oshirish grafigi keyinchalik tezlashtirilgan edi. Asosiy bahslardan biri davlat ushbu ayollarga oʻzgarishlar haqida yetarlicha va oʻz vaqtida axborot bergan-bermagani boʻldi.

Britaniya tajribasi shuni koʻrsatadi: fuqaroni qancha oldindan ogohlantirish — baʼzan pensiya yoshi necha yilga oshirilayotgani kabi muhim hisoblanadi.

Shvetsiya: pensiya yoshi umr koʻrish davomiyligiga bogʻlandi

Shvetsiya eng tizimli modellardan birini yaratgan davlatlardan biri. 2017 yilda oltita parlament partiyasi pensiya yoshi chegaralarini oshirish boʻyicha partiyalararo kelishuvga erishdi.

Davlat pensiyasining ayrim qismlarini olish uchun minimal yosh 61 yoshdan bosqichma-bosqich 64 yoshga oshirilishi, ijtimoiy kafolatlangan pensiya yoshi esa umr koʻrish davomiyligiga mos ravishda koʻtarilishi belgilab qoʻyildi. 2023 yilda davlat pensiyasini olish uchun minimal yosh 62 yoshdan 63 yoshga, kafolatlangan pensiya yoshi esa 65 yoshdan 66 yoshga oshirildi. 2026 yildan esa umr koʻrish davomiyligi bilan bogʻlangan 67 yoshlik oriyentir qoʻllanila boshlaydi.

Bu yerda qaror bitta partiya tashabbusi emas, keng partiyalararo kelishuv natijasi boʻldi. Shunga qaramay, chap siyosiy kuchlar va ayrim kasaba uyushmalari ogʻir jismoniy mehnat bilan shugʻullanuvchilar uchun bu tizim adolatsiz boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan.

Shvetsiya Pensiya agentligi tadqiqotlari pensiya yoshining oshirilishi odamlarning xatti-harakatini oʻzgartirganini koʻrsatadi: fuqarolar pensiyaga chiqishni kechiktira boshlagan, natijada keyinroq chiqqani uchun oylik pensiyalari ham yuqoriroq boʻlgan.

Demak, Shvetsiya misoli qonun bilan belgilangan pensiya yoshi jamiyatdagi «qachon pensiyaga chiqish kerak» degan ijtimoiy normani ham oʻzgartirishi mumkinligini koʻrsatadi. Shu tarzda kech pensiyaga chiqish ragʻbatlantiriladi.

Yaponiya: aholining qarishi - milliy iqtisodiy muammo

Maʼlumki Yaponiya har tomonlama unikal davlat. U dunyoda aholisi eng tez qarib borayotgan davlatlardan biri.

1994 yilgi islohot yollanma xodimlar uchun pensiya olish yoshini 60 yoshdan 65 yoshga bosqichma-bosqich oshirishni boshladi. Bu jarayon bir necha oʻn yilga choʻzildi. Erkaklar uchun tegishli oʻtish bosqichi 2025 yilga kelib yakunlanadi, ayollarda esa ayrim qoidalar boʻyicha 2030 yilgacha davom etadi.

Qaror qonunchilik tartibida qabul qilindi. Yaponiya hukumati pensiya yoshini oshirish bilan bir vaqtda katta yoshdagilarning ishlash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ham choralar koʻrdi. Bu juda muhim jihat. Chunki mehnat bozori odamlarni 55 yoki 60 yoshda ishdan chiqarib yuborsa, pensiya yoshini 65 yoshga koʻtarishning oʻzi yetarli emas.

Natija sezilarli boʻldi. OECD maʼlumotlariga koʻra, pensiya yoshini 60 yoshdan 65 yoshga bosqichma-bosqich oshirish katta yoshdagi aholi bandligining sezilarli koʻpayishi bilan birga kechgan. Bugun Yaponiyada 55–64 yoshlilar bandligi G7 davlatlari orasidagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, aholi qarishi davom etayotgani sababli 65 yoshning oʻzi ham uzoq muddatli yechim boʻlmasligi mumkinligi haqida muhokamalar bor.

Xitoy: oʻnlab yillar kechiktirilgan islohot

Xitoy tajribasi rivojlanayotgan davlatlar uchun ayniqsa qiziq.

Yaqin vaqtgacha Xitoyda pensiya yoshi nisbatan past boʻlgan: xuddi Oʻzbekistodagi kabi, erkaklar 60 yoshdan, ayrim ayollar 55 yoshdan, ishchi kasblardagi baʼzi ayollar 50 yosh pensiyaga chiqishgan.

2024 yil sentabrda Butunxitoy xalq vakillari kengashining Doimiy qoʻmitasi pensiya islohotini maʼqulladi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab pensiya yoshi 15 yil davomida asta-sekin oshiriladi.

Islohotlar yakunida erkaklar uchun 63 yosh, boshqaruv va ofis lavozimlarida ishlaydigan ayollar uchun 58 yosh; boshqa toifadagi ayollar uchun 55 yosh etib belgilanishi rejalashtirilgan.

Xitoyda bu qaror oliy qonun chiqaruvchi organ orqali qabul qilingan.

Asosiy sabab sifatida — aholining juda tez qarishi koʻrsatilgan. 2035 yilga kelib Xitoyda 60 yoshdan oshganlar soni 400 milliondan oshib ketishi mumkin. Lekin mehnatga layoqatli aholi soni kamaymoqda va mintaqaviy pensiya fondlariga bosim kuchaymoqda.

Xitoyda ham jamiyatning bu islohotlarga munosabati bir xil boʻlmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning ish bilan taʼminlanishi, ogʻir mehnat bilan ofis ishi oʻrtasidagi farq, keksa ishchilar sogʻligʻi, shahar va qishloq aholisi oʻrtasidagi tengsizlik kabi mavzular keskin muhokama qilindi.

Xitoy ham koʻp davlatlar singari radikal sakrash emas, balki juda uzoq — 15 yillik bosqichma-bosqich oshirish yoʻlini tanlagani ahamiyatga molik.

Braziliya: Konstitutsiyani oʻzgartirish orqali pensiya islohoti

Braziliya 2019 yilda rivojlanayotgan davlatlar ichidagi eng chuqur pensiya islohotlaridan birini amalga oshirdi. Ungacha ayrim fuqarolar katta umumiy minimal yosh chegarasisiz, asosan yetarli sugʻurta staji asosida pensiyaga chiqishi mumkin edi.

2019 yilgi 103-son Konstitutsiyaviy tuzatish umumiy minimal pensiya yoshini erkaklar uchun 65 yosh, ayollar uchun 62 yosh etib belgiladi. Shuningdek, pensiya hisoblash qoidalari oʻzgartirildi va amalda ishlab turganlar uchun bir necha oʻtish rejimlari joriy qilindi.

Bu yerda yuridik mexanizm ham qiziq. Pensiya qoidalari Konstitutsiya darajasida boʻlgani uchun oddiy qonun yetarli emas edi. Tuzatish Kongressda maxsus kvalifikatsiyalangan koʻpchilik bilan bir necha bosqichda qabul qilindi.

Hukumat islohotni pensiya xarajatlarining tez oʻsishi, aholining qarishi va davlat moliyasidagi muammolar bilan izohladi.

Rasmiy asoslarda umr koʻrish davomiyligining oshishi, pensiya oluvchilar sonining koʻpayishi va avvalgi erta pensiyaga chiqish imkoniyatlarining haddan tashqari yumshoqligi qayd etildi.

Jamoatchilik reaksiyasi juda ogʻriqli boʻldi. Kasaba uyushmalari umummilliy namoyishlar va ish tashlashlar tashkil qildi. Shunga qaramay, islohotlar yakuniga yetkazildi, hukumat oʻz maqsadiga erishdi.

Indoneziya: oʻnlab yillar oldindan belgilangan avtomatik oshirish

Indoneziya modeli Fransiya yoki Braziliyadan ancha farq qiladi. 2015 yilgi hukumat qarori pensiya yoshini koʻtarishning avtomatik trayektoriyasini oldindan belgilab berdi.

Indoneziyada koʻp yillar davomida pensiya yoshi 56 yosh boʻlgan. 2019 yildan u 57 yoshga koʻtarildi. Shundan keyin har uch yilda bir yildan oshirilishi belgilab qoʻyildi. Natijada 2022 yilda bu chegara 58 yosh; 2025 yilda — 59 yosh sifatida qaror topadi. Agar shu grafik saqlansa, pensiya yoshi 2043 yilga kelib 65 yoshga yetadi.

Hukumat asosiy sabab sifatida umr koʻrish davomiyligining oshishi va aholi salomatligining yaxshilanishini koʻrsatadi. Qayd etish joiz, Oʻzbekiston ham shu bahonani, yoʻgʻey, argumentni boʻlajak pensiya islohotlari uchun olgan.

Indoneziyada keyingi har bir oshirish uchun yangi qonun qabul qilish talab etilmaydi: mexanizm 2015 yildayoq belgilab qoʻyilgan.

Bu siyosiy nuqtai nazardan qiziq model. Yaʼni davlat bir marta ogʻir qaror qabul qilib, keyingi oʻn yilliklar uchun grafikni oldindan belgilaydi.

Shu bilan birga, norozilik butunlay yoʻqolmaydi. 2025 yilda ayrim kasaba uyushmalari pensiya yoshining 59 yoshga oshirilishiga qarshi chiqqan.

Indoneziya misoli oldindan maʼlum avtomatik grafik pensiya islohotining siyosiy keskinligini qisman yumshatishi mumkinligini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston ham ana bosqichma-bosqich, grafik asosida oʻzgartirishlar modelini qabul qilmoqchi.

Qozogʻiston: oshirish boshlandi, keyin tanaffus qilindi

Qozogʻiston Oʻzbekiston uchun ayniqsa qiziq misol, chunki ikki mamlakatda ham postsovet ijtimoiy tizimining ayrim oʻxshashliklari bor.

Qozogʻistonda erkaklar uchun pensiya yoshi — 63 yosh. Ayollar uchun esa islohot 2018 yildan boshlab pensiya yoshini 58 yoshdan 63 yoshgacha har yili yarim yildan oshirishni nazarda tutgan.

Ammo bu islohot jamiyatda kuchli norozilik uygʻotdi. 2022 yilda prezident Qosim-Jomart Toqayev «keng ijtimoiy talab»ni ham hisobga olgan holda ayollar pensiya yoshini 2028 yilgacha 61 yosh chegarasida muzlatib qoʻyish haqida topshiriq berdi.

Hukumat qoʻshimcha dalil sifatida pandemiyaning aholi salomatligi va umr davomiyligiga taʼsiri ham keltirildi. Hozirgi grafikka koʻra, keyinchalik yosh chegarasini oshirish yana davom etishi kerak. Yaʼni, 2028 yilda — 61,5 yosh, 2029 yilda — 62 yosh, 2030 yilda — 62,5 yosh, 2031 yildan — 63 yoshga chiqadi.

Qozogʻistonda mazkur qarorlar qonunchilik va siyosiy mexanizmlar orqali qabul qilingan. Qozogʻiston tajribasining asosiy sabogʻi shundaki: pensiya islohoti qabul qilinganidan keyin ham ijtimoiy, tibbiy yoki siyosiy vaziyat oʻzgarsa, uning grafigi qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Bu tizimga moslashuvchanlik xususiyatini beradi. Biroq boshqa tomondan, qoidalar tez-tez oʻzgarishi odamning oʻz pensiyasini oʻnlab yil oldindan rejalashtirish imkoniyatini pasaytiradi.

Turkiya: radikal oshirish va keyinchalik qisman ortga qaytish

Turkiya pensiya islohotini dunyodagi eng dramatik misollardan biri deyish mumkin. Sababi 1999 yilgi islohotgacha Turkiyada juda erta pensiyaga chiqish imkoniyati mavjud edi. Yetarli sugʻurta staji bilan erkaklar ayrim hollarda 43 yosh atrofida, ayollar esa 38 yosh atrofida pensiyaga chiqishi mumkin edi.

Byulent Ejevit hukumati qoidalarni keskin qattiqlashtirishni taklif qildi. 4447-sonli qonun pensiya yoshi uchun yangi minimal chegaralarni belgiladi. Jumladan, oʻtish davrida - ayollar uchun 58 yosh, erkaklar uchun 60 yosh, asta-sekin 65 yoshlik chegaraga oʻtish belgilandi.

Turkiyada tegishli qonun parlament orqali qabul qilindi. Ammo jamoatchilik qarshiligi juda kuchli boʻldi. Kasaba uyushmalari umummilliy namoyish va ish tashlashlar uyushtirdi. 1999 yil iyul oyida Anqaradagi yirik namoyishda taxminan 200 ming ishchi qatnashgani haqida xabarlar berilgan.

Norozilar hukumatni amalda «qabrda pensiya» tizimini yaratishda ayblagan. Lekin hukumatning moliyaviy argumentlari ham jiddiy edi. Agar islohot qilinmasa, ijtimoiy sugʻurta tizimi defitsiti kelajakda keskin oʻsishi kutilgan. Ammo qariyb chorak asr oʻtib davlat qisman ortga qaytdi.

2023 yilda Turkiya 1999 yil 8 sentabrgacha mehnat faoliyatini boshlagan katta guruh uchun pensiya yoshi cheklovini bekor qildi. Ular uchun yana asosiy mezon sugʻurta staji boʻlib qoldi.

Oʻzbekiston uchun asosiy saboq

Xalqaro tajribadan «boshqalar pensiya yoshini oshirgan ekan, demak, Oʻzbekiston ham oshirishi kerak» degan sodda xulosa chiqarib boʻlmaydi.

Har bir mamlakatda aholi orasida sogʻlom umr koʻrish davomiyligi, mehnat bozori, norasmiy bandlik darajasi, pensiya miqdori, insonning pensiya oladigan oʻrtacha davri, keksa yoshda ish topish imkoniyati turlicha boʻladi.

Ammo jahon tajribasi Oʻzbekiston uchun bir nechta muhim tamoyillarni koʻrsatadi.

Eng barqaror model shunda paydo boʻladiki, davlat avval jamoatchilikka ochiq aktual hisob-kitobni taqdim etishi va bir qator savollarga javob topa olishi kerak: Agar hech narsa oʻzgarmasa, 10, 20 yoki 30 yildan keyin nima boʻladi? Islohot oʻtkazilsa, qaysi koʻrsatkich oʻzgaradi? Qancha mablagʻ tejaladi yoki qoʻshimcha tushum shakllanadi? Kim yutqazadi va kim yutadi?

Ikkinchidan, oʻtish davri yetarlicha uzoq boʻlishi kerak. Inson pensiyaga chiqishiga ikki-uch yil qolganda qoidalar keskin oʻzgarib ketmasligi lozim.

Uchinchidan, davlat faqat «kim nima oladi» degan savolga emas, balki «kim nima yoʻqotadi» degan savolga ham ochiq javob berishi kerak. Jahon tajribasi ogʻriqli islohotni «hamma faqat yutadi» deb koʻrsatish ishonchni oshirmasligini, aksincha, pasaytirishini koʻrsatadi.

Nihoyat, pensiya yoshini mehnat bozoridan alohida koʻrib boʻlmaydi. Agar davlat insonga 63, 65 yoki 67 yoshgacha ishlashni taklif qilsa, u yana bir savolga ham javob berishi shart: shu yoshda uni kim ish bilan taʼminlaydi?

Xulosa

Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, pensiya yoshini oshirish oddiy texnik qaror emas, balki davlat va jamiyat oʻrtasidagi ijtimoiy kelishuvni qayta koʻrib chiqishdir. Fransiya, Turkiya va Qozogʻiston misolida bunday islohotlar kuchli norozilik keltirib chiqarishi, hatto avval qabul qilingan qarorlarni keyinchalik qayta koʻrib chiqishga majbur qilishi mumkin. Germaniya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Yaponiya va Xitoy esa bosqichma-bosqichlik, uzoq oʻtish davri va qoidalarni oldindan eʼlon qilish ijtimoiy zarbani yumshatishini koʻrsatadi.

Qiziq jihati, koʻp davlatlarda pensiya yoshini oshirish referendum orqali emas, parlament yoki hukumat qarori bilan amalga oshirilgan. Ammo qonuniy qarorning oʻzi jamoatchilik ishonchini kafolatlamaydi. Buning uchun davlat islohotning sabablari, iqtisodiy hisob-kitoblari, foyda va yoʻqotishlarini ochiq tushuntirishi zarur.

Oʻzbekiston uchun ham asosiy savol faqat pensiya yoshini necha yilga oshirishda emas. Agar odamdan uzoqroq ishlash talab qilinsa, unga munosib ish oʻrni, sogʻliqni saqlash imkoniyati, adolatli pensiya va barqaror qoidalar ham taklif qilinishi kerak. Shundagina pensiya islohoti oddiy yosh chegarasini oshirish emas, balki uzoq muddatli va ishonchli ijtimoiy siyosatga aylanishi mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid