"Toshkentga koʻproq yashil maskanlar kerak" — Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari yangi barpo etilayotgan istirohat bogʻini borib koʻrib, issiq iqlim sharoitida daraxtlar, suv havzalari va soya-salqin joylar aholi turmush sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.

Saida Mirziyoyeva Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi istirohat bogʻi hududini borib koʻrdi.
Prezident administratsiyasi rahbari Toshkentga koʻproq yashil maskanlar kerakligi, issiq iqlim sharoitida daraxtlar, suv havzalari va soya-salqin joylar aholi turmush sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.

"Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi istirohat bogʻi hududini koʻzdan kechirdim. Bu yerda koʻl, koʻkalamzor maydonlar paydo boʻladi hamda oilaviy, bolalar bilan dam olish, sayr qilish, sport bilan shugʻullanish uchun barcha qulayliklar muhayyo qilinadi.

Bunday maskanlar poytaxtimizning barcha tumanlarida tashkil etilishi lozim. Shaharda istirohat bogʻlarini yanada koʻpaytirish, mavjud yashil hududlarni asrab-avaylash, yangi ekologik toza mavzelarni barpo etish zarur.

Toshkentni rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri shu, biz boshlangan ishlarni qatʼiy davom ettiramiz", – deyiladi uning telegramdagi sahifasida.

