Toshkentda oʻquvchilar davomatini nazorat qiluvchi tizim ishga tushirildi
Tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan oʻtkazilmoqda. Ushbu maktablarga jami 446 ta smart kamera oʻrnatilgan. Tajriba natijalariga koʻra, tizimni poytaxtdagi boshqa umumtaʼlim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Toshkentda oʻquvchilar davomatini nazorat qiluvchi SI Davomat tizimini joriy etish boshlandi.
Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida poytaxt umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini nazorat qilish va dars qoldirish holatlarini oʻz vaqtida aniqlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Tizim smart kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida oʻquvchilarning darslarda ishtirokini qayd etadi.
Ayni paytda tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan oʻtkazilmoqda. Ushbu maktablarga jami 446 ta smart kamera oʻrnatilgan. Tajriba natijalariga koʻra, tizimni poytaxtdagi boshqa umumtaʼlim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
Tizimning ishlash mexanizmlari 17 sentabr kuni Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida muhokama qilindi. Yigʻilishda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov ham ishtirok etdi.
Oʻquvchi uzrli sababsiz dars qoldirgan taqdirda, uning ota-onasiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Bu haqdagi maʼlumot avtomatik ravishda maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham yetkaziladi, deyiladi xabarda.
SI Davomat tizimi ERP Maktab hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingan. Qayd etilishicha, bu kasalligi sababli darsga kelmagan oʻquvchilarni uzrli sababsiz dars qoldirganlardan ajratish imkonini beradi.
Tizim maʼlumotlari asosida maktablarni davomat koʻrsatkichlariga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratish rejalashtirilgan.
