Prezidentning Koreyaga tashrifi: samimiy uchrashuvlar va yangi rejalar
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifidan lavhalar bilan boʻlishdi. Koreya tomoni Oʻzbekiston prezidentining davlat tashrifiga alohida eʼtibor qaratgan.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifidan lavhalar bilan boʻlishib, safar samimiy uchrashuv va suhbatlarga boy boʻlganini qayd etdi.

Uning soʻzlariga koʻra, birinchi "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlari rahbarlari bilan muloqot qilib, ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikning yangi rejalarini muhokama qilgan.
"Samimiy tabassumlar va bemalol suhbatlar mamlakatlarimiz hamda ularning yetakchilari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni yaqqol namoyon etadi", — dedi Asadov.
Prezidentning Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi sobiq elchisi Li Uk Xyon bilan uchrashuvi ham alohida samimiy ruhda kechgan. Asadovning taʼkidlashicha, suhbat davomida oʻtgan yillar hamda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash yoʻlida birgalikda amalga oshirilgan ishlar yodga olingan.

Sammit arafasida yana bir eʼtiborli voqea yuz bergan. Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi Spikeri uchun koreys tiliga tarjima qilingan "Mirziyoyev doktrinasi" kitobiga dastxat yozib bergan. Prezident matbuot kotibi buni Yangi Oʻzbekiston gʻoyalari va islohotlariga boʻlgan qiziqishning ifodasi sifatida baholadi.

Asadov, shuningdek, Koreya tomoni Oʻzbekiston prezidentining davlat tashrifiga alohida eʼtibor qaratganini maʼlum qildi. Xususan, Janubiy Koreyadagi eng baland bino — Lotte World Tower hamda Seul teleminorasida Oʻzbekiston davlat bayrogʻi tasvirlari namoyon etilgan.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning tashrifi sharafiga Oʻzbekiston bayrogʻi ranglaridagi dirijabl parvoz qilgan. Prezident qarorgohi oldidagi favvorada esa Oʻzbekiston gerbi va bayrogʻi tasvirlari aks ettirilgan.
