Oʻzbekiston Makka shahri tomonga dron uchirilishini qoraladi
"Barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlik namoyon etishga, xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya qilishga, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqiramiz", deyiladi rasmiy bayonotda.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni Podshohligidagi muqaddas Makka shahriga yoʻnaltirilgan uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanilgan hujumga urinishni qatʼiyan qoraladi. Bu haqda TIV bayonotida aytiladi.
"Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan toʻliq birdamligimizni bildiramiz hamda muqaddas qadamjolar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni nomaqbul deb hisoblaymiz.
Barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlik namoyon etishga, xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya qilishga, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqiramiz", deyiladi rasmiy bayonotda.
Keskinlikni kamaytirish, mojaroni tarqalishining oldini olish hamda mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash bildirilgan.
Avvalroq Saudiya tomoni husiylar Makka shahri tomonga dron uchirgani haqida xabar bergandi. Biroq husiylar mazkur maʼlumotni inkor etgan.
