OAV: Ozarbayjon Alisher Usmonov masalasida Fransiyaga bosim oʻtkazgan
Ozarbayjonning Usmonovni sanksiyalar roʻyxatidan chiqarish istagining sabablari nomaʼlum. Manbalarga koʻra, Fransiya Boku tashabbusini Qatar va Qozogʻiston qoʻllab-quvvatlaganiga ishonadi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan ham ilgari Usmonovni Yevropa Ittifoqi sanksiyalari roʻyxatidan chiqarishga chaqirgan edi.

Yevropa Ittifoqi rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga qarshi sanksiyalarni uzaytirish boʻyicha kelishuvga erisha olmayotir. OAV xabariga koʻra, Ozarbayjon bosimi ostida Fransiya Yevropa Ittifoqining Usmonovga qarshi sanksiyalarini bekor qilishni soʻragan.
Bu haqda vaziyatdan xabardor boʻlgan uchta yevropalik diplomat Reuters agentligiga maʼlum qildi.
14 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyaga qarshi sanksiyalar roʻyxatini yangilash muddatini yetti kunga uzaytirdilar. Bunga Usmonovga qarshi sanksiyalar boʻyicha kelishuv yoʻqligi sabab boʻldi. Sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirish uchun barcha 27 ta Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning roziligi talab qilinadi.
Manbalarga koʻra, Fransiya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Usmonovga qarshi qoʻllanilgan sanksiyalarni bekor qilishni talab qilib, Slovakiyaga qoʻshildi. Metall va togʻ-kon magnati Usmonov sanksiyalarni bekor qilish uchun Yevropada bir nechta sud jarayonlarini boshlagan.
Diplomatlarning soʻzlariga koʻra, Ozarbayjon Usmonovdan hibsga olingan ikki fransuz fuqarosi ishida "shantaj" vositasi sifatida foydalanmoqda. Fransiya ulardan biri "oʻzboshimchalik bilan" hibsda saqlanayotganini daʼvo qildi. Ikkinchi fuqaro josuslikda ayblangan.
Ozarbayjonning Usmonovni sanksiyalar roʻyxatidan chiqarish istagining sabablari nomaʼlum. Manbalarga koʻra, Fransiya Boku tashabbusini Qatar va Qozogʻiston qoʻllab-quvvatlaganiga ishonadi. Boshqa mintaqaviy mamlakatlarning bir qancha rahbarlari, shuningdek, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan ilgari Usmonovni Yevropa Ittifoqi sanksiyalari roʻyxatidan chiqarishga chaqirgan edi.
Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qatar tashqi ishlar vazirliklari Reuters agentligining izoh berish haqidagi darhol soʻroviga javob bermadi.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Ozarbayjon bilan bogʻliq masala boʻyicha izoh berishdan bosh tortdi.
Deyarli 3000 kompaniya va jismoniy shaxslarga aktivlarni muzlatish va sayohat taqiqlarini qoʻllaydigan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari 15-sentabrda tugashi kerak edi. Usmonov atrofidagi tortishuvlar tufayli ularning amal qilish muddati 22 sentabrgacha uzaytirildi.




