Mashina olish uchun kelgan mijozni oʻldirgan bank xodimi 18 yilga qamaldi
Ayblanuvchi mijozning yonida puli borligi bilgach ishonchiga kirib, turli bahonalar bilan uni koʻchaga chiqishga koʻndirgan va mashinasida ovloq joyga olib borgan.

Qoʻqonda avtokredit toʻlovi uchun olib kelingan pulni qoʻlga kiritish maqsadida qotillik qilgan bank xodimiga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Maʼlum boʻlishicha, Qoʻqon shahridagi banklardan birida ishlovchi xodim mijozning yonida mashina toʻlovi uchun 5700 AQSh dollari borligini bilib, reja tuzgan. Ayblanuvchi mijozning ishonchiga kirib, turli bahonalar bilan uni koʻchaga chiqishga koʻndirgan va mashinasida ovloq joyga olib borgan.
U yerda jabrlanuvchi bilan ataylab janjal keltirib chiqargan va yigitni oʻldirish maqsadida mashinadan tushirishga uringan. Marhum qarshilik koʻrsatgach, oʻzi bilan olib yurgan oshxona pichogʻi bilan uning boʻyni va tanasining turli sohalariga 20 martadan ortiq oʻta shafqatsizlik bilan zarba berib, uni qasddan oʻldirgan. Shundan soʻng jinoyat izlarini yashirish uchun marhumning jasadini mashinaga solib, bankka qaytib borgan hamda ish vaqti tugagach, murdani Katta Fargʻona kanaliga tashlab yuborgan.
Olti kunlik qidiruvlardan soʻng marhumning jasadi kanaldan topilgan.
Qidiruv tadbirlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari jalb etilgan. Shuningdek, mahalliy aholi vakillari ham jarayonda ishtirok etayotgani haqida xabar qilingandi.
Mazkur holat jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudida koʻrib chiqilib, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismining “j” va “i” bandlari bilan aybli deb topildi. Unga nisbatan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud hukmi bilan marhumning qonuniy vakiliga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar pullari undirilishi belgilandi.
