"Kino sohasida boshqaruv tizimi oʻzgarishi kerak" — Saida Mirziyoyeva “Oʻzbekfilm”ga bordi
Kinoni ishlab chiqarishdan tomoshabingacha boʻlgan butun zanjir — moliyalashtirish, distributsiya, prokat, festivallar va eksport — zamonaviy talablar asosida yangilanadi. Milliy kino merosini saqlash, restavratsiya va raqamlashtirish tizimi kuchaytiriladi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “Oʻzbekfilm” kinostudiyasiga borib, uning joriy holati va faoliyati bilan tanishdi.

“Oʻzbekfilm” shunchaki kinostudiya emas, balki qariyb bir asr davomida xalqimizning tarixi, taqdiri, orzu-armonlari va kechinmalarini ekranda aks ettirgan milliy kino maskanidir.

"Endigi vazifa — uni zamonaviy Oʻzbekiston kino industriyasining milliy brendi va tayanch markaziga aylantirish.
Buning uchun kino sohasida boshqaruv tizimi oʻzgarishi kerak. Bundan buyon davlat filmning ijodiy jarayoniga aralashadigan buyurtmachi emas, sohani rivojlantiradigan va moliyaviy qoʻllab-quvvatlaydigan strategik hamkor boʻladi. Xususiy kinostudiyalar, mustaqil prodyuserlar va ijodkorlar esa industriyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi", dedi Saida Shavkatovna.

Kinoni ishlab chiqarishdan tomoshabingacha boʻlgan butun zanjir — moliyalashtirish, distributsiya, prokat, festivallar va eksport — zamonaviy talablar asosida yangilanadi. Milliy kino merosini saqlash, restavratsiya va raqamlashtirish tizimi kuchaytiriladi, yangi avlod ijodkorlarini tayyorlash va xalqaro tajriba almashinuviga keng yoʻl ochiladi.

Eng muhimi, sohada professional muhit va oʻzini oʻzi boshqarish madaniyati shakllanib, kinoijodkorning fikri, tajribasi va kasbiy obroʻsi munosib qadrlanadi.
"Tashrif yakunida Abu Ali ibn Sinoning bolaligi haqidagi tarixiy film suratga olinayotgan maydonda boʻldim. Ulkan dekoratsiyalar va ijodiy jamoaning mehnati menda katta taassurot qoldirdi. Ijodiy jamoaga omad tilayman. Premerada koʻrishguncha!", deya xulosa qildi PA rahbari.
