Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari pora bilan qoʻlga olindi
U fuqaroning umumiy ovqatlanish shoxobchasida kelgusida favqulodda vaziyatlar boʻyicha tekshiruv oʻtkazmaslik va tekshiruvchilar kelgan taqdirda uning foydasiga hal qilib berish evaziga pul soʻragan.

Andijon viloyatida Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda Shahrixon tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari B.G. “H.” MChJ ish yurituvchisi E.K.ning ishonchiga kirib, umumiy ovqatlanish shoxobchasida kelgusida favqulodda vaziyatlar boʻyicha tekshiruv oʻtkazmaslik va tekshiruvchilar kelgan taqdirda uning foydasiga hal qilib berishini aytib, 1,5 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda savdo-sanoat palatasi tuman boʻlimi boshligʻi ushlangandi.
