Diplomatik qadam: Oʻzbekiston hukumati Koreyadan qanday natijalar bilan qaytdi?
Shavkat Mirziyoyevning 14–16 sentabr kunlari Janubiy Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakatning munosabatlarini yangi bosqichga chiqardi. Seulda oʻtkazilgan muzokaralar, yirik biznes egalari bilan uchrashuvlar va ilk marta oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo + Janubiy Koreya” sammiti Oʻzbekistonning transport, taʼlim sohalaridan tortib yirik noyob yer metallari boʻyicha kelishuv imzolanishi hamkorlik yoʻnalishlarini yanada boyitdi.

Oʻzbekiston rahbarining Janubiy Koreyaga tashrifi davomida 13 ta hujjat imzolangan. Koreya nashrlarining taxmin qilishicha, Oʻzbekiston Koreyadan faqat poyezd yoki texnologiya sotib oladigan bozor boʻlib qolmasdan Koreya kompaniyalari bilan birgalikda mahsulot ishlab chiqaradigan maydonga aylanmoqda. Bu jabhada Janubiy Koreyaning manfaatlari ham aniq.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14–16-sentabr kunlari Janubiy Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakatning munosabatlarini yangi bosqichga chiqardi. Seulda oʻtkazilgan muzokaralar, yirik biznes egalari bilan uchrashuvlar va ilk marta oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo + Janubiy Koreya” sammiti Oʻzbekistonning transport, taʼlim sohalaridan tortib yirik noyob yer metallari boʻyicha kelishuv imzolanishi hamkorlik yoʻnalishlarini yanada boyitdi.
Ishonchga tayangan sheriklikning yangi bosqichi
Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi hamkorlik birinchi hukumat davrida munosabatlar boshlangan edi. Hozirgi kunga kelib Prezident Mirziyoyevning Seulga tashrifi bu hamkorlikni yanada kengaytirdi. Prezident Li Chje Myon bilan muzokaralarda savdo, investitsiya, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalariga alohida eʼtibor berildi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda koreys kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Koreya universitetlarining toʻrtta filiali va KOICA koʻmagida tashkil etilgan beshta kasbiy taʼlim markazi kadrlar tayyorlamoqda. Bu — iqtisodiy sheriklik taʼlim va kasbiy malaka bilan uygʻun rivojlanayotganining amaliy ifodasidir.
Seuldagi uchrashuvlar ana shu hamkorlikni yangi tarmoqlar bilan boyitdi. Endi kun tartibida minerallarni chuqur qayta ishlash, mikroelektronika, sunʼiy intellekt, biotexnologiya va zamonaviy transport tizimlari kabi yoʻnalishlar turibdi. Bu Oʻzbekistonning xalqaro iqtisodiy aloqalarida texnologik taraqqiyotga tobora katta oʻrin berilayotganini koʻrsatadi.
Janubiy Koreya Oʻzbekiston muhim minerallariga qiziqmoqda
Tashrif davomida muhim minerallarga qaratilgan eʼtibor Oʻzbekistonning resurs salohiyatini zamonaviy sanoat bilan bogʻlashga xizmat qiladi. Koreya mintaqaviy sammitda minerallarni qidirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan hamkorlikni kengaytirishga urgʻu berdi. Bu yondashuv Markaziy Osiyo bilan uzoq muddatli ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirish istagini ifodalaydi. Oʻzbekiston uchun mazkur yoʻnalishning ahamiyati juda katta. Minerallarni mamlakat ichida chuqur qayta ishlash qoʻshimcha daromad, yangi kasblar va murakkab texnologik jarayonlarni oʻzlashtirish imkonini beradi.
Koreya avtomobil, akkumulyator, elektronika, yarimoʻtkazgich va boshqa yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Bular uchun esa mis, molibden, volfram va boshqa strategik xomashyolar kerak. Oʻzbekistonda esa bunday resurslar bor.
Shu sabab ikki davlat mavjud Oʻzbekiston–Koreya nodir metallar markazi asosida mineralni qidirishdan boshlab, qazib olish va qayta ishlashgacha boʻlgan butun zanjirda hamkorlik qilmoqchi.
Agar kelishuvlar rejadagidek amalga oshsa, Oʻzbekistonning vazifasi faqat yerdan rudani qazib, eksport qilish emas, balki uni shu yerning oʻzida qayta ishlab, qimmatroq mahsulotga aylantirish boʻladi.
Koreya Eksimbanki bilan uchrashuvda muhim minerallar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun qoʻshma fond ishga tushirilgani qayd etildi. Bu hamkorlikni aniq moliyaviy mexanizm bilan taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir.
Ushbu yoʻnalish Oʻzbekistonda sanoat tarmoqlari oʻrtasidagi aloqalarni ham kuchaytiradi. Qayta ishlangan materiallar elektrotexnika, mashinasozlik va boshqa ishlab chiqarishlar uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Tabiiy resurslardan samarali foydalanish shu tariqa iqtisodiyotning texnologik darajasini oshirish bilan uygʻunlashadi.
Ilgʻor texnologiyalar sari amaliy qadamlar Koreya Eksimbank bilan uchrashuvda Oʻzbekistonda yarim oʻtkazgichlar va yangi materiallarni loyihalash hamda sinovdan oʻtkazish markazini tashkil qilish taklif qilindi. Biznes-forumda ham Shavkat Mirziyoyev yarimoʻtkazgichlar, mikroelektronika, robototexnika, avtomatlashtirish, biotexnologiya va energiya saqlash tizimlarini yangi hamkorlik yoʻnalishlari sifatida alohida sanab oʻtdi. Yarimoʻtkazgichlar va yangi materiallarni loyihalash hamda sinovdan oʻtkazish markazi loyihasini tayyorlash taklifi tashrifning eng istiqbolli tashabbuslaridan boʻldi.
Bu hali Oʻzbekistonda Samsung chip zavodi quriladi, degani emas.
Ammo Koreya bilan iqtisodiy hamkorlik avtomobil va toʻqimachilikdan mikroelektronika tomon silijishi mumkinligini koʻrsatadi.
Avtomobilsozlikda yangi imkoniyatlar
Hyundai Motor Group, Kia va Hyundai Rotem rahbarlari bilan uchrashuvda Jizzax avtomobil klasterida ishlab chiqarishni kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, yangi modellar va press sexini ishga tushirish masalalari koʻrildi. Elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Bu yoʻnalish Oʻzbekiston avtomobilsozligining texnologik imkoniyatlarini kengaytirish uchun ahamiyatli. Mahalliylashtirish chuqurlashgan sari ichki taʼminotchilar tarmogʻi rivojlanadi, yangi ishlab chiqarish ixtisosliklari paydo boʻladi va malakali mehnatga talab ortadi.
Avtomobil sanoatidagi kooperatsiya koʻplab qoʻshimcha tarmoqlarni harakatga keltiradi. Metallga ishlov berish, plastmassa buyumlar, elektr jihozlari, logistika va texnik xizmat koʻrsatish sohalari.
Oʻzbekiston bilan tezyurar poyezdlar boʻyicha katta hamkorlik qilayotgan Hyundai Rotem ayni paytda Koreyaning K2 Black Panther tankini ham ishlab chiqaradi. Ayrim koreys nashrlari kompaniyaning Oʻzbekistondagi mavjud biznes aloqalari kelajakda mudofaa sanoatiga ham kengayishi mumkinligini muhokama qilmoqda. Lekin, Oʻzbekiston K2 tanklari sotib olayotgani haqida hozircha na rasmiy kelishuv, na tasdiqlangan buyurtma bor.
Tezyurar poyezdlar — hududlarni yaqinlashtiruvchi hamkorlik
Transport sohasidagi kelishuvlar aholi kundalik hayoti bilan bevosita bogʻliq. Rasmiy xabarga koʻra, Hyundai Rotem poyezdlari Toshkent–Xiva yoʻnalishida qatnay boshlagan. Muzokaralarda qoʻshimcha poyezdlar yetkazib berish, servis markazi ochish va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari koʻrildi.
Koreya matbuoti sakkizta qoʻshimcha poyezd tarkibini olib kelish boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslash boshlanishini xabar qildi. Bu temir yoʻl hamkorligini kengaytirishning navbatdagi amaliy bosqichidir.
Zamonaviy aeroportlar — xalqaro ochiqlikning muhim tayanchi
Inchxon xalqaro aeroporti korporatsiyasi bilan uchrashuvda Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihalari muhokama qilindi. Korporatsiyaning Toshkentdagi ofisi negizida aeroportlarni boshqarish, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash boʻyicha kompetensiyalar markazini tashkil etish taklif etildi.
Koreya nashrlarining korporatsiya maʼlumotlariga tayangan xabarlarida yangi Toshkent aeroporti loyihasining umumiy qiymati 6,9 trillion von taxminan 5,06 mlrd AQSh dollarini tashkil qiladi. Xalqaro konsorsium ishtirokidagi 35 yillik davr toʻrt yil qurilish va 31 yil ekspluatatsiyani qamrab oladi. Ushbu koʻlam loyihaning uzoq muddatli infratuzilmaviy ahamiyatini koʻrsatadi. Yangi aeroportning ochilishini 2031 yil rejalashtirilgan. Maʼlumotlarga koʻra, bu amaldagi aeroportdan taxminan 35 kilometr janubda quriladi.
Koreyslar ishtirokidagi konsorsium aeroportni qurish va keyin boshqarishda 35 yil ishtirok etadi. Inchxon korporatsiyasining oʻzi 7,5 foiz ulushga, Koreyaning KIND kompaniyasi bilan birga esa Koreya tomoni 15 foiz ulushga ega boʻladi.
Koreyaning oʻzi buni Inchxon aeroporti korporatsiyasi tarixidagi eng yirik yagona xorijiy loyiha deb atayapti.
Demak, Toshkent yangi aeroporti Oʻzbekiston uchungina emas, Koreya uchun ham strategik biznesga aylangan. Koreyaning aeroportlarni boshqarish tajribasini jalb etish xizmat sifati, raqamli yechimlar va xodimlar tayyorlashda qimmatli imkoniyatlar ochadi. Oʻzbekiston uchun bu yoʻnalishdagi hamkorlik yangi inshootlar bilan birga zamonaviy boshqaruv koʻnikmalarini ham oʻzlashtirishni anglatadi.
Inson kapitaliga sarmoya — eng qimmatli natija
Tashrifning barcha iqtisodiy yoʻnalishlarini birlashtirib turgan masala — inson kapitali. Zamonaviy korxona, tadqiqot markazi yoki transport tizimi malakali mutaxassislar mehnati bilan samara beradi. Shu bois Koreya bilan taʼlim va kasbiy tayyorgarlik boʻyicha hamkorlik sanoat taraqqiyotining ajralmas qismi hisoblanadi. Qoʻshma taʼlim dasturlari yoshlarga ilgʻor bilimlar, amaliy koʻnikmalar va xalqaro ishlab chiqarish tajribasini egallash imkonini beradi. Korxonalar ehtiyoji bilan bogʻlangan oʻquv dasturlari esa taʼlimdan ishga oʻtish jarayonini yengillashtiradi.
Prezidentning Koreyada ishlayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvi ham shu jihatdan muhim ahamiyat kasb etdi. Xorijda tajriba toʻplayotgan oʻzbekistonliklar ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy, ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni boyituvchi katta salohiyatdir.
16 sentabrdagi birinchi «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammiti tashrifga yanada keng mintaqaviy mazmun berdi. Mirziyoyev Oʻzbekistonda mintaqaviy industrial-texnologik parkni joylashtirish va muhim minerallar boʻyicha mintaqaviy investitsiya alyansini shakllantirishni taklif qildi. Sammit yakunida Seul deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bu tashabbuslar Oʻzbekistonning mintaqada iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan faol yondashuvini namoyon etdi. Mamlakat oʻz imkoniyatlarini qoʻshni davlatlar bozorlari va koreys texnologiyalari bilan bogʻlash orqali umumiy taraqqiyotga hissa qoʻshishni taklif qilmoqda. Mintaqaviy ishlab chiqarish aloqalari korxonalar uchun kengroq bozor, taʼminotchilar uchun yangi buyurtmalar va aholi uchun ish oʻrinlari yaratadi. Transport, bojxona va sertifikatlashtirish sohalaridagi hamkorlik esa bu jarayonning samaradorligini oshiradi.
Koreya bilan munosabatlarni kengaytirish Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini ham boyitadi. Turli hamkorlar bilan sarmoya, texnologiya va bilim almashish mamlakatning tanlov imkoniyatlarini kengaytiradi, milliy iqtisodiyotning xalqaro aloqalarini mustahkamlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreya Respublikasiga tashrifi Oʻzbekistonning zamonaviy sanoat va bilimga tayangan iqtisodiyot qurish yoʻlidagi muhim diplomatik qadami boʻldi. Seulda ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatning resurslari, yoshlari va tadbirkorlik salohiyatini ilgʻor texnologiyalar bilan birlashtirishga qaratilgan. Ushbu hamkorlikning eng katta qadri ham shunda: u Oʻzbekiston uchun yangi korxonalar bilan birga yangi bilim, yangi kasblar va yangi taraqqiyot imkoniyatlarini ochmoqda.
