Tramp oʻgʻlining toʻyi Putinga yaqin oligarx tomonidan moliyalashtirilgani maʼlum boʻldi
AQSh prezidentining kelini Bettina Tramp ijtimoiy tarmoqlarda juftlik nomidan eʼlon qilgan bayonotda Kremlevni ularning "yaqin doʻsti" deb atadi. Toʻydan keyingi ikki kunlik tantanalarni u tashkil qilgani taʼkidlandi.

Kichik Donald Trampning may oyida boʻlib oʻtgan toʻy tantanalarining bir qismi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi bilan tanilgan rossiyalik oligarx Umar Kremlev tomonidan moliyalashtirilgan.
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Trampning oʻgʻli kichik Donald Tramp va uning rafiqasi Bettina Tramp eʼlon qilishdi.
AQSh prezidentining kelini ijtimoiy tarmoqlarda juftlik nomidan eʼlon qilgan bayonotda Kremlevni ularning "yaqin doʻsti" deb atadi. Toʻydan keyingi ikki kunlik tantanalarni u tashkil qilgani taʼkidlandi.
Bayonotda Kremlevning qoʻllab-quvvatlashi "nihoyatda saxovatli toʻy sovgʻasi" deb ataldi.
"Biz oʻshanda buning uchun minnatdor edik va bugun ham minnatdormiz", deyiladi bayonotda.
Juftlik shuningdek, doʻstlik siyosiy motivatsiyani talab qilmasligini taʼkidladi.
"Saxiylik avtomatik ravishda hech qanday yashirin maqsadni anglatmaydi. Baʼzan toʻy sovgʻasi shunchaki toʻy sovgʻasi boʻladi", deb qoʻshimcha qilishdi ular.
Shu bilan birga, ProPublica notijorat tergov jurnalistika tashkiloti oʻsha kuni eʼlon qilingan hisobotda Kremlev yuz minglab dollarga tushgan uch kunlik tantanalarni toʻlaganini daʼvo qildi.
Kremlevning Putinga yaqinligi
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlev yaqinda Putin tomonidan "Doʻstlik" ordeni bilan taqdirlangandi.
Kichik Donald Tramp ilgari Rossiya bilan aloqalari tufayli jamoatchilik eʼtiborida boʻlgan.
2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi davomida Tramp kichikning Nyu-York shahridagi Tramp minorasida rossiyalik advokat Natalya Veselnitskaya bilan uchrashuvi Tramp kampaniyasi Rossiyaning saylovlarga aralashishga urinishlari bilan muvofiqlashtirilganmi yoki yoʻqmi degan federal va kongress tergovlarida muhim voqea boʻldi.
