Tibbiyotda “5+1” shaklidagi 6 yillik umumiy bakalavriat taʼlimi joriy etiladi
Oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik oʻquv dasturlariga qabul bekor qilinadi. 2027 yil 1 yanvardan tibbiyot, farmatsevtika va pedagog xodimlarning oylik maoshlariga bazaviy tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga nisbatan har oylik ustamalar belgilanadi.

Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi.
“Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–191-son, 10.09.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2027/2028 oʻquv yilidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tibbiyot taʼlimi sohasiga ajratilgan davlat buyurtmasi parametrlari taʼlim yoʻnalishlari kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi (Vazirlik) tomonidan tasdiqlanadi. Bunda:
- Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni oʻrganish boʻyicha asosiy ishchi organ hisoblanadi;
- qabul koʻrsatkichlari tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojdan kelib chiqib, hududlar ehtiyoji, tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji hamda tegishli mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
2027/2028 oʻquv yilidan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlarida:
- davolash ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi negizida “5+1” shaklidagi (bitiruvchi kurs talabalari bir yil toʻliq amaliyot oʻtashi shaklida) 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi;
- amalda davolash ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishining tegishli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarning oʻquv jarayonlari yangi moslashtirilgan oʻquv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi;
- umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yoʻnalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega boʻladi va ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin boʻladi;
- tibbiyot sohasining barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun toʻliq oʻquv yili davomida amaliyot oʻtash tizimi joriy etiladi;
- stomatologiya yoʻnalishida talabalarning amaliy mashgʻulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga stomatolog poliklinikalari biriktirib beriladi.
2027/2028 oʻquv yilidan boshlab:
- oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik oʻquv dasturlariga qabul bekor qilinadi;
- oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlashda rivojlangan xorijiy davlatlarning oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etiladi;
- tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash maqsadida magistratura dasturi yoʻlga qoʻyiladi.
- 2027 yil 1 yanvardan tibbiyot, farmatsevtika va pedagog xodimlarning oylik maoshlariga quyidagi miqdorlarda bazaviy tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga nisbatan har oylik ustamalar belgilanadi:
-bakalavriatni tamomlagan hamshiralar va tibbiyot ogʻalariga – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravari;
-magistraturani tamomlagan hamshiralar va tibbiyot ogʻalariga – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2 baravari;
-oilaviy tibbiyot boʻyicha rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlar va shu yoʻnalishda magistraturani tamomlagan pedagog kadrlarga – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4 baravari.
