Shavkat Mirziyoyevga qizil jenshen, Birinchi xonimga chinni servis: Koreyada davlat rahbarlariga qanday sovgʻalar berildi?
Qozogʻiston prezidentiga ismi tushirilgan premium stol tennisi raketkalari hamda taekvondo formasini taqdim etildi. Qirgʻiziston yetakchisi Sadir Japarovga Koreyaning Gold Five premium brendiga mansub golf patteri topshirildi. Tojikiston tomoni esa sovgʻalar boʻyicha maʼlumotni ochiqlamaslikni soʻragan.

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong 14–16 sentabr kunlari Seul shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, ularga turli sovgʻalar topshirdi.
14 sentabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtdi va davlat rahbariga qizil jenshen mahsulotlari hadya qilindi.
“Yetakchi Li prezident Mirziyoyevga mustahkam salomatlik va farovonlik tilab, Janubiy Koreyaning premium salomatlik mahsuloti boʻlgan qizil jenshenni taqdim etdi”, deyiladi Janubiy Koreya prezidenti devoni bayonotida.
Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaga esa uning kolleksion va antikvar keramikaga boʻlgan qiziqishi inobatga olinib, anʼanaviy koreys estetikasi aks ettirilgan, kumush bilan ishlangan oq chinni choy servisi va unga mos patnis sovgʻa qilingan.
Janubiy Koreya prezidenti 15 sentabr kuni Turkmaniston va Qozogʻiston rahbarlari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazgan. Ot sportiga qiziqadigan prezident Serdar Berdimuhamedovga Koguryo davridagi Muyunchxon maqbarasidagi mashhur ov sahnasi aks ettirilgan, anʼanaviy chilbo usulida ishlangan ramkali sanʼat asari sovgʻa qilingan.
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevning sevimli sport turi stol tennisi ekani va kelasi yili Qozogʻiston taekvondo boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishini inobatga olib, prezident Li unga ikki davlat bayroqlari va Toʻqayevning ismi tushirilgan premium stol tennisi raketkalari hamda taekvondo formasini taqdim etgan. Raketka anʼanaviy koreys hanji qogʻozidan yasalgan maxsus gʻilofga solingan. Formaga esa ikki davlat bayroqlari va Qozogʻistonning taniqli ramzlaridan biri boʻlgan qor qoploni tasviri tushirilgan. Bundan tashqari, sammit munosabati bilan Markaziy Osiyo davlatlari bayroqlari Lotte World Tower binosida alohida yoritilgan.
16 sentabr kuni Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda unga sovgʻa sifatida ismi oʻyib yozilgan Koreyaning Gold Five premium brendiga mansub golf patteri topshirilgan. Sovgʻani tanlashda 2026 yilning iyul oyida Qirgʻizistonda ilk xalqaro standartdagi golf maydoni ochilgani inobatga olingan. Shuningdek, Janubiy Koreya rahbari Sadir Japarovga ham Oʻzbekiston prezidenti kabi mustahkam salomatlik tilab, qizil jenshen sovgʻa qilgan.
Birinchi xonim Oygul Japarovaga esa anʼanaviy koreys torli cholgʻu asbobi shaklidagi dekorativ buyum topshirilgan. Prezident maʼmuriyatining tushuntirishicha, tanlovda Qirgʻizistonning xorijiy yetakchilarga milliy musiqa asboblarini taqdim etish anʼanasi hisobga olingan.
Koreya tomoni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon uchun ham maxsus sovgʻa tayyorlagan. Biroq sovgʻa oʻramida nima borligi ochiqlanmagan, chunki Tojikiston tomoni oʻzaro almashilgan sovgʻalar mazmunini matbuotga oshkor qilmaslikni soʻragan, deyiladi xabarda.
