Samarqandda bolalar kelajagi boʻyicha sammit oʻtkaziladi
Unda 100 dan ortiq mamlakatdan siyosiy yetakchilar, vazirlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, bolalar va oʻsmirlar ishtirok etadi.

Samarqandda bolalar kelajagi boʻyicha Butunjahon sammiti oʻtkaziladi.
21–22 oktabr kunlari Samarqandda bolalar farovonligi va ularning kelajagiga oid dolzarb masalalarga bagʻishlangan Butunjahon sammiti boʻlib oʻtadi.
Unda 100 dan ortiq mamlakatdan siyosiy yetakchilar, vazirlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, bolalar va oʻsmirlar ishtirok etadi.
Sammit doirasida rasmiy ochilish marosimi va panel sessiyalari bilan bir qatorda, ishtirokchilarning Oʻzbekistondagi ijtimoiy soha obʼektlariga tashriflari ham tashkil etiladi.
Panel sessiyalarida bolalar va oilalarni ijtimoiy himoya qilish, bolalarni himoya qilish va zarur xizmatlar bilan taʼminlash, bolalar salomatligi, bolalar onkologiyasi, erta bolalik rivoji hamda inklyuziv taʼlim masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, sammit doirasida II xalqaro bolalar onkologiyasi kongressi ham oʻtkaziladi.
Turli mamlakatlarning tajribasi va ilgʻor yondashuvlari bir maydonda jamlanib, bolalar uchun yanada samarali tizim va amaliy yechimlarni shakllantirish masalalari muhokama etiladi.
