Prezident birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida beshta strategik taklifni ilgari surdi
Birinchi yoʻnalish hamkorlikni rejalashtirishning uzoq muddatli ufqlarini shakllantirishni qamrab oladi. Shavkat Mirziyoyev iqlim oʻzgarishi xavfi va sunʼiy intellekt omillarini tilga oldi. “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yoʻlidagi hamkorlik” deb nomlangan uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 sentabr kuni Seul shahrida birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etdi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Li Je Myon raisligida oʻtkazilgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasida xavfsizlik, bir-birini toʻldirib turadigan amaliy hamkorlik, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Koreya Respublikasi strategik jihatdan uzoqni koʻzlab ish tuta olishini namoyish etgan holda, Markaziy Osiyo timsolida yaqin va oʻzaro manfaatli sheriklik uchun ulkan salohiyatni 2007 yildayoq birinchilardan boʻlib koʻrganini taʼkidladi.
– Biz Koreya tomonining mamlakatlarimizni sanoatlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratishga qoʻshayotgan salmoqli hissasini samimiy qadrlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu mustahkam aloqalarning ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi – ular Buyuk ipak yoʻlidagi karvon yoʻllaridan boshlangan. Mustahkam doʻstlik zamirida hayotiy qadriyatlarimizning mushtarakligi – keksa avlodga chuqur hurmat, halol mehnatni qadrlash, ona zaminga mehr va sadoqat kabi asosiy hayotiy qadriyatlar mujassam.
– Koʻpmillatli Markaziy Osiyo oilasining ajralmas qismiga aylangan koreys diasporasi xalqlarimizning birdamligi va oʻzaro hurmat-ehtiromining yorqin ramzidir, – deya taʼkidladi Oʻzbekiston Prezidenti.
Bugungi kundagi asosiy vazifa – nafaqat hamkorlik boʻyicha erishilgan surʼatni saqlab qolish, balki bu muvaffaqiyatlarni rivojlanishga yanada jadal tus berish uchun poydevorga aylantirishdan iborat ekani taʼkidlandi.
Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasining qudratli salohiyatlarini qoʻshilishi oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatish borasida yangi ufqlarni ochadi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Prezidenti hamkorlikning beshta strategik yoʻnalishi boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
Birinchi yoʻnalish hamkorlikni rejalashtirishning uzoq muddatli ufqlarini shakllantirishni qamrab oladi.
– Bugungi zamonaviy dunyodagi global oʻzgarishlar surʼati davlatlarning unga moslashish imkoniyatidan tobora ilgarilab ketmoqda. Sunʼiy intellekt mehnat bozori va butun boshli sanoat tarmoqlarini oʻzgartirmoqda. Iqlim va suv bilan bogʻliq xavf-xatarlar kelgusi bir necha oʻn yilliklar uchun moʻljallangan yechimlarni ishlab chiqishni talab qiladi. Taʼlim, infratuzilma, texnologiya va inson kapitaliga nisbatan yangi talablar paydo boʻlmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu tahdidlarga javoban “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yoʻlidagi hamkorlik” deb nomlangan uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif etildi.
Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini yaratish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish oraqali raqamli kelajak xavfsizligini taʼminlash masalasi ham umumiy eʼtibor markazida boʻlishi lozim.

Ikkinchi soha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarni yagona biznes mantigʻi doirasida birlashtirishga qaratilgan.
– Bugungi kunda Markaziy Osiyo faqat xomashyo yetkazib beradigan mintaqa emas. Mamlakatlarimiz innovatsion va texnologik hamkorlik uchun imkoniyatlarni kengaytirib, qoʻshimcha qiymatning global zanjirlariga faol qoʻshilmoqda, – deya taʼkidladi Prezidentimiz.
Sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini yaratish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi. Ushbu muvofiqlashtiruvchi mexanizmning taʼsis etilishi oʻzaro savdoni sezilarli darajada koʻpaytirish uchun birgalikda samarali yechimlarni topish hamda 2030 yilga borib mintaqa mamlakatlari va Koreya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.
Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish doirasida mintaqa bozori uchun innovatsion ishlab chiqarish bazasi boʻlib xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologik parkini Oʻzbekistonda tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Mamlakatlar hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyilishi iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchi ekani va bunga kelgusi yili Samarqandda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo va Koreya uchinchi hududlararo forumida barcha mamlakatlardan mahalliy hokimlik va biznes vakillari ishtirok etishi orqali erishish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Uchinchi yoʻnalish muhim minerallar sohasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochishga qaratilgan.
– Ushbu qimmatbaho xomashyoga boʻlgan talab tez oʻsib borayotgani va uning Markaziy Osiyodagi ulkan zaxiralarini hisobga olgan holda, mintaqa jahon bozorida yetakchi yetkazib beruvchilardan biriga aylanishga qodir, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Shu munosabat bilan mintaqada ishlab chiqarishning barcha bosqichlari – geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladigan yirik sanoat klasterlarini tashkil etish maqsadida muhim minerallar boʻyicha Mintaqaviy investitsiya alyansini shakllantirish taklif etildi.
Hamkorlikning toʻrtinchi yoʻnalishi “yashil” taraqqiyot va iqlim oʻzgarishiga moslashish ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
Iqtisodiyotlarimizdagi bir-birini toʻldirib turuvchi imkoniyatlarni birlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo va Koreya oʻrtasida iqlim va uglerod hamkorligi boʻyicha formatni ishga tushirish taklif etildi.
Beshinchi yoʻnalish yosh avlod salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha birgalikda ishlashni nazarda tutadi.
Markaziy Osiyo – alohida demografik energiyaga ega boʻlgan mintaqa boʻlib, aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi.
– Biz uchun yosh avlod ilgʻor bilimlar, koʻnikmalar va xalqaro tajribadan foydalanish imkoniga ega boʻlib, kelgusida zamonaviy texnologik iqtisodiyotning bir qismiga aylanishi juda muhim, – deya taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish taklif etildi. Bu hamkorlik “buyurtma – oʻqitish – bandlik” degan aniq tamoyilga asoslanishi kerak.

Ayniqsa, sunʼiy intellekt texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish va joriy etishda yoshlarning tutgan oʻrni juda muhim. Shu bois, Prezident Li Chje Myonning “Oʻxshashi yoʻq Koreya” doktrinasini ushbu keng koʻlamli jarayon uchun Markaziy Osiyodagi asosiy tayanch maydonlardan biriga aylantirish taklif etildi.
Yakunda Oʻzbekiston kelgusi yilda Koreya Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqamizda yashay boshlaganining 90 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlarini eng yuqori darajada oʻtkazishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Sammitda boshqa yetakchilar ham soʻzga chiqdi. Tadbir yakunlari boʻyicha Seul deklaratsiyasi hamda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qator boshqa hujjatlar qabul qilindi.
