Alisher Qodirov Toshkentdagi madaniy meros obʼektini saqlab qolish masalasiga eʼtiroz bildirdi
Deputatga koʻra, rus rassomiga tegishli uyning buzilishiga qarshilik qilish kerak emas. Qodirov Bobur koʻchasidagi 7-uy manzilida joylashgan tarixiy uy haqida fikr bildirgan boʻlishi mumkin. Madaniy meros agentligi milliy madaniyatimizga diqqatini, eʼtiborini qaratishi kerak, deydi u.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Bobur koʻchasi, 7-uyda joylashgan madaniy meros obʼektini saqlab qolish masalasiga eʼtiroz bildirdi.
Bu haqda deputat Instagram sahifasidagi videoda gapirgan. Qodirov binoning Oʻzbekiston milliy madaniyati uchun ahamiyatini savol ostiga oldi.
“Toshkent shahrining oʻrtasida bitta eski, qanaqadir buzib tashlasa ham boʻladigan binoni madaniy meros sifatida atrofiga qoʻriqlab, sudga berib, janjallashilyapti. Hech kimga kerak emas, bir rus rassomining qanaqadir uyi ekan u. Olib ketishingiz kerak uni, bizga nima keragi bor uning? Bizga qanaqa qadriyati bor uning, madaniy meros sifatida? Qanaqa ahamiyati bor? Shohizindaning oldida mingdan biriga toʻgʻri keladimi? Kim rassom boʻlishidan qatʼi nazar”, dedi deputat.
Uning fikricha, Madaniy meros agentligi birinchi navbatda milliy madaniyatga eʼtibor qaratishi kerak.
“Agentlik umuminsoniy qadriyatlar agentligi emas, milliy madaniyatimizning agentligi. Agentlik birinchi oʻrinda milliy madaniyatimizga diqqatini, eʼtiborini qaratishi kerak”, dedi Qodirov.
OAV talqiniga koʻra, Qodirov Bobur koʻchasidagi 7-uy manzilida joylashgan tarixiy uy haqida fikr bildirgan boʻlishi mumkin.
Madaniy meros agentligi 8 sentabr kuni mazkur uydagi moddiy madaniy meros obʼektini saqlash masalasi yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qilgandi.
Agentlik maʼlumotiga koʻra, mazkur bino moddiy madaniy meros obʼekti sifatida davlat muhofazasida. 2020 yilda agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi binoni Moddiy madaniy meros obʼektlarining Milliy roʻyxatiga kiritish masalasini maʼqullagan. 2021 yilda esa obʼektni Milliy roʻyxatdan chiqarish boʻyicha taklif rad etilgan.
