Prezident Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashdi
Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi munosabati bilan “parlament diplomatiyasi” yoʻnalishida bir qator tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 15 sentabr kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Cho Chjon Shik bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston – Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini ilgari surishda ikki mamlakat parlamentlari muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi.
Parlamentlararo “doʻstlik guruhlari” faol ish olib bormoqda, parlament delegatsiyalarining muntazam tashriflari amalga oshirilmoqda, qonun chiqaruvchi organlarning tegishli qoʻmitalari oʻrtasida samarali tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Milliy Assambleya va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasida “Elektron parlament” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan parlament monitoringini taʼminlash maqsadida oʻzaro hamkorlik mexanizmini yaratish zarurligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida 2027 yilda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi munosabati bilan “parlament diplomatiyasi” yoʻnalishida bir qator tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.
