Prezident 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga tabrik yoʻlladi
Hozirda mamlakatda xalqaro grossmeyster unvoniga ega boʻlgan 32 nafar shaxmatchi bor, 5 nafar yetakchi shaxmatchimiz jahon reytingidagi “eng kuchli yuztalik”dan mustahkam oʻrin egallab kelmoqda.

Prezident 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga tabrik yoʻlladi.
Prezident tabrigida qayd etilishicha, bugungi kunda shaxmat bilan ommaviy shugʻullanuvchilar 2 million nafardan, reytingga ega boʻlgan professional shaxmatchilarimiz soni esa 6 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda xalqaro grossmeyster unvoniga ega boʻlgan 32 nafar shaxmatchimiz bor.
Eʼtiborli jihati shundaki, 5 nafar yetakchi shaxmatchimiz jahon reytingidagi “eng kuchli yuztalik”dan mustahkam oʻrin egallab kelmoqda. Oʻzbekiston erkaklar jamoasi FIDE reytingida 204 ta davlat orasida 8-oʻringa, ayollar jamoasi esa 20-oʻringa koʻtarilgani ham diqqatga sazovordir.
Mamlakatimiz terma jamoasining 2022 yilda 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi gʻolibi boʻlgani, 2024 yilgi Olimpiadada sovrindorlar safidan joy olgani, isteʼdodli grossmeysterlarimiz nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani, hech shubhasiz, milliy shaxmat sportimiz tarixida yangi sahifalar ochmoqda.
Javohir Sindorovning jahon chempionligi uchun daʼvogarlar turnirida gʻolib boʻlib, jahon kubogini qoʻlga kiritgani, Nodirbek Abdusattorovning blits boʻyicha jahon chempionatida kumush medalga sazovor boʻlgani, yosh shaxmatchilarimiz xalqaro chempionatlarda yuksak oʻrinlarni egallayotgani bizga cheksiz gʻurur bagʻishlaydi, deyiladi tabrikda.
"Bunday yirik musobaqalar bizning xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, ulkan mahorat maktabiga aylanishi, mamlakatimizning doʻstlik va hamkorlik diyori sifatidagi xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishiga aminman. Bugungi olimpiada dunyo yoshlariga muhim bir haqiqatni namoyon etmoqda: insoniyatning umumiy kelajagi kuch emas – aql va bilim, adovat emas – doʻstlik va hamjihatlik, befarqlik emas – ezgu maqsadlar yoʻlidagi qatʼiyat asosida bunyod etiladi", deyiladi prezident tabrigida.
