Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi Madaniy hamkorlik boʻyicha qoʻmita tuzishga kelishib oldi
“Koreya – Markaziy Osiyo doʻstlik kutubxonasi” tashabbusi doirasida Buxoro shahrida “Buyuk Ipak yoʻli kutubxonasi”ni barpo etish loyihasini birgalikda amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi Madaniy hamkorlik boʻyicha qoʻmita tuzishga kelishib oldi. 15 sentabr kuni Seulda Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri Chxve Xvi Yon oʻrtasida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Muloqot davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, mavjud hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarning alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani ikki tomonlama hamkorlikni, xususan, madaniyat sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan 200 mingdan ortiq koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutuvchisi qayd etildi.
Uchrashuvda ayni kunlarda Koreya Respublikasining Kochxan, Borion, Seul, Chondju, Andon va Sunchxon shaharlarida oʻtkazilayotgan “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” ikki davlat oʻrtasidagi madaniy almashinuvlarning amaliy ifodasi sifatida eʼtirof etildi.
Muloqot davomida madaniy hamkorlikni tizimli va doimiy asosda rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, ikki vazirlik oʻrtasidagi qoʻshma madaniy loyihalarni muvofiqlashtirib boruvchi Madaniy hamkorlik boʻyicha Qoʻshma amaliy ishchi qoʻmitasini tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, “Koreya – Markaziy Osiyo doʻstlik kutubxonasi” tashabbusi doirasida Buxoro shahrida “Buyuk Ipak yoʻli kutubxonasi”ni barpo etish loyihasini birgalikda amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, madaniyat va sanʼatning turli yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni koʻpaytirish, ijodkorlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda madaniy almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida bildirilgan tashabbuslarni amaliy jihatdan roʻyobga chiqarish, madaniy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish hamda ikki mamlakat ijodkorlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash borasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
