Oʻzbekiston bayrogʻi Seul osmonida
Oʻzbekiston bayrogʻining moviy, oq va yashil ranglaridagi dirijabl Koreya Respublikasi poytaxti uzra parvoz qildi. Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilayotganinin ramzi boʻldi.

15 sentabr kuni Seul osmonida oʻzgacha manzara kuzatildi — Oʻzbekiston bayrogʻining moviy, oq va yashil ranglaridagi dirijabl Koreya Respublikasi poytaxti uzra parvoz qildi.
Bu oddiy parvoz emas edi. Uning ortida yurtga muhabbat, milliy gʻurur va Oʻzbekistonning doʻst Koreya zaminidagi yana bir yorqin qadami mujassam edi.

Oʻzbekiston Prezidentining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi arafasida amalga oshirilgan ushbu ramziy tashabbus Seul aholisi va xorijlik mehmonlarga Oʻzbekistonni yana bir bor tanitish, milliy qadriyatlarimiz va davlat ramzlarimizni namoyon etishga xizmat qildi.

Seul — dunyodagi eng zamonaviy megapolislardan biri. Ana shu zamonaviy shahar osmonida Oʻzbekiston bayrogʻi ranglarining namoyon boʻlishi ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar ham yangi, zamonaviy va istiqbolli bosqichga koʻtarilayotganining goʻzal ramzi boʻldi.

