“Dars” filmining taqdimoti oʻtkaziladi
Filmda yoshlar orasida kitobxonlik, maʼrifat va mutolaa madaniyatini targʻib etish gʻoyalari bosh qahramon — Oyqiz obrazi orqali yoritilgan.

Joriy yilning 24 sentabr kuni soat 18:00 da Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Dars” badiiy filmining premerasi boʻlib oʻtadi.
Film 1 oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʻqituvchilik kasbi nufuzini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda maʼrifat gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida yaratilgan.
“Dars” filmi Kontent markazi hamda “MA’NO CINEMA” hamkorligida suratga olingan.
Filmda yoshlar orasida kitobxonlik, maʼrifat va mutolaa madaniyatini targʻib etish gʻoyalari bosh qahramon — Oyqiz obrazi orqali yoritilgan. Shuningdek, ustozning inson kamolotidagi beqiyos oʻrni, ustoz-shogird anʼanalari, taʼlim-tarbiyaning ahamiyati hamda milliy qadriyatlar asosiy gʻoya sifatida ilgari surilgan.
Filmda insoniylik, mehr-oqibat, milliy qadriyatlar va ustoz-shogird munosabatlari samimiy va hayotiy voqealar orqali talqin etilgan.
“Dars” filmi 25 sentabrdan yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etiladi.
