platina.uz
Siyosat

The Chosun gazetasida Shavkat Mirziyoyevning maqolasi eʼlon qilindi

Maqolada davlatlar oʻrtasidagi tarixiy aloqalar va iqtisodiy hamkorlik yutuqlari alohida taʼkidlangan. Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi besh barobar oshdi. Koreya Respublikasining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyasi hajmi 8 milliard dollardan ortdi. 

The Chosun gazetasida Shavkat Mirziyoyevning maqolasi eʼlon qilindi

The Chosun gazetasida Shavkat Mirziyoyevning maqolasi eʼlon qilindi.

"Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik" nomli maqolada tarixiy aloqalar haqida ham alohida soʻz boradi.

Qadim zamonlarda bir-biridan uzoq masofalar ajratib turgan Markaziy Osiyo va Koreya yarim oroli xalqlari jahon savdo yoʻllari chorrahalarida, ularning eng muhimi boʻlgan Buyuk ipak yoʻlida uchrashgan.

Bunday aloqalarning qimmatli dalili sifatida Samarqanddagi mashhur Afrosiyob saroyidagi noyob devoriy suratlarni keltirish mumkin. Unda hozirgi Oʻzbekiston hududidagi qadimiy davlat hukmdori huzuriga Gʻarb va Sharq mamlakatlaridan kelgan diplomatik delegatsiyalar tasvirlangan.

Keyingi asrlarda ham xalqlarimizning taqdir yoʻli bir necha bor yaqindan tutashgan. Bu nafaqat boshlangan global madaniy almashinuv jarayonida, balki XX asrning eng dramatik va keskin burilish davrlarida ham namoyon boʻldi. Ana shunday ogʻir sinovlarni yengib oʻtishda odamlarning oʻzaro koʻmagi va hamjihatligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Bugun esa Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda Koreya Respublikasining eng yaqin va ishonchli savdo-iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanib ulgurdi. Bozor jadal surʼatda kengayib bormoqda. Koreya texnologiyalari va investitsiyalari esa aniq natija berib, yangi ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy yechimlarni joriy etish va oʻzaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Koreys biznesining eng yirik konglomeratlari — Samsung, LG, Hyundai, KIA, KOGAS, Lotte, Youngone, Bomi va boshqa koʻplab kompaniyalar Oʻzbekiston bozorida yaxshi tanilgan.

Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi besh barobar oshdi. Koreya Respublikasining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyasi hajmi 8 milliard dollardan ortdi. Ayni paytda mamlakatimizda 700 dan ziyod qoʻshma korxona va loyihalar faoliyat yuritmoqda. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya eksimbanki va jamgʻarmalari bilan koʻp yillik samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ular bilan birga loyihalar portfeli 3,5 milliard AQSh dollaridan oshdi.

Prezidentga koʻra, Oʻzbekiston uchun Koreya Respublikasi bilan munosabatlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va markazida inson, uning qadr-qimmati, huquq va imkoniyatlari turgan zamonaviy, ochiq va taraqqiy etgan davlat — yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi.

Hamkorlikning sunʼiy intellekt, strategik ahamiyatga ega materiallar va yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarish, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, zamonaviy kimyo, “aqlli” qishloq xoʻjaligi va intellektual shaharlar kabi sohalari biz uchun alohida istiqbolli koʻrinmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Prezident Li Chje Myonning Koreyalararo muloqotni qayta tiklash, Koreya yarim orolida mustahkam tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga qaratilgan tashabbuslarini doimo qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid