Oʻzbekistonga ballistik raketalar nima uchun kerak va nega aynan Serbiya?
Serbiyaning Oʻzbekistonga uzoq masofali ballistik raketalar sohasida hamkorlik qilishni taklif etgani Markaziy Osiyodagi harbiy-siyosiy vaziyatga nisbatan jiddiy savollarni yuzaga keltirdi. Oʻzbekistonga bunday qurol nima uchun kerak? Nega Toshkent raketasozlik sohasida aynan Serbiya bilan hamkorlik qilishi mumkin? Bu tashabbus Rossiya manfaatlari bilan bogʻliqmi?

2026 yil 8 sentabr kuni Belgradda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston–Serbiya biznes forumida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakat taxminan bir yil ichida uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashini va bu yoʻnalishda Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Vuchichning bayonoti harbiy nuqtai nazardan ham, geosiyosiy jihatdan ham diqqatga sazovor. Chunki gap oddiy qurol yoki harbiy texnika haqida emas, balki zamonaviy urushlarda strategik ahamiyat kasb etayotgan uzoq masofali zarba vositalari haqida ketmoqda.
Biroq avvalo muhim bir jihatni taʼkidlash zarur: Serbiyaning taklifi Oʻzbekiston ballistik raketalar sotib olish yoki ularni birgalikda ishlab chiqarish haqida qaror qabul qildi, degani emas. Ochiq rasmiy maʼlumotlarda hozircha bunday aniq shartnoma yoki raketa loyihasi eʼlon qilinmagan. Demak, masalani ehtimoliy strategik ssenariylar nuqtai nazaridan tahlil qilish lozim.
Ballistik raketa nima va nega u zamonaviy urushlarda muhim?
Ballistik raketa — asosiy harakat bosqichida raketa dvigateli yordamida katta tezlikka erishib, keyin trayektoriyaning katta qismini inersiya taʼsirida, ballistik trayektoriyada erkin bosib oʻtadigan uzoq masofali zarba vositasidir. Bu xuddi samoletni motorni qoʻshib tepaga chiqib olib, keyin motorni oʻchirib qoʻyib pastga shoʻngʻishga oʻxshaydi. Bunday raketaning asosiy xususiyatlari — yuqori tezlik, katta masofa va maqsadga qisqa vaqt ichida yetib borish imkoniyatidir. Qanotli raketalardan farqi – yuqori tezlik va balandlikka erisha oladi. Hamda uzoqroqqa ucha oladi. Biroq qanotli raketalar nisbatan pastroq uchgani uchun yerdagi radarlar tomonidan aniqlanishi qiyin boʻladi.

Bunday raketalarning harbiy ahamiyati Ukrainadagi urush misolida ayniqsa yaqqol koʻrinmoqda. Rossiya Ukrainaga qarshi raketa va dronlardan iborat aralash zarba kampaniyalaridan foydalanmoqda. Ballistik raketalar bunday hujumlarda alohida ahamiyatga ega, chunki ular juda yuqori tezlikda harakat qiladi va havo mudofaasi uchun murakkab nishon hisoblanadi.
Ukraina ham oʻz navbatida uzoq masofali zarba vositalarini rivojlantirishga harakat qilyapti. Buning sababi oddiy: zamonaviy urushda front chizigʻining oʻzi yetarli nishon emas. Qoʻshinlarning ortidagi shtablar, logistika markazlari, aerodromlar, yoqilgʻi omborlari, harbiy sanoat korxonalari va boshqa muhim obʼektlar ham urushning bir qismiga aylanadi.
Shu maʼnoda, Ukraina urushi bir muhim tendensiyani namoyish etdi: uzoq masofadan zarba berish qobiliyati zamonaviy harbiy strategiyaning mustaqil omiliga aylanmoqda.
Biroq raketaga ega boʻlishning oʻzi harbiy ustunlikni taʼminlamaydi. Samarali raketa tizimi uchun yuqori aniqlikdagi navigatsiya, razvedka, nishonni aniqlash, boshqaruv tizimlari, maxsus materiallar, dvigatelsozlik, sinov poligonlari va malakali muhandislar zarur.
Shuning uchun raketa — faqat pusk qurilmasiga oʻrnatilgan mahsulot emas. U yuqori texnologiyali butun harbiy-sanoat ekotizimining yakuniy natijasi hisoblanadi. Bu nuqta Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Agar Toshkent Serbiya taklifini oʻrgansa, masala faqat tayyor raketa xarid qilishda emas, balki raketasozlikka xizmat qiladigan texnologik kompetensiyalarni shakllantirishda boʻlishi mumkin.
Oʻzbekistonga bunday qurol nima uchun kerak boʻlishi mumkin?
Bu savolga aniq javob berish hozircha qiyin. Chunki Oʻzbekiston hukumati ballistik raketalarga ehtiyoj borligini rasman eʼlon qilgan emas.
Oʻzbekistonning mudofaa doktrinasi mudofaa xususiyatiga ega boʻlib, mamlakat tashqi siyosatda harbiy bloklarga qoʻshilmaslik va tinchliksevarlik tamoyillarini taʼkidlab keladi. Shunday ekan, raketalarga ehtimoliy qiziqishni avtomatik ravishda hujumkor harbiy strategiya bilan bogʻlash notoʻgʻri boʻladi.
Zamonaviy qurolli kuchlarda uzoq masofali zarba vositalari bir nechta vazifani bajarishi mumkin. Ular ehtimoliy agressiyani tiyib turish, mamlakatning strategik obʼektlarini himoya qilish konsepsiyasini kuchaytirish va tashqi harbiy bosimga javob berish imkoniyatlarini kengaytirish vositasi sifatida koʻrilishi mumkin.
Bundan tashqari, masalaning sanoat jihati bor. Raketasozlikning rivojlanishi materialshunoslik, elektronika, mikroelektronika, dvigatelsozlik, avtomatik boshqaruv, sunʼiy intellekt, telemetriya va yuqori aniqlikdagi ishlab chiqarish texnologiyalariga talabni oshiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, raketa loyihasi mudofaa sohasidan tashqarida ham sanoat modernizatsiyasi uchun katalizator boʻlishi mumkin.
Biroq bunday dasturning narxi ham juda yuqori. Raketa texnologiyasiga investitsiya kiritish katta mablagʻ, ilmiy baza, kadrlar va uzoq muddatli strategiyani talab qiladi. Shuning uchun Oʻzbekiston uchun asosiy savol «raketaga ega boʻlish kerakmi?» emas, balki «bunday texnologiyaga sarflanadigan resurs mamlakat xavfsizligi va sanoat rivoji uchun oʻzini oqlaydimi?» degan savol boʻladi.

Nega aynan Serbiya?
Serbiyaning bu masalada Oʻzbekiston uchun qiziqarli sherikka aylanishining bir nechta sababi bor.
Birinchidan, Serbiyada Yugoslaviya davridan qolgan kuchli harbiy-sanoat baza mavjud. Mamlakatda artilleriya, oʻq-dori, bronetexnika, raketalar, dvigatellar, uchuvchisiz apparatlar va boshqa harbiy mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar faoliyat yuritadi.
Serbiya mudofaa sanoatini eksportga yoʻnaltirishni ham faol kuchaytirmoqda. Ochiq maʼlumotlarga koʻra, uning qurol-yarogʻ eksporti 2020 yildagi 384 million dollardan 2023 yilda 1,6 milliard dollargacha oʻsgan. Yaʼni, uch yil ichida eksport qiymati toʻrt barobardan ziyod oshgan. 2024 yilda Serbiya hukumati ham qurol-yarogʻ va harbiy texnika eksporti davlatga sezilarli daromad keltirishini alohida taʼkidlagan.
Reuters agentligi 2025 yil may oyida Serbiya mudofaa sanoatida bevosita 24 mingga yaqin kishi mehnat qilishi haqida xabar berdi. Prezident Aleksandr Vuchich qurol-yarogʻ eksportining ahamiyati haqida gapirar ekan, mudofaa sanoati korxonalari faoliyatini saqlab qolish va ularda ishlab chiqarish uzluksiz davom etishi zarurligini taʼkidladi. Demak, Belgrad uchun mudofaa sanoati nafaqat milliy xavfsizlik, balki iqtisodiy siyosat vositasiga ham aylanmoqda.
Ikkinchidan, Serbiya tayyor mahsulot sotish bilan cheklanib qolmasdan, texnologik hamkorlik va ishlab chiqarish kooperatsiyasi imkoniyatlarini ham taklif qilishi mumkin. Bu Oʻzbekiston uchun muhim. Chunki Toshkent soʻnggi yillarda oddiy importdan koʻra mahalliy ishlab chiqarish, texnologiya transferi va qoʻshma korxonalarga katta eʼtibor bermoqda.
Uchinchidan, Serbiyaning geosiyosiy pozitsiyasi oʻziga xos. U Rossiya bilan tarixiy va siyosiy aloqalarini saqlab qolgan, Xitoy bilan yaqin iqtisodiy hamkorlik qiladi va bir vaqtning oʻzida Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya jarayonini davom ettirmoqda. Bu Oʻzbekistonning koʻp vektorli tashqi siyosatiga maʼlum darajada mos keladi.
Serbiya Rossiyaning yaqin ittifoqchisimi?
Bu savolga «ha» yoki «yoʻq» degan javob berish yetarli emas. Serbiya Rossiya bilan yaqin munosabatlarga ega. Belgrad Moskvaga qarshi Gʻarb sanksiyalariga toʻliq qoʻshilmagan, Rossiya bilan energetika va siyosiy aloqalarni saqlab kelmoqda.
Biroq Serbiyani Rossiyaning harbiy ittifoqchisi deb atash ham haddan tashqari soddalashtirish boʻladi. Belgrad bir vaqtning oʻzida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib bormoqda, Xitoy bilan strategik iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirmoqda va Gʻarb davlatlari bilan ham yaqin aloqalarga ega. Shuning uchun Serbiya tashqi siyosatini koʻp vektorli pragmatizm sifatida baholash toʻgʻriroq. Bu holat raketalar masalasida ham muhim.
Rossiya serb raketalariga qiziqishi mumkinmi?
Nazariy jihatdan Rossiyaning serb mudofaa sanoatiga qiziqishi mumkinligini inkor etib boʻlmaydi. Moskva Serbiya bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni saqlashdan manfaatdor.
Bundan tashqari, Ukrainadagi urush raketalar, dronlar va boshqa uzoq masofali zarba vositalarining strategik ahamiyatini keskin oshirdi.
Ammo bu yerda juda muhim chegara bor. Hozircha Rossiya Serbiya orqali Oʻzbekiston bilan bogʻliq ehtimoliy raketa loyihasidan sanksiyalarni aylanib oʻtish yoki raketa olish uchun foydalanmoqchi ekani haqida ochiq tasdiqlangan dalil mavjud emas. Bunday taxminni fakt sifatida taqdim etish notoʻgʻri boʻlardi.
Raketa texnologiyalari xalqaro eksport nazoratining eng sezgir sohalaridan biri hisoblanadi. Xususan, Raketa texnologiyalarini nazorat qilish rejimi — MTCR — 300 kilometr va undan yuqori masofaga 500 kilogramm va undan ortiq yuk olib borish imkoniyatiga ega tizimlar va tegishli texnologiyalar eksportiga nisbatan qattiq cheklovlar belgilaydi. Shu sababli bunday texnologiyalarni uchinchi davlat orqali yashirin ravishda olishga urinish katta siyosiy va sanksion xavflarni keltirib chiqargan boʻlar edi.
Bundan tashqari, Serbiya va Oʻzbekistonning bunday sxemada ishtirok etishi har ikki davlatning xalqaro munosabatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun hozircha eng asosli xulosa shu: Rossiya omili tahlildan chiqarib tashlanmasligi kerak, ammo Rossiya raketalarni Serbiya yoki Oʻzbekiston orqali olish rejasi, yaʼni sanksiyalarni aylanib oʻtish fitnasi mavjudligi haqida dalillar yoʻq.
Bu Rossiya uchun qanday foyda berishi mumkin?
Bu yerda toʻgʻridan-toʻgʻri qurol olishdan koʻra bilvosita geosiyosiy manfaat haqida gapirish mumkin. Agar Serbiya mustaqil raketa texnologiyasini rivojlantirsa, uning mudofaa sanoati kuchayadi. Rossiya esa Serbiya bilan yaqin siyosiy aloqalarni saqlab qolgan holda, Balqondagi oʻz taʼsirini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Biroq bu Serbiya Rossiya nazorati ostidagi harbiy sanoat subʼektiga aylanadi, degani emas. Aksincha, Belgrad oʻzining texnologik mustaqilligini oshirishga intilayotganini koʻrsatmoqda. Shuning uchun Moskva uchun ehtimoliy foyda raketa sotib olishdan koʻra kengroq geosiyosiy taʼsir masalasida boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston uchun asosiy xavf nimada?
Toshkent Serbiya bilan har qanday harbiy-texnologik hamkorlikni koʻrib chiqsa, uchta asosiy omilga eʼtibor berishiga toʻgʻri keladi.
Birinchi omil — xalqaro huquq va eksport nazorati. Raketa texnologiyalari oddiy qurol-yarogʻdan farqli ravishda qattiq xalqaro nazorat qilinadi.
Ikkinchi omil — geosiyosiy reaksiya. Oʻzbekistonning raketasozlik sohasidagi har qanday yirik dasturi Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa davlatlari va Markaziy Osiyo mamlakatlarining diqqatini tortadi.
Uchinchi omil — iqtisodiy samaradorlik. Raketa dasturi ulkan resurslarni talab qiladi. Agar uning aniq harbiy vazifasi va uzoq muddatli sanoat strategiyasi boʻlmasa, iqtisodiy samaradorligi savol ostida qolishi mumkin.
Markaziy Osiyoda yangi qurollanish poygasi boshlanadimi?
Hozircha bunday xulosa qilishga erta. Oʻzbekistonning harbiy salohiyati oshishi qoʻshni davlatlar tomonidan albatta kuzatiladi. Biroq bitta bayonotning oʻzi Markaziy Osiyoda raketa qurollanish poygasi boshlanganini anglatmaydi. Buning uchun aniq ishlab chiqarish dasturi, moliyalashtirish, sinovlar va qurollarning real qabul qilinishi kabi bosqichlar amalga oshishi kerak.
Agar Toshkent kelajakda uzoq masofali raketa dasturini amalga oshirsa, mintaqadagi harbiy muvozanat haqidagi muhokamalar kuchayishi mumkin. Ammo bu jarayon qanday yoʻnalishda kechishi Oʻzbekistonning dasturni qanday tushuntirishiga ham bogʻliq boʻladi.
Agar loyiha mudofaa sanoatini modernizatsiya qilish, texnologik mustaqillik va tiyib turish salohiyati bilan asoslansa, uning mazmuni bir xil boʻladi. Agar u keng koʻlamli zarba berish qobiliyatini shakllantirishga qaratilsa, xalqaro reaksiya ham keskinroq boʻlishi mumkin.
Eng ehtimoliy ssenariy
Hozirgi maʼlumotlarga asoslanganda, eng ehtimoliy variant — Oʻzbekistonning darhol tayyor ballistik raketalar xarid qilishi emas. Avval texnik imkoniyatlar oʻrganilishi, keyin sanoat kooperatsiyasi muhokama qilinishi, shundan soʻng aniq loyiha boʻyicha qaror qabul qilinishi mumkin.
Bu jarayon uch yoʻnalishda rivojlanishi ehtimoldan xoli emas.
Birinchi ssenariy — texnologik hamkorlik. Oʻzbekiston Serbiyaning tajribasini oʻrganadi, mutaxassislar tayyorlaydi va raketa texnologiyalarining ayrim tarkibiy qismlari boʻyicha hamkorlik qiladi.
Ikkinchi ssenariy — sanoat kooperatsiyasi. Tomonlar birgalikda ayrim raketa tizimlari yoki ularning komponentlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi.
Uchinchi ssenariy — toʻliq strategik raketa dasturi. Oʻzbekiston uzoq masofali ballistik raketa tizimini yaratishga kirishadi. Mazkur ssenariy eng katta siyosiy va xalqaro oqibatlarga ega boʻladi. Shu sababli uning amalga oshishi hozircha eng kam aniqlikka ega variantdir.
Xulosa: gap faqat raketa haqida emas
Serbiya prezidentining 8 sentabrdagi bayonotini faqat «Oʻzbekiston ballistik raketa oladi» degan sarlavha bilan talqin qilish masalaning haqiqiy mazmunini toraytirib qoʻyadi. Bu voqeaning ortida kengroq jarayon koʻrinib turibdi.
Serbiya oʻzining mudofaa sanoatini tashqi bozorlar, texnologiya transferi va xalqaro sanoat kooperatsiyasi orqali rivojlantirishga harakat qilmoqda. Oʻzbekiston esa tashqi siyosatda koʻp vektorli yondashuvni saqlagan holda, yangi texnologik va sanoat sheriklarini izlamoqda. Shu nuqtai nazardan Serbiya Toshkent uchun qiziqarli hamkor boʻlishi mumkin.
Biroq ballistik raketalar masalasi oddiy iqtisodiy loyiha emas. U xalqaro eksport nazorati, mintaqaviy xavfsizlik, Rossiya va Gʻarb oʻrtasidagi qarama-qarshilik, Xitoyning Markaziy Osiyodagi manfaatlari va Oʻzbekistonning tashqi siyosiy muvozanati bilan bevosita bogʻliq.
Agar Belgradning sentabr oyidagi taklifi amaliy loyihaga aylansa, bu Oʻzbekiston mudofaa sanoati tarixida muhim burilish boʻlishi mumkin. Biroq muzokaralar faqat taklif darajasida qolsa, bu voqea koʻproq Serbiyaning oʻz harbiy sanoatini yangi bozorlarga olib chiqish strategiyasining bir qismi boʻlib qoladi.
Hozircha eng ehtiyotkor va asosli xulosa shu: Oʻzbekiston ballistik raketa dasturini boshlagani haqida tasdiqlangan maʼlumot yoʻq. Ammo Serbiyaning taklifi Toshkent oldiga yangi strategik tanlovni— tayyor qurol xarid qilishdan koʻra yuqori texnologiyali mudofaa sanoatida chuqur hamkorlik qilish masalasini qoʻymoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
