Pokistonda ilk bor: harbiy qoʻmondonlik hokimiyat institutiga aylanganda
Pokiston oddiy harbiy boshqaruv islohotidan ancha kengroq maʼnoga ega boʻlgan qadamni tashladi. 2026 yil avgust oyida qabul qilingan Defence Forces of Pakistan Act, 2026 bilan Chief of Defence Forces (CDF) — Mudofaa kuchlari bosh qoʻmondoni lavozimi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Unga quruqlikdagi qoʻshinlar, harbiy-dengiz kuchlari va harbiy-havo kuchlari boʻysunadi. Ushbu lavozimni birinchi boʻlib feldmarshal Osim Munir egalladi.

Pokiston parlamenti mamlakat tarixida birinchi marta armiya bosh qoʻmondoni Osim Munirga qurolli kuchlarning barcha turlari ustidan kengaytirilgan boshqaruv vakolatlarini berdi. Endilikda u quruqlikdagi qoʻshinlar bilan bir qatorda harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlariga ham yakkabosh qoʻmondonlik qiladi.
Yangi tartibga koʻra, Munir Vazirlar Mahkamasining alohida roziligisiz qurolli kuchlarning barcha turlarida xizmat qilayotgan harbiylarni lavozimidan ozod qilish, zaxiraga oʻtkazish yoki xizmatda qoldirish huquqiga ega.
Uning mazkur lavozimdagi vakolat muddati besh yilni tashkil etib, kamida 2030 yilgacha davom etadi. Shuningdek, unga feldmarshal unvoni berilgani munosabati bilan bu maqom umrbod saqlanishi belgilangan.
Yangi qonun Munirga umrbod huquqiy daxlsizlik ham kafolatlaydi. Uni lavozimidan chetlatish masalasi esa parlamentda oddiy koʻpchilik bilan emas, balki malakali koʻpchilik ovozi bilan hal etiladi.
Tarixdagi ilk vakolat
Taʼkidlash kerak, bu yoʻl bilan Pokiston oddiy harbiy boshqaruv islohotidan ancha kengroq maʼnoga ega boʻlgan qadamni tashladi. 2026 yil avgust oyida qabul qilingan Defence Forces of Pakistan Act, 2026 bilan Chief of Defence Forces (CDF) — Mudofaa kuchlari bosh qoʻmondoni lavozimi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Unga quruqlikdagi qoʻshinlar, harbiy-dengiz kuchlari va harbiy-havo kuchlari boʻysunadi. Ushbu lavozimni birinchi boʻlib feldmarshal Osim Munir egalladi va u bir vaqtning oʻzida armiya bosh qoʻmondoni lavozimini ham saqlab qoldi. Pokiston Milliy Assambleyasi mazkur qonunni 2026 yil 20 avgustda rasmiy ravishda qonunlar roʻyxatiga kiritdi.
Biroq vaziyatni tushunish uchun muhim xronologik aniqlik kiritish lozim. Hozirgi tizim 2026 yilda “osmondan tushib” qolmadi. 2025 yil noyabr oyida qabul qilingan 27-konstitutsiyaviy tuzatish bilan uning konstitutsiyaviy poydevori qoʻyilgan edi. Ushbu tuzatish Qoʻshma shtab boshliqlari qoʻmitasi raisi lavozimini tugatib, armiya bosh qoʻmondoniga bir vaqtning oʻzida CDF maqomini berdi. Keyinchalik armiya, harbiy-havo kuchlari va harbiy-dengiz kuchlari toʻgʻrisidagi qonunlarga kiritilgan oʻzgartishlar hamda 2026 yilgi qonun ushbu konstitutsiyaviy modelni amaliy boshqaruv tizimiga aylantirdi.
Demak, gap bu yerda faqat bitta generalning vakolatlarini kengaytirish haqida ketmayapti. Pokistonda uchta qurolli kuch turi oʻrtasidagi vakolatlar taqsimoti va shu bilan birga fuqarolik davlati bilan harbiy elita oʻrtasidagi kuchlar muvozanatining oʻzi oʻzgarmoqda.
Muvofiqlashtirishdan - yagona qoʻmondonlikka
Islohotdan oldin bunga eng yaqin institut 1976 yilda tashkil etilgan Chairman Joint Chiefs of Staff Committee — Qoʻshma shtab boshliqlari qoʻmitasi raisi lavozimi edi. Biroq bu, asosan, muvofiqlashtiruvchi institut boʻlib, uning rahbari harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari ustidan toʻliq operativ qoʻmondonlik vakolatiga ega emas edi.
Yangi CDF lavozimining asosiy farqi aynan shunda. Endi federal hukumatdan harbiy qismlargacha boʻlgan aniq qoʻmondonlik vertikali shakllantirildi va CDF barcha qurolli kuchlarning real operativ qoʻmondoniga aylandi.
Harbiy nuqtai nazardan hukumatning dalillari mantiqiy koʻrinadi. Zamonaviy urush endi alohida quruqlik, havo yoki dengiz operatsiyalaridan iborat emas. Dronlar, kiberoperatsiyalar, sunʼiy yoʻldosh razvedkasi, raketalar va uchuvchisiz tizimlar yagona rejalashtirishni talab qiladi. Hindiston bilan chegaradagi inqiroz yoki mintaqaviy eskalatsiya xavfi paytida yagona qaror markazi byurokratik kechikishlarni kamaytirishi mumkin.
Islohot tarafdorlari aynan shu jihatni uning asosiy maqsadi sifatida koʻrsatmoqda: qoʻshin turlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, alohida tuzilmalar oʻrtasidagi raqobatni kamaytirish va qaror qabul qilishni tezlashtirish.
Isteʼfodagi general Naim Xolid Lodhi CDFni «haqiqiy qoʻmondon» sifatida tavsiflagan va avvalgi institut bunday vakolatga ega boʻlmaganini taʼkidlagan. Ammo boshqaruv samaradorligi bilan hokimiyatning markazlashuvi bir xil narsa emas.
Nega islohot xavotir uygʻotadi?
Asosiy siyosiy savol CDF buyruqlarni qanchalik tez bera olishida emas. Asosiy savol — agar harbiy rahbariyatning siyosiy qarorlari mudofaa boshqaruvi doirasidan chiqib ketsa, uni kim toʻxtata oladi?
Bu yerda Pokistonning tarixiy tajribasi alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda harbiylarning siyosatdagi roli tarixan juda kuchli boʻlgan. Siyosatshunos Oqil Shoh Pokiston tizimini uzoq vaqt davomida shakllangan «pretorian» tartib sifatida tavsiflaydi: yaʼni qurolli kuchlar oʻnlab yillar davomida davlat siyosatining markaziy institutlaridan biri boʻlib kelgan.
Pokiston 1958, 1977 va 1999 yillarda harbiy toʻntarishlarni boshdan kechirgan, 1969 yilda esa harbiy hokimiyat ichida almashinuv yuz bergan. Toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita harbiy boshqaruv davrlari fuqarolik institutlari vakolatlarini uzoq vaqt cheklab kelgan.
Shuning uchun bugungi islohotni fuqarolik nazorati barqaror shakllangan davlatlardagi oddiy qoʻmondonlik islohoti bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Ayniqsa kadrlar masalasi nozik masala. Yangi modelda uch turdagi qurolli kuchlarning yuqori martabali harbiy xizmatchilariga oid qarorlar quruqlikdagi qoʻshinlar vakili boshchiligidagi vertikal tizimning bir qismiga aylanadi. Tanqidchilar bu holat rasmiy jihatdan mustaqil boʻlgan dengiz va havo kuchlarini amalda armiya markaziga qaram qilib qoʻyishi mumkinligini taʼkidlamoqda.
Huquqshunoslar esa CDFning kadrlar boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolati kengayganiga va avvalgi hukumat bilan kelishish tartiblarining qisqarganiga eʼtibor qaratmoqda. Demak, oʻzgarish nafaqat operativ, balki institutsional hokimiyatga ham taalluqlidir.
Armiya dengiz va havo kuchlaridan ustun mavqega ega boʻlmoqda
Strategik qoʻmondonlik masalasi ayniqsa muhim. 2025 yilgi konstitutsiyaviy islohot doirasida National Strategic Command qoʻmondoni lavozimi joriy etilib, bu lavozim armiya vakiliga tegishli boʻlishi belgilandi. Shu bilan birga, besh yulduzli harbiy unvon bilan bogʻliq umrbod maqom va huquqiy himoya normalari ham kiritildi.
Yadroviy qurolga ega davlatda bunday markazlashuvning ahamiyati yanada yuqori. Oddiy harbiy tizimda qaysi qoʻshin turi koʻproq institutsional taʼsirga ega ekanligi byurokratik muvozanat masalasidir. Yadroviy davlatda esa bu davlatning strategik boshqaruvi masalasiga aylanadi.
Shu bilan birga, yagona qoʻmondonlik avtomatik ravishda Pokistonni harbiy diktaturaga aylantiradi, deb aytish notoʻgʻri. Prezident, bosh vazir, parlament va fuqarolik hukumati konstitutsiyaviy jihatdan saqlanib qolmoqda. Hukumatning oʻzi ham islohotni mudofaa ustidan davlat boshqaruvini kuchaytirish vositasi sifatida izohlamoqda.
Ammo siyosatshunoslik faqat rasmiy institutlarni oʻrganmaydi. U resurslar, kadrlar, axborot va yakuniy qaror qabul qilish huquqining amaldagi taqsimotini ham tahlil qiladi. Agar bitta institut qurolli kuchlarning eng yirik qismini nazorat qilsa, strategik qoʻmondonlikda hal qiluvchi rolga ega boʻlsa va kengaytirilgan kadrlar vakolatini olsa, uning siyosiy ogʻirligi tabiiy ravishda ortadi.
Nega aynan Osim Munir?
Bugungi vaziyatning oʻziga xosligi shundaki, yangi tizim mavhum institutlar sharoitida emas, aniq shaxs atrofida shakllandi. Birinchi CDF — 2022 yil noyabridan buyon armiya bosh qoʻmondoni boʻlib kelayotgan Osim Munir shunday shaxs. U 2025 yil may oyida feldmarshal unvonini oldi. Bu Pokistonda qariyb oltmish yil ichida ilk shunday oʻsish hisoblanadi.
Bu Hindiston bilan 2025 yil may oyida yuz bergan toʻrt kunlik qurolli toʻqnashuvdan keyin sodir boʻldi. Mojaro armiya va shaxsan uning qoʻmondonining mamlakat siyosiy hayotidagi ahamiyatini keskin oshirdi. Oʻsha yil iyun oyida Munir AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashdi. Uchrashuvda uning yonida Pokistonning fuqarolik rahbariyatidan vakil boʻlmagani harbiy rahbarning xalqaro mavqei qanchalik oshganini koʻrsatuvchi ramziy voqea boʻldi.
Endi yangi huquqiy tizim uning markaziy mavqeini institutsional jihatdan mustahkamlamoqda. Biroq bu holatni shaxsiy diktatura sifatida talqin qilish shart emas. Ancha muhim jihat — Munirdan keyin ham saqlanib qolishi mumkin boʻlgan modelning yaratilayotganidir. Konstitutsiyaviy va qonunchilik normalari alohida generalning favqulodda mavqeini doimiy institutsional amaliyotga aylantirishi mumkin.
Endi nima boʻladi?
Birinchi ssenariy — optimistik. Yagona CDF armiya, harbiy-havo kuchlari va harbiy-dengiz kuchlari oʻrtasidagi hamkorlikni yaxshilaydi, mudofaa rejalashtirish samaradorligini oshiradi va Pokistonga xavflarga tezroq javob berish imkonini beradi. Hindiston bilan raqobat va dron hamda raketa texnologiyalarining ahamiyati ortib borayotgan sharoitda bu Islomobodga muayyan harbiy ustunlik berishi mumkin.
Ikkinchi ssenariy — institutsional. Armiya davlatning yanada ustun institutiga aylanadi, fuqarolik hukumati esa rasmiy vakolatlarini saqlab qolgan holda Hindiston, Afgʻoniston, yadroviy siyosat va tashqi ittifoqlar kabi strategik masalalarda harbiy rahbariyat pozitsiyasini hisobga olishga tobora koʻproq majbur boʻladi.
Uchinchi ssenariy — inqirozli. Agar fuqarolik rahbariyati bilan CDF oʻrtasida jiddiy ziddiyat yuzaga kelsa, yangi tizim qarama-qarshiliklarni yoʻqotish oʻrniga ularni yanada xavfli qilishi mumkin. Chunki endi harbiy vertikalning katta qismi bitta markazda jamlanadi.
Eng ehtimoliy ssenariy ikkinchisidir: klassik harbiy diktatura emas, balki fuqarolik-harbiy dualizmning yanada institutsionallashuvi. Bunda fuqarolik organlari konstitutsiyaviy vakolatlarini saqlaydi, biroq armiya xavfsizlik va strategik siyosatda yanada mustahkam mavqega ega boʻladi.
Tarixiy paradoks
Pokiston islohoti tarixiy paradoksni yuzaga keltirmoqda. Parlament — yaʼni fuqarolik konstitutsiyaviy instituti — harbiy vertikalning kuchayishini qonun orqali mustahkamlamoqda. Bu klassik harbiy toʻntarishdan tubdan farq qiladi: armiya hokimiyatni toʻgʻridan-toʻgʻri egallamayapti.
Aksincha, harbiy hokimiyat nafaqat amaliy, balki huquqiy shakl ham olyapti. Shuning uchun islohotning oqibatlari Munir yoki uning vorislari qurolli kuchlarni qanchalik samarali boshqarishi bilan emas, balki Pokiston harbiy tizimi ustidan siyosiy nazorat mexanizmi saqlanib qolishi bilan oʻlchanadi.
Agar parlament, sudlar, hukumat va siyosiy partiyalar real nazoratni amalga oshira olsa, yangi tuzilma zamonaviy yagona qoʻmondonlik tizimiga aylanishi mumkin. Agar nazorat asosan rasmiy boʻlib qolsa, islohot Pokiston davlatining ogʻirlik markazini fuqarolik institutlaridan armiya tomon yanada siljitgan boʻladi.
Boshqacha aytganda, Pokiston avtomatik ravishda avvalgi harbiy rejimlarga qaytmayapti. Ammo mamlakat Osiyoning eng muhim va ayni paytda eng zaif yadroviy davlatlaridan birida harbiy hokimiyatning butun qurolli kuchlar tizimi ustidan institutsional ustunligini tarixda misli koʻrilmagan darajada aniq huquqiy shaklga keltiruvchi tizimni yaratmoqda. Shu bois 2025–2026 yillardagi voqealarni Pokiston harbiy rahbariyatidagi navbatdagi kadrlar almashinuvi sifatida emas, balki fuqarolik-harbiy munosabatlar qoidalarining qayta yozilishi sifatida baholash kerak.
Abulfayz Sayidasqarov
