Murojaatlarni koʻrib chiqishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan 151 amaldor ishdan olindi
Yanvar-avgust oylarida Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taʼsir choralari koʻrish boʻyicha jami 5 486 ta hujjat kiritildi.

Murojaatlarni koʻrib chiqishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan 151 amaldor ishdan olindi.
2026 yilning yanvar-avgust oylarida Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda yoʻl qoʻygan kamchiliklari yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga taʼsir choralari koʻrish boʻyicha jami 5 486 ta hujjat kiritildi.
2026 yilning yanvar-avgust oylari davomida fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini taʼminlash hamda qonunbuzilish holatlarining oldini olish borasida tizimli tadbirlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida soha boʻyicha jami 1 386 ta taqdimnoma, 642 ta talabnoma, 495 ta axborot hamda 2 963 ta koʻrsatma kiritildi.

Oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, kiritilgan hujjatlarning asosiy qismi quyidagi vazirlik va idoralar hissasiga toʻgʻri keladi:
Eng koʻp taqdimnomalar:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (233 ta), Mahallalar uyushmasi (218 ta) hamda Majburiy ijro byurosi (158 ta) tizimlariga kiritilgan.
Eng koʻp koʻrsatmalar: Mahallalar uyushmasi (246 ta), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (212 ta) va Sogʻliqni saqlash vazirligi (210 ta) tizimlariga berilgan.
Eng koʻp talabnomalar: Mahalliy hokimliklar (62 ta), Sogʻliqni saqlash vazirligi (59 ta) hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi (47 ta) tizimlariga yuborilgan.
Murojaatlarni koʻrib chiqishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan va qonunbuzilish holatlarini sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy taʼsir choralari koʻrildi:
Rasman ogohlantirish: 1 335 ta
Hayfsan: 833 ta
Lavozimidan ozod etish: 151 ta
Maʼmuriy javobgarlik: 150 ta
Jarima: 89 ta
Lavozimi pasaytirilishi: 8 ta
Maʼnaviy ziyon uchun kompensatsiya: 3 ta
Moddiy zarar qoplanishi: 1 ta
Murojaatlar bilan ishlash sohasida ijro intizomini mustahkamlash va fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilish borasidagi nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
