Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni hududiga dron hujumlarini qoraladi
TIV davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qatiy rioya etilishi zarurligini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni hududiga dron hujumlari boʻyicha bayonot berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada yomonlashuvi, jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligi hududiga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari munosabati bilan chuqur xavotir bildirdi.
Tinch aholiga, fuqarolik va energetika infratuzilmasi obʼektlariga qarshi kuch ishlatish bilan bogʻliq, shuningdek, mintaqa davlatlari xavfsizligi va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi har qanday harakatlar keskin qoralangan.
"Xalqaro huquq normalariga, jumladan, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qatiy rioya etilishi zarur, deb hisoblaymiz.
Yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish faqat siyosiy-diplomatik vositalar orqali, muloqot va oʻzaro hurmat asosida amalga oshirilishi lozim", deyiladi TIV rasmiy bayonotida.
Vazirlik Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa davlatlarining Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatish, mojaroning yanada kengayishining oldini olish va barqaror tinchlik oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
