platina.uz
Maqola

Husiylar — Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonlariga yangi tahdid subʼekti

Husiylar bir necha yildan beri Yaman siyosiy va harbiy hayotining muhim ishtirokchisi hisoblanadi. Biroq hozirgi vaziyat avvalgi bosqichlardan jiddiy farq qiladi. Ilgari asosiy kurash Yamandagi hududlar ustidan nazorat uchun olib borilgan boʻlsa, endi harakatning geografik joylashuvi xalqaro ahamiyat kasb etadi.  Bob-ul-Mandib — Qizil dengiz bilan Adan qoʻltigʻini bogʻlovchi muhim dengiz yoʻlaklaridan biri. Osiyoni Yevropa bilan Suvaysh kanali orqali bogʻlovchi savdo oqimlarining katta qismi shu mintaqaga bogʻliqdir.

Husiylar — Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonlariga yangi tahdid subʼekti

Yaqin Sharq navbatdagi xavfli qarama-qarshilik bosqichiga kirmoqda. Agar yaqin vaqtgacha mintaqadagi asosiy ziddiyat chiziqlari Eron — Isroil, Eron — AQSh hamda Isroil — «Hizbulloh» munosabatlari atrofida shakllangan boʻlsa, endi Yaman fronti tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Shia jangarilari va buzgʻunchilari - husiylarning «Ansor Alloh» harakati Yamandagi fuqarolik urushi ishtirokchisidan Saudiya Arabistoni xavfsizligi, Qizil dengizdagi kemalar qatnovi, jahon neft narxlari va diplomatik kelishuvlar istiqboliga taʼsir qila oladigan mustaqil omilga aylanmoqda.

Ayniqsa, shu kunlarda voqealar tashvishli tus oldi. 10 sentabr kuni husiylar Qizil dengiz sohilidagi strategik ahamiyatga ega Moxa portini egalladi va Bob-ul-Mandib boʻgʻozi tomon ilgariladi. Reuters maʼlumotlariga koʻra, husiylar Hanish orollari hududiga ham yaqinlashgan. BMTning Yaman boʻyicha maxsus vakili Hans Grundberg vaziyatni urushning «yangi va yanada xavfli bosqichi» deb baholadi.

Mahalliy mojarodan mintaqaviy inqirozga

Husiylar bir necha yildan beri Yaman siyosiy va harbiy hayotining muhim ishtirokchisi hisoblanadi. Biroq hozirgi vaziyat avvalgi bosqichlardan jiddiy farq qiladi. Ilgari asosiy kurash Yamandagi hududlar ustidan nazorat uchun olib borilgan boʻlsa, endi harakatning geografik joylashuvi xalqaro ahamiyat kasb etmoqda.

Bob-ul-Mandib — Qizil dengiz bilan Adan qoʻltigʻini bogʻlovchi muhim dengiz yoʻlaklaridan biri. Osiyoni Yevropa bilan Suvaysh kanali orqali bogʻlovchi savdo oqimlarining katta qismi shu mintaqaga bogʻliq. Shuning uchun husiylarning dengiz qatnoviga taʼsir oʻtkazish imkoniyati endi faqat Saudiya Arabistoni yoki Yaman uchun emas, balki xalqaro savdo uchun ham xavf tugʻdirmoqda.

Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan omil — Hurmuz boʻgʻozi atrofidagi keskinlikning saqlanib qolayotganidir. Reuters taʼkidlaganidek, Hurmuzdagi harakat cheklanayotgan bir paytda husiylarning Bob-ul-Mandib tomon siljishi energetika uchun bir vaqtning oʻzida ikki muhim dengiz yoʻnalishiga bosim oʻtkazish xavfini paydo qilmoqda. Shu jihatdan husiylar muammosi oddiy mintaqaviy mojarodan global energetika inqirozining bir qismiga aylanishi mumkin.

Nega eronparast kuchlar Saudiya Arabistoniga hujum qilyapti?

Husiylarning harakatlari, avvalo, Saudiya Arabistoni uchun bevosita xavf tugʻdirmoqda. Soʻnggi kunlarda harakat Saudiyaning janubiy hududlari va energetika infratuzilmasiga zarbalar berdi. Saudiya rasmiylari 8 sentabrdagi hujumlar oqibatida oʻnlab odam jabrlanganini maʼlum qildi.

Shundan keyin husiylar Qizil dengiz sohili boʻylab janubga qarab ilgariladi. Moxa portining egallanishi katta strategik ahamiyatga ega, chunki shahar Bob-ul-Mandib yoʻnalishiga yaqin joylashgan.

Bu vaziyat Saudiya uchun yana bir sababga koʻra muhim. Qirollik Hurmuz boʻgʻozi bilan bogʻliq muammolar sharoitida neft eksportini Qizil dengiz orqali amalga oshirish imkoniyatlarini saqlab qolishga harakat qilmoqda.

11 sentabr kuni Saudiyadagi muqaddas shahar - Madina janubi-sharqidagi Saudiyaning Sharq — Gʻarb neft quvuriga husiylar zarba bergan boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Yer sunʼiy yoʻldoshlari maʼlumotlarida quvur yoʻnalishi atrofida katta yongʻin qayd etilgan. Biroq maqola tayyorlanayotgan paytda quvurning oʻzi zarbaga uchragani mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan edi. Shuning uchun bu maʼlumotni jiddiy, ammo hozircha tasdiqlanmagan xabar sifatida baholash kerak.

Agar bunday hujum uyushtirilgani tasdiqlansa, uning oqibatlari Saudiya — Yaman mojarosidan ancha kengroq ahamiyat kasb etadi. Chunki bu quvur Saudiya neftini Qizil dengizga olib chiqishda Hurmuz boʻgʻozini chetlab oʻtish imkonini beruvchi muhim yoʻnalishdir.

Nega AQSh yangi front ochishga shoshilmayapti?

Shu paytgacha Saudiya Arabistoni, boshqa boy Xalij davlatlari kabi AQShning harbiy himoyasiga ishonib kelishgan. Biroq 2026 yilda Eron (ASh bilan hamkorligini bahona qilib) ularga ham bemalol raketa zarbalari berib, katta talofot yetkaza boshladi va bu buzgʻunchi harakatlar hamon toʻxtagani yoʻq. Yaʼni AQShning arab davlatlarini Erondan himoya qilish qobiliyati savol ostida qolmoqda.

Shunday boʻlsada, Axios maʼlumotlariga koʻra, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 10 sentabr kuni prezident Donald Tramp bilan ikki marta telefon orqali gaplashib, AQShni husiylarga zarba berishga chaqirgan. Biroq Tramp AQShning husiylarga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy amaliyotga kirishishini rad etgan.

Bu qarorning sababi tushunarli. AQShning asosiy diqqati hozir Eron bilan qarama-qarshilik va Hurmuz boʻgʻozidagi xavfsizlik masalalariga qaratilgan.

Vashington uchun dilemma shundan iboratki, bir tomondan, Qizil dengizda kemalar qatnovining erkinligi Amerika manfaatlariga mos keladi. Ikkinchi tomondan esa, AQShning Yamandagi urushga bevosita kirishi Eron bilan mojaroga yana bir front qoʻshib, uning yanada kengayishiga olib kelishi mumkin.

Axios xabar berishicha, AQSh Saudiyaga razvedka maʼlumotlari va boshqa yordam turlarini taqdim etishni kuchaytirmoqda, ammo hozircha janglarda bevosita ishtirok etishdan qochayapti.

Bu muhim siyosiy signal: Vashington Eron bilan qarama-qarshilikni bir vaqtning oʻzida Yaman urushiga aylantirib yubormaslikka harakat qilmoqda. Lekin The Wall Street Journal maʼlumotlariga koʻra, AQSh maʼmuriyatidagi ayrim yuqori lavozimli maslahatchilar Eron bilan mojaro Tramp prezidentlik muddatining oxiri — 2029 yil yanvargacha davom etishi mumkinligini tan olmoqda. Agar Eron kuchsizlansa va “urushqoqlik” tishi sindirilsa, mintaqadagi eronparast jangarilar ham buzgʻunchilik harakatlari moliyaviy yordamsiz qoladi va sunniy davlatlarga tahdid qilishga zaiflik qilib qoladi.

Eron omili

Eng muhim savollardan biri — husiylarning Erondan qanchalik mustaqil harakat qilayotganidir.

Tehron husiylar ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri nazorat oʻrnatganini rasman rad etadi. Biroq Reuters Yaman, Eron va mintaqadagi manbalarga tayanib, husiylarning Qizil dengiz sohili boʻylab soʻnggi ilgarilashi Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi vakillarining bevosita koʻrsatmalari bilan amalga oshirilgani haqida xabar berdi.

Qolaversa, Reuters’ning joriy yil 14 iyul kuni chop etilgan “Analysis — After Hormuz, Iran turns to Red Sea gateway as new pressure point” nomli tahliliy materialida taʼkidlanishicha, Hurmuz boʻgʻozi orqali kemalar qatnovi toʻxtatilganidan soʻng, Eron Yamandagi oʻz ittifoqchisi boʻlgan husiylardan Bob-ul-Mandib boʻgʻozini yopish uchun foydalanish imkoniyatini ishora qilgan. Bu esa AQShga qoʻshimcha bosim oʻtkazish va bir vaqtning oʻzida energetika uchun muhim boʻlgan ikki dengiz yoʻnalishiga tahdid solish imkonini beradi.

Shu bilan birga, husiylarni Eronning oddiy «qoʻgʻirchogʻi» sifatida koʻrish ham toʻgʻri emas. Harakatning oʻz siyosiy maqsadlari, ijtimoiy tayanchi va Yamanga oid manfaatlari mavjud.

Biroq strategik manfaatlarning uygʻunligi yaqqol koʻrinadi. Eron uchun Bob-ul-Mandib orqali bosim oʻtkazish AQSh va uning ittifoqchilariga nisbatan qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin. Husiylar uchun esa xalqaro ahamiyatning ortishi siyosiy taʼsir va muzokaralardagi mavqeni kuchaytiradi.

Shunday qilib, oʻzaro manfaatga asoslangan oʻziga xos tizim shakllanmoqda: Eron qoʻshimcha mintaqaviy taʼsir vositasiga ega boʻladi, husiylar esa oʻz harbiy-siyosiy imkoniyatlarini xalqaro siyosiy resursga aylantirish imkonini qoʻlga kiritadi.

Yamandagi tinchlik jarayoni uchun yangi xavf

Bu yerda paradoks bor. Husiylar eskalatsiyasi Saudiya — Yaman qarama-qarshiligi bir necha yil davomida nisbatan pasayganidan keyin kuchaymoqda. 2022 yilda erishilgan sulh toʻliq tinchlik kelishuviga aylanmagan boʻlsa-da, janglar intensivligini sezilarli darajada pasaytirgan edi. Endi Moxaning egallanishi ana shu nozik muvozanatni buzishi mumkin. Chunki husiylar nafaqat hududiy mavqeini yaxshilamoqda, balki muhim transport yoʻnalishiga taʼsir oʻtkazish imkoniyatini ham kuchaytirmoqda.

Bu muzokaralar mantigʻini ham oʻzgartiradi. Strategik sohil hududini nazorat qiluvchi tomon muzokara stolida qoʻshimcha argumentlarga ega boʻladi. Ammo raqiblar bu jarayonni tinchlik vositasi emas, kurashning davomi sifatida qabul qila boshlashi mumkin.

Isroil omili

Baʼzan yordam dushman tarafidan ham keladi. Ayniqsa oʻzaro maqsad va manfaatlar mos kelsa. Shu kunlarda eronparast shia jangarilari Tehron qoʻllovi bilan sunniy davlatlarga tahdidni kuchaytirgan. Tehron Suriyadagi shia hukumatidan ayrilganiga, Suriyada nihoyat tinchlik va osoyishta hayot oʻrnatilayotganiga hamon chiday olmayotgan koʻrinadi. Chunki Oyatullo rejimining tashqi siyosati – Turkiya amaldorlaridan biri aytganidek, Isroilning tashqi militaristik siyosatiga judayam oʻxshab ketadi. Eron oʻz xalqi farovonligini yaxshilash emas, tinimsiz jang va kurash boʻlib turishidan manfaatdordek koʻrinadi. Doimiy tashqi dushman va obrazi va goʻyoki unga qarshi kurash - xalqni hukumat atrofida jipslashtiradi, hukumatning iqtisodiyot va ijtimoiy siyosati yomonligini xaspoʻshlaydi.

Shu nuqtai nazardan Livanning Al-Akhbar gazetasi tarqatgan xabarlar ham diqqatga sazovor. Husiy buzgʻunchilari sunniy musulmonlar qoniga tashnaligini yashirmaydi. Isroil ham husiylarni oʻz xavfsizligiga katta tahdid sifatida koʻradi.

Bunday umumiy dushmanga qarshi kurashga Isroil ham yordam bermoqchi boʻlyapti.

Nashr Amerika diplomatik manbalariga tayanib, Binyamin Netanyaxu husiylarga qarshi keng koʻlamli harakatlarda ishtirok etish imkoniyatini koʻrib chiqayotgani, bu esa Eron va «Hizbulloh»ga qarshi umumiy bosim bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini yozdi.

Biroq bu maʼlumotlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish lozim. Bu yerda gap nomlari ochiqlanmagan manbalarga asoslangan xabar haqida ketmoqda va Isroil hukumatining bunday qaror qabul qilgani mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.

Shu bilan birga, ssenariyni siyosiy jihatdan mutlaqo istisno qilib boʻlmaydi. Agar Isroil haqiqatan ham husiylarga qarshi front ochsa, Yaman masalasi Saudiya — Eron munosabatlari doirasidan chiqib, Isroil — Eron qarama-qarshiligining bevosita qismiga aylanadi. Bu esa butun mintaqada eskalatsiya xavfini keskin oshiradi.

Pokiston nega hozircha aralashmayapti?

Pokistonning pozitsiyasi ham muhim. Avgust oyida Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston oʻrtasida oʻzaro mudofaa boʻyicha kelishuv imzolanganidan keyin husiylarning Saudiyaga hujumlari ushbu kelishuvni amalda ishga tushirishi mumkinmi, degan savol paydo boʻldi.

10 sentabr kuni Pokiston TIV vakili Sajjad Haydar Xon kelishuv doirasida hozircha harbiy javob masalasi muhokama qilinmaganini bildirdi. U Pokiston zarurat tugʻilgan paytda kelishuvga muvofiq harakat qilishini taʼkidladi.

Bu ehtiyotkorlik tasodifiy emas. Islamabod Saudiya xavfsizligini qoʻllab-quvvatlasa-da, oʻzaro mudofaa kelishuvining avtomatik ravishda Yamandagi urushda ishtirok etish mexanizmiga aylanishini istamayapti. Demak, hatto Saudiya xavfsizligidan manfaatdor davlatlar ham mojaroni yanada kengaytirish xavfini tushunmoqda.

Energetika — asosiy global xavf

Iqtisodiy oqibatlar allaqachon namoyon boʻlmoqda. Yamandagi voqealar va Hurmuz boʻgʻozidagi keskinlik fonida neft narxlari keskin oshdi. Reuters maʼlumotlariga koʻra, Brent neftining narxi 105 dollardan yuqoriga koʻtarildi.

Agar Hurmuz va Bob-ul-Mandib boʻgʻozlari bir vaqtning oʻzida jiddiy cheklansa, jahon iqtisodiyoti oddiy narx oshishidan ham kattaroq muammoga duch kelishi mumkin. Ayniqsa Osiyo va Yevropa davlatlari, yaʼni neft importi va dengiz tashuvlarining barqarorligiga koʻproq bogʻliq mamlakatlar xavf ostida qoladi.

Xulosa

Husiylar Yaqin Sharq uchun yangi tahdidga aylangani ularning mintaqada toʻsatdan paydo boʻlganini anglatmaydi. Yangi jihat — mintaqaviy qarama-qarshilikning oʻzi oʻzgarganida. Bugun harakat Yamanning shimoli va gʻarbida katta taʼsirga ega, Saudiya Arabistoni xavfsizligiga taʼsir koʻrsata oladi va dunyodagi eng muhim dengiz yoʻlaklaridan biriga yaqin hududda joylashgan. Shu bilan birga, Eron atrofidagi mojaro Hurmuz boʻgʻozidagi inqiroz bilan birlashmoqda.

Asosiy xavf ham ana shu ikki inqirozning bir nuqtada tutashishida. Agar Bob-ul-Mandib energetika urushidagi ikkinchi yirik frontga aylansa, diplomatiya uchun mavjud imkoniyatlar keskin qisqaradi. Har bir yangi hujum Saudiya Arabistoni, AQSh, Isroil va Eronga nisbatan siyosiy bosimni oshiradi. Har bir javob harakati esa eskalatsiya ehtimolini yanada kuchaytiradi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid