platina.uz
Maqola

Folklend orollari: Argentina va Britaniya oʻrtasidagi bahs yana alanga oldi

Folklend orollarining geografik joylashuvi ularning siyosiy va strategik ahamiyatini ham belgilab beradi. Arxipelag Janubiy Amerika qirgʻoqlariga yaqin boʻlishiga qaramay, Buyuk Britaniyadan minglab kilometr uzoqda joylashgan. Shu bilan birga, orollar Janubiy Atlantikadagi dengiz yoʻllari, baliqchilik hududlari, Antarktidaga olib boruvchi yoʻnalishlar va istiqbolli neft konlari yaqinida joylashgan. 

Folklend orollari: Argentina va Britaniya oʻrtasidagi bahs yana alanga oldi

Bir oycha avval yakunlangan Futbol boʻyicha Jahon chempionatida Argentina va Angliya terma jamoalari toʻqnashganda, argentinaliklar “Malvin orollari uchun koʻrsatib qoʻyamiz!”, “gʻalaba uchun oʻynaymiz”, deyishdi. Va Argentina milliy jamoasi 2:1 hisobida gʻalaba qozondi.

1986 yilgi Jahon chempionatida ham Argentina Angliyani 2:1 hisobida magʻlub etgan. Marhum futbol yulduzi Diyego Maradona keyinchalik bu gʻalabani Folklend urushidagi magʻlubiyat uchun «qasos» sifatida qabul qilganini aytgan edi.

Oradan yillar oʻtib, bir paytlar qurolli toʻqnashuvga sabab boʻlgan mojaro yana kun tartibiga chiqmoqda. Bir paytlar yonib, keyinchalik chala tutab yotgan mojaro endi yana alangalanmoqda. U endi rasmiylar tiliga koʻchyapti.

Argentina prezidenti Xaver Miley rasmiy Londonga qarshi bosimni kuchaytiryapti, AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning avvalgi pozitsiyasini qayta koʻrib chiqishga shamaʼ qilmoqda, neft esa Janubiy Atlantikadagi eski hududiy bahsni resurslar uchun kurashga aylantirmoqda.

Mojaroli bayonot

Argentina Prezidenti Xaver Miley 2026 yil 3 sentabr kuni millatga qilgan rasmiy murojaatida Malvin orollari «tarixan va huquqan Argentinaga tegishli» ekanini bildirdi. Prezident 1833 yildagi Britaniya okkupatsiyasini tilga olib, orollardagi bugungi holatni mustamlakachilik deb atadi. Shuningdek, u orollarda neft qazib olish bilan bogʻliq qonun loyihasi tayyorlanayotganini maʼlum qildi.

Uning aytishicha, «Dunyo hamjamiyatiga aniq aytmoqchiman va Argentinaning pozitsiyasini bildirmoqchiman: Malvin (Folklend) orollari tarixan va huquqan Argentinaga tegishli. Bu masalada hech qanday bahs boʻlishi mumkin emas.

Ushbu orollar millatimiz shakllana boshlagan davrdan buyon Argentina hududining bir qismi boʻlib kelgan. 1833 yilda Buyuk Britaniya Malvin (Folklend) orollarini egallab, Argentina hokimiyati vakillarini chiqarib yuborgan hamda bugunga qadar davom etib kelayotgan mustamlakachilik holatini yuzaga keltirgan.

Shu sababli, orollarning amaldagi aholisi bosib olingan hududga keyinchalik koʻchirib keltirilgan aholi sifatida qaralishi lozim. Binobarin, ularning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi masalasida Argentina oʻz pozitsiyasida qoladi va orollarda oʻtkazilgan referendumlarga tayanib keltiriladigan dalillarni haqiqiy deb hisoblamaydi».

Shuningdek, Miley Buyuk Britaniya «inqiroz yoʻlidan ketayotgani»ni taʼkidladi.

«Buyuk Britaniya inqiroz yoʻlidan ketayotgani aniq koʻrinib turibdi. Shu bilan birga, Argentinaning kelajagi porloq va u gʻalaba qozonadi», — dedi Argentina Prezidenti.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Milibend esa 4 sentabr kuni darhol bu bayonotga javob berdi va Londonning Folklend orollari masalasidagi pozitsiyasi oʻzgarmasligini bildirdi.

«Orollar Britaniyaniki va shundayligicha qoladi. Chunki orol aholisining mutlaq koʻpchiligi aynan shu pozitsiyani qoʻllab-quvvatlaydi», dedi Britaniya bosh diplomati.

Munozarali orollar

Shunday qilib, Folklend orollari (Argentinada Malvin orollari deb ataladi) yana xalqaro siyosat markazida paydo boʻldi. Argentina prezidenti Xaver Miley orollar «tarixiy va huquqiy jihatdan» Argentinaga tegishli ekanini taʼkidladi, hududni qaytarish uchun diplomatik, iqtisodiy va huquqiy vositalardan foydalanishini bildirdi hamda orollar yaqinidagi neft loyihalarida ishtirok etayotgan kompaniyalarga nisbatan yangi cheklovlar joriy etishini maʼlum qildi. Buyuk Britaniya esa anʼanaviy qatʼiy pozitsiyasini takrorladi: suverenitet masalasi muhokama qilinmaydi, orol aholisining xohish-irodasi esa asosiy mezon boʻlib qolishi kerak.

Biroq hozirgi vaziyatni avvalgi mojarolardan ajratib turuvchi muhim jihat bor. Bu — Vashingtonning bahsga aralashishidir. AQSh prezidenti Donald Tramp Folklend orollari masalasida Amerikaning pozitsiyasini qayta koʻrib chiqayotganini bildirdi. Undan AQSh haqiqatan ham oʻz yondashuvini oʻzgartirishni koʻrib chiqyaptimi, deb soʻralganda, Tramp: «Men har doim har bir pozitsiyamni qayta koʻrib chiqaman — bu ham shulardan biri», degan mazmunda javob berdi.

Bu jiddiy signal. Ammo Tramp Argentinaga Folklend orollarini berishni allaqachon qoʻllab-quvvatladi, deb aytish hozircha erta. Vashington Argentina suverenitetini tan olgani haqida rasmiy qaror yoʻq. Shuning uchun Trampning qadamini diplomatik burilishdan koʻra, AQShning avvalgi pozitsiyasi oʻzgarishi mumkinligi haqidagi siyosiy signal sifatida baholash toʻgʻri boʻladi.

Oʻziga xos jihatlar

Maʼlumot uchun, Folklend orollari — Janubiy Atlantikada joylashgan arxipelag boʻlib, asosan ikki yirik orol — Sharqiy Folklend (East Falkland) va Gʻarbiy Folklend (West Falkland) hamda 700 dan ortiq mayda orol va qoyalardan iborat. Arxipelagning umumiy maydoni qariyb 12,2 ming kvadrat kilometr, qirgʻoq chizigʻining umumiy uzunligi esa taxminan 1300 kilometrni tashkil etadi.

Orollar Argentina qirgʻoqlariga nisbatan yaqin joylashgan: Janubiy Amerika materigidan qariyb 460 kilometr, Argentinaning Estados orolidan 343 kilometr masofada joylashgan. Shu bilan birga, arxipelag Janubiy Atlantikadagi Britaniyaning boshqa hududlari — Janubiy Georgiya va Janubiy Sandvich orollariga yaqin geografik makonda joylashgan. Orollarni Sharqiy va Gʻarbiy Folklendni ajratib turuvchi Folklend boʻgʻozi ikkiga boʻladi.

Arxipelagning nomi ham oʻziga xos tarixga ega. «Folklend» nomi Folklend boʻgʻozidan kelib chiqqan. 1690 yilda ingliz dengizchisi Jon Strong ushbu boʻgʻozni oʻzining homiysi — Folklendning 5-vikonti Entoni Keri sharafiga shunday atagan. Keyinchalik bu nom butun arxipelagga nisbatan qoʻllanila boshlagan.

Argentina va ispan tilida soʻzlashuvchi mamlakatlarda esa orollar «Malvin orollari» — Islas Malvinas deb ataladi. Bu nom fransuzchadagi Îles Malouines atamasidan kelib chiqqan. Uni 1764 yilda fransuz dengizchisi va tadqiqotchisi Lui Antuan de Bugenvil qoʻllagan. Bu nom arxipelagga birinchi maʼlum yevropalik koʻchib kelganlar — Fransiyaning Bretan hududidagi Sen-Malo portidan chiqqan dengizchilar va baliqchilar sharafiga berilgan.

Bugun orollarning nomi ham siyosiy bahsning bir qismiga aylangan. Buyuk Britaniyada Falkland Islands, Argentinada esa Islas Malvinas atamasi qoʻllanadi. Shu sababli har bir nom nafaqat geografik, balki muayyan siyosiy pozitsiyani ham ifodalaydi. Xususan, 1982 yilgi Folklend urushi bilan bogʻliq ispancha geografik nomlar Britaniyada bahsli qabul qilinadi.

Folklend orollarining geografik joylashuvi ularning siyosiy va strategik ahamiyatini ham belgilab beradi. Arxipelag Janubiy Amerika qirgʻoqlariga yaqin boʻlishiga qaramay, Buyuk Britaniyadan minglab kilometr uzoqda joylashgan. Shu bilan birga, orollar Janubiy Atlantikadagi dengiz yoʻllari, baliqchilik hududlari, Antarktidaga olib boruvchi yoʻnalishlar va istiqbolli neft konlari yaqinida joylashgan.

Aynan shu geografik omillar Folklend orollarini oddiy chekka orollar emas, balki Janubiy Atlantikadagi strategik ahamiyatga ega hududga aylantiradi. Ularning bugungi siyosiy qiymati ham tarixiy daʼvolar, aholi taqdiri va xalqaro huquq bilan bir qatorda geografiya va tabiiy resurslar bilan ham bogʻliq.

Orollarni de-fakto kim boshqaradi?

Orollarda rasman va amalda hokimiyat tizimi bir-biridan biroz farq qiladi.

Rasman Folklend orollari — Buyuk Britaniyaning dengizorti hududi hisoblanadi. Davlat boshligʻi — Britaniya monarxi. Hozir bu lavozimni qirol Karl III egallab turibdi. Ammo monarx Buyuk Britaniyada istiqomat qilgani sababli, orollarda uning nomidan gubernator faoliyat yuritadi. 2025 yil 29 iyuldan bu lavozimni Kolin Martin-Reynolds egallab kelmoqda. U ijro hokimiyatini qirolning «nomidan va uning topshirigʻiga binoan» amalga oshiradi.

Shu bilan birga, konstitutsiyaga koʻra, gubernator odatda Ijro kengashining tavsiyasi asosida ish koʻradi. Biroq ayrim holatlarda u mustaqil qaror qabul qilishi ham mumkin. Bunday holatda esa u bu haqda darhol Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziriga xabar berishi shart. Tashqi ishlar vaziri esa ushbu qaror yoki harakatni bekor qilish huquqiga ega.

Amalda esa orollarning kundalik boshqaruvi asosan mahalliy hukumat tomonidan amalga oshiriladi. Bu yerda asosiy maʼmuriy shaxs — Bosh ijrochi direktor (Chief Executive). U orollarning fuqarolik davlat xizmati rahbari hisoblanadi. 2025 yil 1 apreldan bu lavozimni Andrea Patrisiya Klauzen egallab kelmoqda.

Aynan u va Ijro kengashi jamoasi orollarning ichki siyosati va kundalik boshqaruvida asosiy rolni oʻynaydi. Ijro kengashi tarkibiga Qonunchilik assambleyasining saylangan aʼzolari, Bosh ijrochi direktor hamda moliya direktori kiradi.

Qonunchilik hokimiyati Qonunchilik assambleyasiga tegishli. U 10 nafar aʼzodan iborat: ularning 8 nafari aholi tomonidan toʻrt yil muddatga saylanadi.

Yana bir muhim xususiyat shundaki, Folklend orollarida siyosiy partiyalar mavjud emas. Assambleya aʼzolarining barchasi mustaqil nomzodlar sifatida saylanadi. Shu jihatdan orollardagi siyosiy tizim Britaniya parlamentar tizimidan ham, Argentina kabi partiyaviy siyosiy tizimlardan ham farq qiladi.

Biroq bu yerda muhim xalqaro-siyosiy kontekstni unutmaslik kerak. Buyuk Britaniya Folklend orollarini oʻzining dengizorti hududi deb hisoblaydi. Argentina esa bu maqomni tan olmaydi va orollar ustidan oʻzining suveren huquqlarini daʼvo qiladi.

Shuning uchun Folklend orollaridagi keng mahalliy avtonomiyani xalqaro-huquqiy bahsdan ajratib boʻlmaydi. Orollar kundalik ichki ishlarini ancha mustaqil ravishda boshqaradi, ammo mudofaa va tashqi siyosat kabi strategik masalalarda yakuniy masʼuliyat Buyuk Britaniya zimmasida qolgan.

Ikki asrlik bahs

Folklend orollari tarixi bir tomonga mutlaq ustunlik beradigan darajada oddiy emas. Orollar zamonaviy Argentina davlati shakllanishidan ancha oldin yevropalik dengizchilarga maʼlum boʻlgan. XVIII asrda bu yerda fransuz va britan qoʻnimgohlari paydo boʻlgan, keyinchalik fransuz qoʻnimgohi Ispaniya tasarrufiga oʻtgan. Argentina mustaqillikka erishgach, Buenos-Ayres sobiq ispan mustamlakalari tarkibidagi hududlarni oʻzining merosiy territoriyasi deb hisoblay boshladi.

Argentinaning huquqiy pozitsiyasi, avvalo, uti possidetis juris tamoyiliga tayanadi. Unga koʻra, Lotin Amerikasida mustaqillikka erishgan yangi davlatlar sobiq ispan mustamlakalarining maʼmuriy chegaralarini meros qilib olgan. Buenos-Ayres talqiniga koʻra, Malvin orollari ham Argentinaga oʻtishi kerak edi.

Buyuk Britaniya esa tarixni boshqacha talqin qiladi. London orollarda Argentina davlati shakllanishidan avval ham Britaniya hukumati nazorati ostida boʻlganini, 1833 yilda esa Britaniya maʼmuriyati qayta tiklanganini taʼkidlaydi. Shundan soʻng, 1982 yildagi Argentina okkupatsiyasini hisobga olmaganda, orollar uzluksiz ravishda Britaniya boshqaruvida boʻlib kelgan.

Aynan 1833 yil voqealari bahsning eng muhim nuqtalaridan biridir. Argentinaning taʼkidlashicha, Britaniya kuch ishlatib, argentinalik maʼmuriyatni orollardan chiqarib yuborgan va mustamlakachilik tartibini oʻrnatgan. Buyuk Britaniya esa vaziyat bundan murakkabroq boʻlganini aytadi: 1832 yilda Argentina orollarga harbiy garnizon yuborgan, Britaniya bunga norozilik bildirgan va keyinchalik argentinalik harbiylarni chiqarib yuborgan.

Shuning uchun masalani «Britaniya Argentina hududini tortib olgan» yoki «Argentinaning orollarga hech qanday huquqi boʻlmagan» degan oddiy formula bilan tushuntirish qiyin. Har ikki tomonning tarixiy va huquqiy dalillari mavjud. Ammo xalqaro hamjamiyat orollar suverenitetini bir tomonga uzil-kesil bergan qaror qabul qilmagan.

1982 yil: hamma narsani oʻzgartirgan urush

Nizoning eng dramatik bosqichi 1982 yilgi urush boʻldi. 2 aprel kuni Argentina harbiy xuntasi orollarni egallab oldi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher hukumati Atlantika orqali katta harbiy-dengiz kuchlarini yubordi. 74 kunlik janglardan keyin Britaniya qoʻshinlari orollar ustidan nazoratni qayta tikladi. Urushda 649 nafar argentinalik va 255 nafar britan harbiy xizmatchisi, shuningdek, orollarning uch nafar fuqarosi halok boʻldi.

Argentina uchun magʻlubiyat milliy fojiaga aylandi va ayni vaqtda harbiy diktaturaning yemirilishini tezlashtirdi. Britaniya uchun esa gʻalaba Margaret Tetcher davrining muhim ramzlaridan biriga aylandi va orollarni himoya qilish zarurligi haqidagi siyosiy ishonchni yanada mustahkamladi.

Shu sababli Argentina prezidentining bugungi bayonotlarini oddiy diplomatik tortishuv sifatida qabul qilish notoʻgʻri. Argentinada Malvinlar milliy oʻzlikning bir qismi hisoblanadi. Britaniyada esa Folklend orollari oʻz fuqarolari va dengizorti hududlarini himoya qilish qobiliyatining ramzi boʻlib qolmoqda.

BMT nima deydi?

Eng muhim jihat shu yerda namoyon boʻladi. BMT Folklend orollari Argentiga tegishli, deya qaror chiqarmagan. Ammo tashkilot Britaniya suverenitetini ham yakuniy tarzda tasdiqlamagan. BMT orollarni oʻzini oʻzi boshqarmaydigan hudud sifatida koʻradi va ular ustidan suverenitet masalasida Argentina hamda Buyuk Britaniya oʻrtasida bahsli maqom mavjudligini qayd etadi.

1965 yilda BMT Bosh Assambleyasi 2065-sonli rezolyutsiyani qabul qildi. Unda ikki davlat oʻrtasida suverenitet boʻyicha bahs mavjudligi tan olindi va masalani tinch yoʻl bilan hal etish uchun muzokaralar olib borishga chaqirildi. Bunda orol aholisining manfaatlari ham hisobga olinishi lozimligi qayd etildi.

Bu yerda «manfaatlar» soʻzi prinsipial ahamiyatga ega. Argentina oʻnlab yillar davomida BMT hujjatlarida orol aholisiga suverenitet masalasini mustaqil ravishda hal qilish huquqi berilgani emas, balki ularning manfaatlari hisobga olinishi aytilganini taʼkidlab keladi.

Britaniya esa zamonaviy Folklend aholisi BMT Ustavi va inson huquqlari boʻyicha xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga ega, deb hisoblaydi.

Nega 2013 yilgi referendum bahsni hal qilmadi?

2013 yilda Folklend orollari aholisi hududning siyosiy maqomi boʻyicha referendum oʻtkazdi. Amaldagi 1517 ta ovozdan 1513 tasi — 99,8 foizi — Britaniyaning dengizorti hududi maqomini saqlab qolish uchun berildi. Faqat uch kishi bunga qarshi ovoz berdi. Saylovchilar ishtiroki qariyb 92 foizni tashkil etdi.

London uchun bu juda kuchli siyosiy dalil. Britaniyaning pozitsiyasi oddiy: agar orol aholisi deyarli yakdil ravishda Britaniya tarkibida qolishni xohlasa, nima uchun Britaniya ularni Argentinaga topshirishi kerak?

Buenos-Ayres esa referendum ikki davlat oʻrtasidagi hududiy suverenitet bahsini avtomatik ravishda hal qila olmaydi, deb hisoblaydi. Argentina nuqtai nazaricha, hozirgi aholi Britaniya hukmronligi oʻrnatilganidan keyin shakllangan va shu sababli, Argentina talqiniga koʻra, avval sodir etilgan hududiy bosib olishni «qonuniylashtirish» uchun oʻz taqdirini oʻzi belgilash tamoyilidan foydalana olmaydi.

Shunday qilib, huquqiy paradoks yuzaga keladi: Britaniya uchun asosiy masala — orollarda yashayotgan odamlarning oʻz kelajagini belgilash huquqi; Argentina uchun esa — davlatning hududiy yaxlitligi va tarixiy huquqidir.

Yana bir omil — neft

XXI asrda tarixiy bahsga iqtisodiy omil ham qoʻshildi. Folklend orollarining shimoliy qismi yaqinida Sea Lion neft loyihasi joylashgan. Loyiha Navitas Petroleum va Rockhopper Exploration kompaniyalari bilan bogʻliq boʻlib, ilk neft qazib olish 2028 yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Loyiha boʻyicha mavjud baholashlar uning iqtisodiy salohiyati jiddiy ekanini koʻrsatmoqda.

Argentina uchun bu endi faqat milliy ramz yoki tarix masalasi emas. Buenos-Ayres Britaniya ruxsatisiz uglevodorodlarni (neft va gazni) qazib olishni oʻzining suveren huquqlarini buzish deb hisoblaydi. Miley orollar atrofida neft faoliyati bilan shugʻullanayotgan kompaniyalarga nisbatan choralarni kuchaytirish va Argentina nuqtai nazaricha noqonuniy faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga qarshi sanksiya mexanizmlarini kengaytirish niyatini bildirdi.

Britaniya esa Folklend orollari hukumati ichki masalalarda keng avtonomiyaga ega ekanini taʼkidlaydi. Orol iqtisodiyotida baliqchilik, qishloq xoʻjaligi, turizm va istiqbolda neft-gaz sohasi muhim oʻrin tutadi. London asosan mudofaa va tashqi siyosat uchun javob beradi.

Shu tariqa Sea Lion eski suverenitet bahsini energetika aktivlari ustidan nazorat uchun kurash bilan bogʻlab qoʻydi.

Nega Miley aynan hozir bosimni kuchaytirmoqda?

Bu yerda ichki siyosat ham muhim. Miley hokimiyatga keskin gʻarbparast va amerikaparast pozitsiya bilan keldi. U Tramp bilan yaqin munosabatlarni yoʻlga qoʻydi va bir vaqtning oʻzida Britaniya bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qildi. Biroq Argentina iqtisodiyotidagi muammolar saqlanib qolayotgani va prezidentning ichki siyosiy qoʻllab-quvvatlashiga bosim kuchayib borayotgani sharoitida Malvinlar masalasi yanada qulay siyosiy mavzuga aylanmoqda.

Bu mavzu Argentina jamiyatida siyosiy qarashlari keskin farq qiladigan guruhlarni ham birlashtira oladi.

Albatta, bu Malvinlarga boʻlgan daʼvolar faqat Mileyning siyosiy texnologiyasi, degani emas. Bu talab Argentina siyosatining deyarli barcha davrlarida mavjud boʻlgan. Yangilik — bugungi bosimning surʼati va qatʼiyligi.

Tramp Argentinani qoʻllab-quvvatlayaptimi yoki Britaniyaga bosim oʻtkazyaptimi?

Hozirgi vaziyatni global darajaga olib chiqqan asosiy masala shu.

Tramp haqiqatan ham AQShning avvalgi pozitsiyasini oʻzgartirish imkoniyatini ochiq qoldirdi. Ammo uning bayonotlaridan Vashington Argentina suverenitetini tan olgani haqida xulosa chiqarib boʻlmaydi.

Aksincha, bu yerda boshqa mantiq ishlayotgan boʻlishi mumkin: Tramp Folklend orollari masalasidan Buyuk Britaniyaga bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalanmoqda.

Bu Trampning ittifoqchilar bilan munosabatlaridagi umumiy yondashuviga mos keladi. U Yevropa davlatlaridan mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qiladi va ittifoqchilik munosabatlarini koʻp hollarda tranzaksion nuqtai nazardan baholaydi.

Shu sababli Vashingtonning pozitsiyasidagi oʻzgarishni «Tramp Britaniyadan voz kechib, Argentinani tanladi» deb talqin qilish hozircha notoʻgʻri boʻladi. Miley uchun esa bu baribir katta diplomatik yutuq. Chunki Vashingtonning avvalgi muvozanatli pozitsiyasi oʻzgarishi mumkinligining oʻzi Buenos-Ayresga yangi manyovr imkoniyatlarini beradi.

Yangi urush ehtimoli bormi?

Hozirgi sharoitda harbiy ssenariyning ehtimoli kam. Argentina 1982 yildagi operatsiyani takrorlash imkonini beradigan harbiy salohiyatga ega emas. Britaniya esa orollarda harbiy mavjudligini saqlab qolmoqda va mudofaa tizimini muntazam ravishda qayta koʻrib chiqmoqda. Bundan tashqari, Argentina rasman diplomatik, iqtisodiy va huquqiy vositalarga tayanayotganini bildirmoqda.

Shuning uchun eng ehtimolli ssenariy — yangi urush emas, balki sanksiyalar, neft litsenziyalari, diplomatik bosim, BMTdagi kurash va AQSh qoʻllovini jalb etish uchun raqobat.

Janubiy Atlantikaning ahamiyati ortmoqda

Masalaning yana bir qatlami — geosiyosat. Folklend orollari Janubiy Amerika qirgʻoqlaridan taxminan 500 kilometr uzoqlikda joylashgan va ularning ahamiyati arxipelagning oʻzi bilan cheklanmaydi. Orollar Britaniyaning Janubiy Atlantikadagi harbiy mavjudligi, dengiz yoʻllari va Antarktidaga yaqin hududlardagi strategik manfaatlari bilan bogʻliq.

Ayni paytda Xitoy Argentina bilan munosabatlarini chuqurlashtirmoqda va Malvinlar boʻyicha Argentinaning muzokaralarga chaqiruvini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Bu esa Vashington uchun qoʻshimcha muammo tugʻdiradi. Janubiy Amerika asta-sekin AQSh va Xitoy oʻrtasidagi taʼsir uchun kurashning yana bir maydoniga aylanmoqda.

Shu nuqtai nazardan Tramp Britaniyaga bosim oʻtkazishda Folklend orollari masalasidan foydalanishi mumkin, ammo Londonning pozitsiyasini haddan tashqari zaiflashtirish Vashingtonning oʻzi uchun ham yangi geosiyosiy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin.

2026 yilda nima oʻzgardi?

Folklend orollari mojarosining oʻzi yangi emas. Yangilik — toʻrtta omilning bir vaqtda bir nuqtada kesishganida.

Birinchidan, Miley hududiy daʼvoni yanada qatʼiyroq qoʻymoqda va uni energetika masalasi bilan bogʻlamoqda.

Ikkinchidan, Sea Lion neft loyihasi amaliy bosqichga yaqinlashdi. Demak, suverenitet bahsining endi aniq iqtisodiy qiymati ham bor.

Uchinchidan, Mileyning ichki siyosiy bosimi milliy masaladan jamiyatni safarbar qilish vositasi sifatida foydalanish ehtimolini kuchaytiradi.

Toʻrtinchidan, AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning avvalgi pozitsiyasi qayta koʻrib chiqilishi mumkinligi haqida ochiq signal berdi.

Shu sababli bugungi savol faqat «Folklend orollari kimniki?» degan savoldan iborat emas. Asosiy masala — Miley tarixiy daʼvoni real diplomatik jarayonga aylantira oladimi; Tramp hududiy nizodan Britaniyaga bosim oʻtkazish vositasi sifatida qay darajada foydalanadi; London esa mavjud status-kvoni qanchalik qatʼiyat bilan himoya qiladi?

Hozircha eng ehtimolli ssenariy — yangi urush emas, balki diplomatiya, neft va xalqaro huquq atrofidagi uzoq davom etadigan kurash.

Biroq bir narsa allaqachon oʻzgardi. Agar avval Argentina va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi Folklend mojarosini «muzlatilgan mojaro» deb atash mumkin boʻlgan boʻlsa, 2026 yilda unga yana Vashingtonning katta siyosati aralashdi.

Shuning uchun 1982 yilgi urushdan 44 yil oʻtib, Folklend orollari yana bir bor nafaqat Argentina va Buyuk Britaniya, balki butun Gʻarb ittifoqlari tizimi uchun muhim geosiyosiy sinovga aylanmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid