platina.uz
Jamiyat

​Bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zoʻravonlik sodir etgan shaxs 1 yilgacha taʼlimdan chetlatilishi mumkin

Aliment toʻlayotgan ota-onadan uning moddiy ahvolini inobatga olgan holda, aliment toʻlashdan ozod qilish amaliyoti bekor qilinadi. 

​Bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zoʻravonlik sodir etgan shaxs 1 yilgacha taʼlimdan chetlatilishi mumkin

“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun boʻyicha qabul qilindi.

​Bugun mamlakat aholisining 28 foizi – 10,9 million nafarni bolalar tashkil etadi. Shu bois bolalar huquqlarining ishonchli kafolatlarini taʼminlash, ularni zoʻravonlik va tazyiqdan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

​Mazkur Qonun bilan bolaning huquq va manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyish, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash va ularga oʻz vaqtida ijtimoiy xizmat koʻrsatish mexanizmlarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan:

​- Bolalarga oid jinoyat ishlarini sayyor sudlarda koʻrish taqiqlanmoqda.

​- Taʼlim tashkilotida tarbiya va taʼlim berish jarayonida bolaga nisbatan jismoniy zoʻravonlik sodir etish, uni kamsitish yoki xoʻrlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash uchun 440 ming soʻmdan 2,06 mlngacha maʼmuriy jarima jazosi belgilanmoqda.

​- Notariuslarga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylik (homiylik)ka berishga oid arizada imzoning haqiqiyligini shahodatlash boʻyicha murojaat qilinganda, maʼlumotlarni “Inson” markazlariga taqdim etish majburiyati yuklatilmoqda.

​- Aliment toʻlayotgan ota-onadan uning moddiy ahvolini inobatga olgan holda, aliment toʻlashdan ozod qilish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Davlat yoki nodavlat muassasalarining toʻliq taʼminotida boʻlgan voyaga yetmagan bolaga aliment toʻlashi shart boʻlgan otani yoki onani aliment toʻlashdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi.

Shuningdek, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish boʻyicha ishlarda “Inson” markazlari jalb etiladi.

​Bolalarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxsning 1 yil davomida maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari hamda bolalar uchun qoʻshimcha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi taqiqlanmoqda.

​ Vasiy yoki homiyning bola nomidan meros va hayyani qabul qilishdan voz kechish huquqi bekor qilinmoqda.

​Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar masalasida davlat boji toʻlanishidan ozod etilmoqda:

a) Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy boʻlinmalari – ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qilingan qoʻshimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish haqida kiritilgan arizalar boʻyicha;

b) yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga doimiy rӯyxatga qoʻyganda.

​- vasiy (homiy) yashash joyini oʻzgartirmoqchi, jumladan, boshqa mamlakatga koʻchib ketmoqchi boʻlsa hamda uning vasiyligi (homiyligi)dagi bola 10 yoshga toʻlgan boʻlsa, ushbu bolaning roziligi talab etilishi belgilanmoqda.

​Umuman, mazkur Qonun bola manfaatini ustuvor qoʻyish, uni zoʻravonlikdan himoya qilish va huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan. Yeng muhimi, bolalar uchun yanada xavfsiz va himoyalangan muhit yaratiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid