Toshkentda jamoat transporti narxi oshishi mumkin
Elektron toʻlov orqali narx amaldagi 1700 soʻm oʻrniga 2500 soʻm taklif etilgan. Naqd toʻlov miqdori oʻzgarishsiz qoladi.

Toshkentda jamoat transporti narxi oshishi mumkin.
Transport vazirligi Toshkent shahrida jamoat transportida yoʻl haqi tariflarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan loyiha yuzasidan tushuntirish berdi.
Vazirlik maʼlumotida quyidagilar qayd etilgan:
“Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi jamoat transportida yoʻl haqi tariflarini qayta koʻrib chiqish loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi. Yakuniy qaror hali qabul qilinmadi.
Loyihaga koʻra, 1 oktabrdan quyidagilarni joriy etish taklif qilinmoqda:
• avtobus yoki metroda bir martalik qatnov uchun elektron toʻlov — amaldagi 1700 soʻm oʻrniga 2500 soʻm;
• naqd pul bilan toʻlov — amaldagi 3000 soʻm darajasida qoldiriladi;
• bagaj tashish haqi — 4000 soʻm etib belgilanadi.
Barcha narxlar QQS hisobga olingan holda koʻrsatilgan. Shuningdek, loyihada doimiy yoʻlovchilar uchun yangi abonementlar hamda jamoat transporti turlari oʻrtasida biridan ikkinchisiga oʻtish uchun alohida almashish tariflari nazarda tutilgan.
Yoʻl haqi narxining har qanday oʻzgarishi aholining kundalik xarajatlariga bevosita taʼsir etadi.
Bugungi kunda poytaxt jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda.
