Prezident kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilishni topshirdi
Bundan tashqari 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratish boʻyicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Toshkent shahrida investorlar bilan ishlash tizimi samaradorligi ham koʻrib chiqildi.
Joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani boʻyicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Biroq ayrim hududlarda belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun ishlarni yanada jadallashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Investorlarning masalalarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal qilish uchun alohida ish tizimi joriy etilishi belgilandi. Respublika va shahar darajasidagi masʼullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tezkor hal qiladi.
Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar boʻyicha shu kunning oʻzida asoslangan takliflar tayyorlanib, Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Mazkur tartib yil oxiriga qadar alohida nazoratda ishlaydi.
Kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratish boʻyicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
