Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi
Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar boʻyini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi. Jumladan, Boʻzsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha boʻlgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yoʻlagini tashkil qilish imkoniyati mavjud.

Poytaxtning tarixiy qismi – Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.
Xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1 noyabrga qadar mazkur hududni rivojlantirish boʻyicha yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda poytaxtdagi davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr boʻlgan 497 ta maʼmuriy bino mavjud.
Davlat tashkilotlarini maqbul tarzda joylashtirish, boʻsh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va taʼlim xizmatlarini yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.
Masʼullarga davlat idoralari binolarini xatlovdan oʻtkazib, maqbul maydonlarni tadbirkorlarga kafolatli shartlarda uzoq muddatli ijaraga berish boʻyicha amaliy ishlarni tashkil etish topshirildi.
Yigʻilishda davlat mulkini xususiylashtirish orqali yangi investitsiya va biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Birgina Olmazor tumanining oʻzida qiymati 100 milliard soʻm boʻlgan 52 ta davlat obʼekti savdoga chiqarilmoqda. Ularni tayyor biznes loyihalari bilan birga tadbirkorlarga taklif etish byudjet tushumlari va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, aholining koʻproq piyoda yurishi, sport bilan shugʻullanishi va ochiq havoda dam olishi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soyboʻyi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yoʻlagi tashkil etilgan. Bu aholi orasida ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda sayr qilish odatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar boʻyini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi. Jumladan, Boʻzsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha boʻlgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yoʻlagini tashkil qilish imkoniyati mavjud.
Bu borada bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
