UzAuto Motors ilk bor gibrid avtomobil sotuvi boshlanganini eʼlon qildi
Yangi Chevrolet Equinox PHEV tashqi elektr tarmogʻidan quvvatlanuvchi (Plug-in Hybrid Electric Vehicle) tizimga ega. Tizim kundalik safarlarning aksariyatini faqat elektr quvvatida amalga oshirish imkonini beradi.

UzAuto Motors Oʻzbekistonda ilk bor gibrid avtomobili Chevrolet Equinox PHEV krossoveri sotuvi boshlanishini eʼlon qiladi.
Modelning sotuvga chiqarilishi mahalliy bozorda Chevrolet brendining birinchi gibrid (PHEV) avtomobili taqdim etilganini anglatadi.

Avtomobil xaridorlarga Activ 80KM va Activ 120KM komplektatsiyalarida taqdim etiladi.
Yangi Chevrolet Equinox PHEV oddiy gibrid avtomobil emas. U tashqi elektr tarmogʻidan quvvatlanuvchi (Plug-in Hybrid Electric Vehicle) tizimga ega. Tizim kundalik safarlarning aksariyatini faqat elektr quvvatida amalga oshirish imkonini beradi. Benzinli dvigatel esa uzoq masofalarga safar qilishda qoʻshimcha qulaylik yaratadi.

Chevrolet Equinox PHEV komplektatsiyasiga qarab 17 va 24 kVt·soat sigʻimli LFP akkumulyatorga ega. Activ 80KM komplektatsiyasi faqat elektr quvvatida 80 km gacha, Activ 120KM komplektatsiyasi esa 120 km gacha masofani bosib oʻtish imkonini beradi. Toliq quvvatlangan batareya va toʻldirilgan yoqilgʻi baki bilan avtomobilning umumiy yurish zaxirasi 1 000 km dan oshadi.
Quvvat qurilmasi zamonaviy 1,5 litrli turbo benzin dvigateli, 188 ot kuchiga ega elektromotor va 2 pogʻonali DHT gibrid transmissiyasi uygʻunligida ishlaydi. U yoqilgʻi tejamkorligini oshiradi, tezkor tezlanish, ravon harakat va yanada qulay boshqaruv bilan taʼminlaydi.

Mavjud xavfsizlik va haydovchiga yordam berish tizimlari qatoriga adaptiv kruiz-kontrol, avtomatik favqulodda tormozlash tizimi, harakat boʻlagida ushlab turish tizimi, “koʻrinmas” zonalarni monitoring qilish, 360 darajali atrofni koʻrish kamerasi, 6 ta xavfsizlik yostiqchalari hamda yoʻl belgilarini aniqlash tizimi kiradi. Avtomobil, shuningdek, haydovchining diqqatini oshiradigan va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlaydigan qoʻshimcha texnologiyalar bilan jihozlangan.
Intererda esa 11 dyuymli raqamli qurilmalar paneli, 11 dyuymli sensorli multimedia tizimi, Apple CarPlay, simsiz quvvatlash, panoramali lyuk, old oʻrindiqlarni isitish va ventilyatsiya qilish kabi qulayliklar taqdim etilgan.
Kuchli “plug-in hybrid” texnologiyasi bilan jihozlangan ushbu model elektr avtomobillarining afzalliklarini ichki yonuv dvigatelining erkinligi bilan uygʻunlashtirib, mijozlarga bir avtomobilning oʻzida tejamkorlik, uzoq masofa va yuqori unumdorlikni taklif etadi.
Chevrolet Equinox PHEV avtomobilining tavsiya etilgan chakana narxi:
Chevrolet Equinox PHEV Activ 80KM – 463 500 000 soʻm
Chevrolet Equinox PHEV Activ 120KM – 478 500 000 soʻm.
