Toshkentda 500 nafardan oshiq fuqaroning mulkka egalik huquqi eʼtirof etildi
Endi ular uy-joyni oldi-sotdi qilish, hadya etish, meros qoldirish huquqiga ega boʻladilar.

Toshkentda 500 nafardan oshiq fuqaroning mulkka egalik huquqi eʼtirof etildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining navbatdagi sessiyasida Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan xatlov ishlari natijasiga koʻra, yana 525 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylari, ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqlari eʼtirof etildi.
Shu tariqa, Toshkent shahrida “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosi boʻyicha huquqlari eʼtirof etilgan fuqarolar soni 927 nafarga yetdi.
Mazkur xalqchil Qonun fuqarolarga oʻz uy-joylariga boʻlgan huquqlarini belgilangan tartibda davlat rӯyxatidan oʻtkazish imkonini beradi.
Shundan soʻng ular:
- uy-joyni oldi-sotdi qilish;
- hadya etish;
- meros qoldirish;
- bank kreditlari uchun garov sifatida rasmiylashtirish;
- mulk bilan bogʻliq boshqa huquqlarni qonuniy amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
