Senat alifboga oʻzgartirish kiritish boʻyicha qonunni maʼqulladi
Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarning muomalada boʻlishiga toʻsqinlik qilinmaydi. Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va koʻrsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi oʻrniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishini nazarda tutuvchi tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, yangi tahrirdagi alifboga oʻtish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq va manfaatlarini inobatga olish maqsadida Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarning muomalada boʻlishiga toʻsqinlik qilinmasligi belgilanmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va koʻrsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, oʻzbek tilini raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.
