Milliy gvardiya xizmatchisi fuqaroga murojaat qilganda oʻzini tanishtirishi shart boʻladi
Senat maʼqullagan qonunga binoan xodim murojaat qilishining sababi va maqsadini tushuntirishi, fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini koʻrsatishi zarur sanaladi.

Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.
Mamlakatimizda qonuniylik, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda Milliy gvardiyaning boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlar bilan hamkorligi tobora kengayib bormoqda.
2017 yilda tashkil etilgan Milliy gvardiyaning huquqiy maqomi 2020 yilda alohida qonun bilan mustahkamlandi. Keyingi yillarda esa uning faoliyatiga oid 20 dan ortiq qonun hamda 70 dan ortiq farmon va qaror qabul qilinib, yangi vazifa va vakolatlar belgilandi.
Shu bilan birga, amaliyotda toʻplangan tajriba Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini zamonaviy talablar asosida qayta koʻrib chiqish, takrorlanuvchi normalarni bartaraf etish va huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Ushbu Qonun ana shu maqsadlarga qaratilgan.
Qonun bilan, avvalo, Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari qayta tizimlashtirilmoqda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlash, qoʻriqlash faoliyati bilan bogʻliq vazifalar birlashtirilib, ommaviy tartibsizliklarga chek qoʻyish boʻyicha yangi vazifa belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat obʼektlari, oʻta muhim va toifalangan obʼektlar, boshqa obʼektlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash bilan bogʻliq vazifalar amaldagi qonunchilikda belgilangan vakolatlardan kelib chiqib optimallashtirilmoqda.
Qonunning muhim jihatlaridan yana biri Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining fuqarolar bilan muloqot qilish tartibi aniq belgilab berilayotganidir.
Endilikda harbiy xizmatchi fuqaroga murojaat qilganda oʻz lavozimi, harbiy unvoni, familiyasi, ismi va otasining ismini aytishi, murojaat qilishining sababi va maqsadini tushuntirishi, fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini koʻrsatishi shartligi belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik jamoat xavfsizligini taʼminlashda zamonaviy maxsus vositalardan foydalanish boʻyicha Milliy gvardiyaning huquqlari qonunchilikda aniqlashtirilmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu oʻzgartishlar Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini aniqlashtirish, ularni amaldagi funksiyalarga moslashtirish, fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Muhokamadan soʻng senatorlar Qonunni maʼqulladi.
