Ekopolitsiya xodimi xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻldi
Mirzo Botirov Sirdaryo daryosi oʻzanida oʻtkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarshiligiga uchragan va natijada suvga tushib ketgan.

Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) Aydar-Arnasoy koʻllar tizimini nazorat qilish boʻlimi bosh mutaxassisi Mirzo Botirov xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Mirzo Botirov 9 sentabr kuni tungi soat 23:00 da Sirdaryo daryosi oʻzanida oʻtkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarshiligiga uchragan va natijada suvga tushib ketgan. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida bugun, 10 sentabr kuni inspektorning jasadi topildi.
Ayni damda marhumning oila aʼzolariga zarur moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatish, shuningdek, voqeaning barcha tafsilotlarini oʻrganish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.
Mirzo Botirov tabiatni muhofaza qilish va ekologik qonunchilik talablarini taʼminlash yoʻlidagi fidokorona xizmatlari hamda koʻrsatgan jasorati munosib baholanib, “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni bilan vafotidan soʻng taqdirlanadi, deyiladi xabarda.
