Chorvoqda choʻkib ketgan ikki kishining jasadi topildi
Katerda sayohatga chiqqan ota va ikki bola qutqaruv nimchasisiz suvga tushgan va choʻkib ketgan. Otaning jasadi qidirilmoqda.

10 sentabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi gʻavvoslari Chorvoq suv omborida choʻkib ketgan 3 nafar fuqarolardan ikkinchisining jasadini topishdi.
Eslatib oʻtamiz, voqea 2 sentabr kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida sodir boʻlgan. Katerda sayr qilish paytida oila aʼzolaridan biri choʻmilish uchun suvga tushgan. Qutqaruv nimchasi boʻlmagani uchun u choʻkkan va unga yordam berish maqsadida akasi va otasi ham suvga tushishgan.
Oqibatda uchalasi ham choʻkib ketishgan. Kichik oʻgʻlining jasadi kecha, 9 sentabr kuni soat 13:02 da FVV gʻavvoslari tomonidan topilgan.
Bugun soat 12:07 da FVV qutqaruvchilari ikkinchi choʻkib ketgan ukasining jasadini topishdi. Otaning jasadini qidirish ishlari davom etmoqda.
