240 ming dollarni xorijga olib oʻtmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi
Poytaxtda esa qalbaki 8400 dollarning muomalaga kiritilishining oldi olindi.

Toshkent viloyatida 240 ming dollarni mamlakatdan noqonuniy olib chiqilishi toʻxtatildi.
Poytaxtda esa qalbaki 8400 dollarning muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda chet el valyutasini mamlakatdan noqonuniy olib chiqilishiga chek qoʻyildi.
Xususan, Toshkent tumanida joylashgan “Navoiy” chegara-bojxona postida 2005 va 2009 yillarda tugʻilgan ikki nafar Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi shaxsiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Tekshiruv davomida ulardan biri oyoqlarining boldir qismiga skotch yordamida 160 ming, ikkinchisi esa 80 ming AQSh dollarini bogʻlab, yashirin tarzda qoʻshni davlatga olib chiqib ketayotganliklari aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan koʻrilgan tezkor choralar natijasida qalbaki xorijiy valyutani muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Xususan, Qibray tumanida yashovchi 1999 y.t. shaxs Turkiya davlatidan yetkazib berilgan qalbaki 8400 AQSh dollarini foyda olish maqsadida Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1997 y.t. sherigi bilan oʻzaro til biriktirib, shartli xaridorga haqiqiy 3800 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har ikki holat boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
