Xitoy harbiy samolyotlari: Rossiyaga yoqmaydigan va Xitoyga qaram qiladigan shartnomami?
1980-yillarda Isroilda roʻyobga chiqmagan Lavi loyihasi oradan qirq yil oʻtib Oʻzbekiston osmonida kutilmagan tarzda namoyon boʻldi. Uning texnologik merosi bilan bogʻliq boʻlgan J-10 avlodlari bugun Xitoyning harbiy eksporti ramziga aylanmoqda. Oʻzbekistonning J-10CE samolyotlarini xarid qilishi esa nafaqat aviatsiya modernizatsiyasi, balki mintaqadagi harbiy-texnik va geosiyosiy muvozanat oʻzgarayotganining ham belgisidir.

Isroil-Xitoy-Oʻzbekiston
Harbiy-texnik taraqqiyot tarixida deyarli tarixiy kinoyaga oʻxshab ketadigan voqealar bor. 1980-yillarda Isroil xorijiy yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytirish maqsadida oʻzining milliy qiruvchi samolyotini yaratishga urindi. Loyiha Lavi — «yosh sher» deb nomlandi. Biroq samolyot kichik davlat uchun haddan tashqari qimmatga tushdi va dastur toʻxtatildi.
Shundan soʻng oradan deyarli 40 yil vaqt oʻtdi. 2026 yil avgust oyining oxirida Oʻzbekiston Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10CE qiruvchi samolyotlarini rasman namoyish etdi va ularning qurollanishga qabul qilinganini birinchi marta tasdiqladi. Davlat televideniyesi kadrlarida kamida oltita samolyot koʻrindi. Shu tariqa, Oʻzbekiston Pokistondan keyin J-10CE samolyotlarining xorijdagi ikkinchi tasdiqlangan operatoriga aylandi.
Aynan shu yerda gʻayrioddiy tarixiy bogʻliqlik paydo boʻladi. Xitoyning J-10 qiruvchi samolyoti oʻnlab yillar davomida Isroilning Lavi loyihasidan qolgan texnologik meros bilan bogʻlab kelinadi. Bu toʻgʻridan-toʻgʻri nusxa koʻchirish maʼnosida emas, balki xitoylik konstruktorlar Isroilning muhandislik yechimlari va tajribasidan foydalangan boʻlishi mumkinligi maʼnosidadir. 1990-yillarning oxiridayoq AQSh davlat tadqiqotlarida Isroilning Xitoyning F-10/J-10 samolyotini ishlab chiqishda ehtimoliy ishtiroki haqida maʼlumotlar keltirilgan va bu loyiha bekor qilingan Lavi dasturi bilan bogʻlangan.
Shu tariqa roʻyobga chiqmagan Isroil samolyoti oʻziga xos ikkinchi hayotga ega boʻldi — endi Xitoy aviatsiya sanoatida. Bugun esa uning texnologik merosi Markaziy Osiyoga ham yetib keldi.
«Lavi»: iqtisodiyot toʻxtatgan milliy orzu
Hikoya 1980-yillardagi Isroildan boshlanadi. Oʻsha paytda mamlakat Yaqin Sharqdagi eng rivojlangan aviatsiya sanoatlaridan biriga ega edi. Biroq harbiy aviatsiyasining katta qismi AQShga bogʻliq boʻlib qolgan. Isroil mustaqil ravishda loyihalashtirishi, ishlab chiqarishi va modernizatsiya qilishi mumkin boʻlgan milliy platformaga ega boʻlishni istardi.
Israel Aerospace Industries kompaniyasi Lavi samolyotini ishlab chiqishni boshladi. Samolyot konsepsiyasida oʻsha davr uchun ilgʻor aerodinamik yechimlar, raqamli boshqaruv tizimi va zamonaviy avionika uygʻunlashtirildi.
Ayniqsa, «oʻrdak» aerodinamik sxemasi — oldingi gorizontal qanotlar va uchburchaksimon qanotning uygʻunligi katta qiziqish uygʻotdi. Bu sxema yuqori manyovrchanlikka erishish imkonini bergan, biroq shu bilan birga murakkab boshqaruv tizimini talab qilgan. Lavi oddiy navbatdagi samolyot sifatida emas, balki texnologik suverenitet loyihasi sifatida oʻylangan edi.
Biroq aynan narx uning asosiy raqibiga aylandi. Isroil iqtisodiyoti qimmat mustaqil ishlanmani cheksiz moliyalashtira olmasdi. Ayniqsa, AQShning F-16 samolyotlarini yetkazib berish boʻyicha taklifi mavjud boʻlgan bir sharoitda. Samolyotlarning rejalashtirilgan soni qisqartirilgani esa har bir mashina qiymatining yanada oshishiga olib kelardi.
1987 yil 30 avgustda Isroil hukumati dasturni toʻxtatish haqida qaror qabul qildi. Ovoz berishda 12 nafar vazir loyihani toʻxtatishni yoqladi, 11 nafari qarshi chiqdi.
Xitoy texnologik imkoniyatni koʻrdi
Aynan shu yerda Lavi'ning ikkinchi hayoti boshlanadi. Sovuq urushning oxirida Xitoy oʻz qurolli kuchlarini jadal modernizatsiya qila boshladi. Pekin mamlakatni mustaqil harbiy qudratga aylantirish uchun zamonaviy tizimlarni shunchaki sotib olish emas, balki ularni yaratish texnologiyalarini oʻzlashtirish zarurligini tushunar edi.
Xitoy aviatsiya sanoati sovet samolyotlari va ularning hosilalari asosidagi mashinalarni ishlab chiqarishda katta tajribaga ega edi. Biroq zamonaviy koʻp maqsadli qiruvchi samolyot yaratish mutlaqo boshqa darajadagi salohiyatni talab qilardi.
1980–1990-yillar chegarasida Xitoy va Isroil oʻrtasidagi harbiy-texnik hamkorlik texnologik almashinuvning muhim manbalaridan biriga aylandi. Oʻsha davrga oid Amerika hujjatlarida Isroil–Xitoy hamkorligi Xitoyning yangi avlod qiruvchi samolyoti bilan bevosita bogʻlangan. Kongress tadqiqot xizmati — Congressional Research Service materiallarida Xitoyning F-10/J-10 dasturi katta tashqi yordam olgani haqidagi xabarlar qayd etilgan. Bunda asosiy manbalar qatorida Isroil va Rossiya tilga olingan. Shuningdek, bekor qilingan Lavi dasturi bilan bogʻliqlik ham alohida qayd etilgan.
Biroq bu yerda keng tarqalgan afsonadan voz kechish muhim. J-10 — shunchaki qayta nomlangan Lavi emas. Xitoy tayyor samolyotni olib, uni mexanik tarzda oʻz ishlab chiqarishiga koʻchirmagan. Pekin turli texnologik manbalar va muhandislik bilimlaridan foydalanib, ayni paytda oʻz yechimlarini ham rivojlantirdi. Boshqa tomonning tajribasini qayta ishlab, uni milliy texnologik bazaga aylantirish qobiliyati Xitoy aviatsiyasining muvaffaqiyatidagi eng muhim omillardan biri boʻldi.
Isroil, Rossiya va Xitoy: uchta texnologik qatlam
J-10 tarixini toʻgʻri tushunish uchun uni toʻgʻri chiziq sifatida emas, balki bir nechta texnologik qatlamlarning kesishuvi sifatida tasavvur qilish kerak.
Birinchi qatlam — Isroilniki. U bilan aerodinamik konsepsiya, ayrim muhandislik yechimlari va samolyotning raqamli boshqaruv tizimini yaratish tajribasi bogʻlanadi. 1990-yillardayoq Amerika manbalari Isroilning Xitoy dasturidagi salmoqli roli haqida maʼlumot bergan.
Ikkinchi qatlam — Rossiyaniki. Ayniqsa, dvigatellar muhim rol oʻynadi. Ilk J-10 samolyotlari Rossiyada ishlab chiqarilgan AL-31FN dvigatellari bilan jihozlangan. Bu Xitoyga oʻz dvigatelsozligi hali zarur darajaga yetmagan davrda zamonaviy kuch qurilmasiga ega boʻlish imkonini berdi.
Uchinchi qatlam — Xitoyniki. Turli elementlarni birlashtirgan, ularni oʻz talablariga moslashtirgan va eng muhim texnologiyalarni bosqichma-bosqich mahalliylashtirgan aynan Xitoy boʻldi. Xitoy yoʻlining xorijiy qurol-yarogʻni oddiy xarid qilishdan asosiy farqi ham shunda. Pekin shunchaki texnologiyalarni sotib olmadi yoki qoʻlga kiritmadi, balki ularni oʻrgandi, moslashtirdi, oʻz ishlab chiqarish bazasini yaratdi va keyin mustaqil modernizatsiyaga oʻtdi. Shu bois bugungi J-10C — oʻnlab yillik Xitoy evolyutsiyasining natijasi. U 1980-yillardagi samolyot emas.
Lavi'dan J-10C'gacha: 40 yillik texnologik evolyutsiya
Ikki samolyotning tashqi oʻxshashligi darhol koʻzga tashlanadi. Har ikkalasi ham «oʻrdak» sxemasi va uchburchaksimon qanotdan foydalanadi. Biroq toʻgʻridan-toʻgʻri oʻxshatishlar shu yerda tugaydi.
Zamonaviy J-10C dastlabki Lavi'dan sezilarli darajada farq qiladi. Xitoy samolyoti yangi avionika, zamonaviy radiolokatsiya tizimi, modernizatsiya qilingan dvigatel, radioelektron kurash vositalari va yangi turdagi qurollar bilan jihozlangan.
Ayniqsa, faol fazali antenna panjarasi — AESA'ga oʻtish muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy qiruvchi samolyot uchun bu endi hashamat emas, balki jangovar samaradorlikning eng muhim elementlaridan biridir.
Biroq eng qiziqarli jarayon samolyotning oʻzida emas, balki uning atrofida shakllangan Xitoy sanoatida kechdi. J-10'ni yaratish dvigatellar, radarlar, elektronika, dasturiy taʼminot, kompozit materiallar va qurol tizimlari ishlab chiqarishni rivojlantirishni talab qildi.
Shuning uchun, agar Lavi'ning Xitoy uchun texnologik merosi haqida gapiradigan boʻlsak, uning ahamiyati faqat muayyan konstruksiya bilan cheklanmaydi. U Xitoy aviatsiya sanoatiga yangi muhandislik madaniyatiga yaqinlashishda yordam berdi.
Nega Vashington bunday texnologiyalardan xavotirlangan?
Lavi tarixi yana bir muhim masala — AQShning harbiy texnologiyalar ustidan nazorati bilan bogʻliq. Oʻsha davrda Isroil AQShdan katta miqdorda harbiy yordam olardi. Shuning uchun kelib chiqishi Amerika texnologiyalari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan texnologiyalarni Xitoyga berish Vashington uchun jiddiy muammoga aylandi.
Keyinchalik Amerika tadqiqotchilari Isroil–Xitoy harbiy-texnik hamkorligining ayrim holatlariga ishora qilib, AQSh Pekinga muayyan texnologiyalarni berishni oʻz manfaatlariga tahdid sifatida koʻrganini qayd etdilar. CSIS ham J-10 tarixini Isroil tomonidan Xitoyga ilgʻor Amerika texnologiyalarining berilishi bilan bogʻliq kengroq muammo doirasida koʻradi.
Shu maʼnoda J-10 tarixi ancha keng koʻlamli jarayonning bir qismi edi. Sovuq urush tugagach, Xitoy yetakchi harbiy davlatlardan texnologik ortda qolishni jadal qisqartirishga kirishdi. Isroil esa Pekin Gʻarbdan toʻgʻridan-toʻgʻri olish imkoniga ega boʻlmagan bilimlarni qoʻlga kiritishi mumkin boʻlgan kanallardan biriga aylandi.
Biroq keyin vaziyat oʻzgardi. Bugun Xitoy nafaqat texnologiyalarni qabul qilmoqda. Uning oʻzi ham texnologiya eksportchisiga aylandi. Lavi tarixi aynan shu jihatdan ayniqsa ibratli misoldir.
Pokiston J-10'ni eksport brendiga aylantirdi
Uzoq vaqt davomida Xitoy qiruvchi samolyotlari mamlakat tashqarisida asosan Gʻarb va Rossiya platformalariga nisbatan arzonroq muqobil sifatida qabul qilingan.
Vaziyat J-10 Pokistonda paydo boʻlganidan keyin oʻzgardi. Pokiston J-10C'ning birinchi xorijiy operatoriga aylandi. 2025 yil may oyidagi Hindiston–Pokiston mojarosi davrida samolyot real havo jangovar harakatlari bilan bevosita bogʻlandi. Xi toydan olingan samolyotlar Hindistonning Fransiyadan sotib olgan “Rafael” samolyotlariga qarshi jangda gʻolib boʻlishdi. Bu Xitoy harbiy-sanoat majmuasi uchun muhim reklama omili boʻldi.
Biroq bu yerda ham ehtiyotkorlik zarur. Muayyan tizimning jangovar muvaffaqiyatini avtomatik ravishda faqat samolyotning texnik xususiyatlari bilan izohlab boʻlmaydi. Oʻsha havo jangida razvedka, qoʻmondonlik, ekipajlar tayyorgarligi, radiolokatsiya vaziyati, uzoq masofaga moʻljallangan qurollar va taktika juda katta ahamiyatga ega. Shunga qaramay, J-10C'ning real jangovar qoʻllanilishi Xitoy platformasiga qiziqishni keskin oshirdi.
Oʻzbekiston: samolyot yangi geosiyosat ramzi sifatida
Endi J-10CE Oʻzbekistonda paydo boʻldi. Aynan shu yerda tarix faqat aviatsiya emas, balki geosiyosiy mazmun ham kasb etadi.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi yangi Xitoy qiruvchi samolyotlarini rasman namoyish etdi. Davlat televideniyesi bir necha kun oldin kamida oltita mashina aks etgan kadrlarni koʻrsatgan edi. Xarid qilingan samolyotlarning aniq soni, shartnoma qiymati va yetkazib beriladigan qurol-yarogʻ tarkibi rasman oshkor etilmagan. 24 ta samolyot buyurtma qilingani va shartnoma qiymati qariyb 1 milliard AQSh dollarini tashkil etishi haqidagi xabarlarni hozircha rasmiy tasdiqlanmagan maʼlumotlar sifatida baholash lozim.
Taʼkidlash kerak, J-10CE'ning ommaviy ravishda namoyish etilishi shunchaki yangi modeldagi samolyot xarid qilinganini anglatmaydi. Bu Oʻzbekiston harbiy-texnik hamkorlik geografiyasini kengaytirishini koʻrsatadi. Oʻnlab yillar davomida Oʻzbekiston jangovar aviatsiyasining asosini sovet va Rossiya platformalari tashkil etgan. Endi esa Xitoy komponenti paydo boʻlmoqda. Biroq Oʻzbekiston birdaniga «Rossiyadan voz kechmoqda», deyish notoʻgʻri boʻladi. Aniqroq aytganda, bu — diversifikatsiya jarayoni.
Toshkent faqat bitta yetkazib beruvchiga bogʻliq boʻlib qolmaslik va ayni vaqtda boshqa texnologik maktabga kirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Shuning uchun J-10CE'ni alohida bitim sifatida emas, balki kengroq modernizatsiya jarayonining bir qismi sifatida koʻrish kerak.
Bu Xitoy uchun nimani anglatadi?
Pekin uchun J-10CE'ning Oʻzbekistonda paydo boʻlishi strategik ahamiyatga ega. Xitoy uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoning koʻplab davlatlari uchun eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorlardan biri boʻlib kelmoqda. Biroq iqtisodiy taʼsir asta-sekin harbiy-texnik hamkorlikning kengayishi bilan hamroh boʻlmoqda.
J-10CE Xitoyga yangi darajadagi komfortni taʼminlaydi. Zero, samolyot — bu uchuvchilarni tayyorlash, muhandislarni oʻqitish, texnik xizmat koʻrsatish, ehtiyot qismlar yetkazib berish, modernizatsiya, infratuzilma yaratish va harbiy idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni anglatadi.
Demak, bitta shartnoma uzoq muddatli aloqalarning butun tizimini yaratishi mumkin. Shuning uchun qiruvchi samolyotlar eksportini faqat tijorat nuqtai nazaridan koʻrib boʻlmaydi. Zamonaviy samolyot sotilishi muayyan mashinaga emas, balki ishlab chiqaruvchining butun texnologik ekotizimiga bogʻliqlikni ham yuzaga keltiradi. Xitoy asta-sekin ana shunday ekotizimni barpo etmoqda.
Maʼlumot uchun, Markazits Osiyodagi yana bir lokomotiv davlat - Qozogʻiston ham MiG-31 qiruvchi samolyotlariga ega, biroq ularni kelajakda qanday samolyotlar bilan almashtirish masalasi hozircha ochiq qolmoqda. 2026 yil avgust oyi oxirida Qozogʻistonga yaqin ikki yil ichida Rossiyaning Su-57E qiruvchi samolyotlari yetkazib berilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo boʻldi, ammo hozircha ushbu kelishuv rasman tasdiqlangani yoʻq. Modernizatsiyaning ehtimoliy variantlari qatorida avvalroq Xitoyning J-35 samolyoti ham tilga olingan.
Biroq Xitoy yoʻnalishi Qozogʻistonning harbiy-transport aviatsiyasida allaqachon sezilarli oʻrin egallagan: mamlakat Y-8F-200WA samolyotlarini qabul qilmoqda, Y-9E yetkazib berish masalasi ham ochiq manbalarda muhokama qilinmoqda. Hatto Xitoyning K-8W oʻquv-jangovar samolyotlarini xarid qilishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan maʼlumotlar mavjud. Lekin hozircha J-35 samolyotini MiG-31ning eng ehtimoliy oʻrnini bosuvchisi sifatida koʻrsatib boʻlmaydi.
Bu Rossiya uchun nimani anglatadi?
Rossiya uchun vaziyat murakkabroq. Oʻzbekistonda Xitoyning J-10CE samolyotlari paydo boʻlishi Rossiya texnikasining Markaziy Osiyodan avtomatik ravishda siqib chiqarilishini anglatmaydi. Mintaqadagi sovet merosi ulkan, Rossiyaning aviatsiya sohasidagi tayyorgarlik va ekspluatatsiya maktabi hamon muhim rol oʻynaydi.
Biroq strategik tendensiya aniq. Yaqin vaqtlargacha Rossiya texnikasi postsovet davlatlari uchun deyarli tabiiy tanlov edi. Endi mintaqa davlatlarida muqobil variantlar koʻpaymoqda.
Xitoy nafaqat qurol-yarogʻ, balki moliyaviy, ishlab chiqarish va siyosiy hamkorlik vositalarini ham taklif qilmoqda. Shuning uchun Moskva bir zumda bozordan ayrilish emas, balki uning tuzilmasi asta-sekin oʻzgarayotgani bilan toʻqnash kelmoqda.
Oʻzbekiston Xitoy taʼsiri ostiga tushadimi?
J-10CE'ning Oʻzbekistonda paydo boʻlishi samolyotlarning narxi va uchish-texnik xususiyatlaridan ancha kengroq masalani kun tartibiga olib chiqadi: Xitoy bilan harbiy-texnik hamkorlik strategik qaramlikning yangi shakliga aylanib qolmaydimi?
Hozircha bunga bir maʼnoli javob berish qiyin. Ammo ehtimoliy xavflar aniq. Davlat bir necha oʻnlab zamonaviy xorijiy jangovor samolyotlarni xarid qilganda, u faqat mashinalarning oʻzini sotib olmaydi. Amalda u ishlab chiqaruvchi mamlakatning butun texnologik tizimiga ulanadi. J-10CE holatida bu uchuvchilarni tayyorlash, texnik xodimlarni oʻqitish, ehtiyot qismlar yetkazib berish, diagnostika uskunalari, qurol-yarogʻ, dasturiy taʼminot, taʼmirlash, modernizatsiya va keyingi texnik xizmat koʻrsatishni anglatadi.
Shuning uchun asosiy savol “Xitoy samolyotni masofadan oʻchirib qoʻya oladimi?” emas, balki “Oʻzbekiston qancha vaqt davomida Xitoy yordamisiz uni mustaqil ravishda ekspluatatsiya qila oladi?” degan savoldir.
«Oʻchirish tugmasi» haqidagi afsona
Zamonaviy eksport qurol-yarogʻlari atrofida ishlab chiqaruvchi mamlakat istagan paytda texnikani ishdan chiqarish imkonini beruvchi masofaviy mexanizm mavjudligi haqida turli taxminlar muntazam paydo boʻladi.
J-10CE'ga nisbatan bunday daʼvolar hozircha ishonchli ochiq manbalarda tasdiqlanmagan. Pekin barcha eksport samolyotlarini bir vaqtning oʻzida ishdan chiqara oladigan universal masofaviy «tugma»ga ega, degan xulosaga imkon beruvchi ishonchli maʼlumotlar mavjud emas.
Biroq bunday mexanizm mavjudligi isbotlanmagani qaramlik yoʻqligini anglatmaydi. Zamonaviy qiruvchi samolyot — murakkab raqamli tizim. Uning ekspluatatsion samaradorligi doimiy ravishda xizmat koʻrsatilishi, tekshirilishi va yangilanishi kerak boʻlgan koʻplab komponentlarga bogʻliq. Shuning uchun bosim oʻtkazishning ancha real ssenariysi fantastik «tugmani bosish» emas, balki zarur resurslarga kirish imkoniyatini cheklash boʻlishi mumkin.
Agar yetkazib beruvchi ayrim komponentlarni yetkazib berishni, texnik yordamni, yangilanishlar yoki modernizatsiya paketlarini toʻxtatsa, xorijiy operatorning ekspluatatsion imkoniyatlari vaqt oʻtishi bilan pasayishi mumkin.
Shuning uchun ishlab chiqaruvchiga bogʻliqlikni samolyotni «oʻchirish» imkoniyati bilan emas, balki xaridorning qurol-yarogʻning butun hayot siklini mustaqil ravishda taʼminlay olish qobiliyati bilan oʻlchash kerak.
Uchuvchi ham texnologik qaramlikning bir qismi
Yana bir alohida masala — uchuvchilarni tayyorlash. Xabarlarga koʻra, Xitoy–Oʻzbekiston dasturi personalni Xitoyda oʻqitishni ham nazarda tutadi. Bir qarashda bu odatiy amaliyot. Murakkab texnikaning yangi turini xarid qilgan har qanday davlat ekipajlarni qayta tayyorlashi kerak.
Biroq bu yerda uzoq muddatli muammo yuzaga keladi. Oʻzbekiston oʻnlab yillar davomida sovet va Rossiya samolyotlaridan foydalanib kelgan. J-10CE'ga oʻtish ekspluatatsiya madaniyatining butun tizimini oʻzgartirishni anglatadi: uchuvchilar va muhandis-texnik xodimlarni tayyorlashdan tortib, avionikaga xizmat koʻrsatish va yangi tizimlardan foydalanishgacha.
Dastlabki bosqichda xitoylik instruktorlar va mutaxassislar bu jarayonning muhim qismiga aylanishi tabiiy. Agar davlat doimiy ravishda yangi uchuvchilar va muhandislar guruhlarini xorijda oʻqitishga yuborishi, shuningdek, texnik xizmat koʻrsatish uchun xorijlik mutaxassislarni jalb qilishiga toʻgʻri kelsa, qaramlik institutsional tus oladi. Boshqacha aytganda, davlat samolyotga yuridik jihatdan egalik qilishi mumkin, ammo uni ekspluatatsiya qilishda toʻliq texnologik mustaqillikka ega boʻlmasligi mumkin.
Ehtiyot qismlar ahamiyati
Yanada sezgir sohalardan biri — logistika. Jangovor samolyot — bir marta xarid qilib, keyin ishlab chiqaruvchi ishtirokisiz oʻnlab yillar davomida ekspluatatsiya qilish mumkin boʻlgan avtomobil emas. Komponentlar, agregatlar, diagnostika uskunalari, ixtisoslashgan taʼmir, texnik hujjatlar va muntazam xizmat koʻrsatish zarur.
J-10CE samolyotlarining katta parki shakllangan taqdirda, Oʻzbekiston oʻzining moddiy-texnik taʼminot tizimini yaratishiga toʻgʻri keladi. Zaxiralarning bir qismini mamlakat ichida saqlash mumkin, ammo ayrim komponentlar baribir Xitoy sanoati bilan bogʻliq boʻlib qoladi.
Shuning uchun samolyotning dastlabki narxi chalgʻitishi mumkin. Egalik qilishning haqiqiy qiymati faqat xarid bilan emas, balki oʻnlab yillar davomida xizmat koʻrsatish xarajatlari bilan belgilanadi.
Shunisi eʼtiborga loyiqki, J-10CE'ning zamonaviy eksport dasturlari nafaqat samolyotlarni, balki qurol-yarogʻ, oʻqitish va texnik qoʻllab-quvvatlashni ham oʻz ichiga olgan kompleks paketlar sifatida koʻrib chiqilmoqda. Tahlilchilar ham xizmat koʻrsatish shartlari, resurs, modernizatsiya va ishlab chiqaruvchining oʻnlab yillar davomida texnik yordam koʻrsatish qobiliyati xorijiy xaridorlar uchun muhim masalalar boʻlib qolishini taʼkidlaydilar.
Dasturiy taʼminotga qaramlik
Yana bir koʻzga unchalik tashlanmaydigan omil — dasturiy taʼminotdir. Zamonaviy qiruvchi samolyot radar, aloqa vositalari, axborotni aks ettirish, navigatsiya va boshqa elementlarni oʻzaro bogʻlab turuvchi murakkab tizimdir.
Bunda eksport versiyasining muayyan imkoniyatlari ishlab chiqaruvchi mamlakat havo kuchlari uchun moʻljallangan samolyotlar imkoniyatlaridan farq qilishi mumkin. Shu sababli samolyotni modernizatsiya qilish jarayonida xaridor maʼlum darajada ishlab chiqaruvchiga bogʻliq boʻladi.
Bu Xitoy albatta dasturiy taʼminotdan siyosiy vosita sifatida foydalanadi, degani emas. Biroq, oʻn yoki oʻn besh yildan keyin J-10CE'ni jiddiy modernizatsiya qilish zarurati tugʻilsa, Oʻzbekiston oldida bir nechta tanlov paydo boʻladi: Xitoy sanoati bilan hamkorlikni davom ettirish, oʻz kompetensiyalarini yaratish uchun ulkan mablagʻ sarflash yoki platformani asta-sekin boshqa tizim bilan almashtirish.
Foydali hamkorlik
Biroq munosabatlarni faqat Xitoy Oʻzbekiston ustidan nazorat oʻrnatadigan holat sifatida tasavvur qilish xato boʻladi.
Pekin uchun J-10CE eksporti ham muayyan majburiyatlarni yuzaga keltiradi. Xitoy texnikasidan foydalanuvchi xorijiy davlatlar qancha koʻp boʻlsa, Xitoy yetkazib berish ishonchliligini, oʻz mahsulotining obroʻsini va servis tizimining barqarorligini saqlashdan shunchalik koʻproq manfaatdor boʻladi. Pekin Oʻzbekistonning mamnun mijoz boʻlib qolishi va samolyotlarni normal ekspluatatsiya qila olishidan manfaatdor boʻladi albatta.
Xulosa
J-10CE'ning Oʻzbekiston osmonida paydo boʻlishi — oddiy harbiy texnika xaridi emas, balki Markaziy Osiyodagi texnologik va geosiyosiy jarayonlarning oʻzgarayotganidan dalolatdir. Bir vaqtlar Isroilda amalga oshmay qolgan Lavi loyihasi bilan bogʻliq texnologik meros Xitoy aviatsiya sanoatida yangi bosqichga koʻtarilib, bugun Oʻzbekistongacha yetib keldi. Toshkent uchun asosiy vazifa — yangi samolyotlarni qabul qilish bilan cheklanmasdan, ularga xizmat koʻrsatish, kadrlar tayyorlash va texnik salohiyatni rivojlantirish orqali texnologik mustaqillikni taʼminlashdir. Agar bu muvozanat saqlansa, J-10CE nafaqat mudofaa qobiliyatini oshiradi, balki Oʻzbekistonning harbiy-texnik diversifikatsiyasi uchun ham muhim qadam boʻladi.
Abulfayz Sayidasqarov
