Oʻzbekistonning oltin zaxira aktivlari 72 mlrd dollardan oshdi
Avgust oyi davomida oltinning bir troy unsiyasi narxi 4052,20 dollardan 4602,00 dollargacha koʻtarilgan, bu esa zaxiralar qiymatiga 7,8 milliard dollarlik ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

2026 yilning avgust oyida Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 7,8 milliard dollarga koʻpayib, 1 sentabr holatiga koʻra rekord darajadagi 72,13 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumot berdi.
Zaxiralarning keskin oshishiga eng avvalo jahon bozorida oltin narxining qimmatlashishi asosiy omil boʻlgan.
Avgust oyi davomida oltinning bir troy unsiyasi narxi 4052,20 dollardan 4602,00 dollargacha koʻtarilgan, bu esa zaxiralar qiymatiga 7,8 milliard dollarlik ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Shuningdek, oltinning sof hajmi ham 13,8 million troy unsiyadan 14,1 million unsiyagacha koʻpaydi. Natijada zaxiradagi oltinning umumiy qiymati 64,9 milliard dollardan oshgan.
Shu bilan birga, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar miqdori kamayishda davom etmoqda. Avgust oyida erkin konvertatsiya qilinuvchi xorijiy valyuta zaxiralari 7,65 milliard dollardan 6,63 milliard dollargacha tushgan. Bunda naqd valyuta va depozitlar hajmi 4,86 milliard dollarni, qimmatli qogʻozlar esa 1,76 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Reuters agentligining xabar berishicha, 8 sentabr kuni neft narxlarining koʻtarilishi fonida oltin narxi biroz pasaydi. Investorlar bu hafta AQSh Federal Rezervining kelajakdagi foiz stavkalari siyosati haqida maʼlumot berishi mumkin boʻlgan asosiy inflyatsiya maʼlumotlarining eʼlon qilinishini kutmoqdalar.
