Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng tinchliksevar davlat deb topildi
Jahon boʻyicha reytingni Islandiya boshqarib bormoqda, undan keyingi oʻrinni esa Yangi Zelandiya egalladi. Kongo DR, Sudan va Rossiya eng oxirgi pogʻonalarni qayd etdi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng tinchliksevar davlat deb topildi.
Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace — IEP) tomonidan eʼlon qilingan "Global Peace Index 2026" reytingida Oʻzbekiston 163 davlat orasida 37-oʻrinni egalladi. Mamlakatning umumiy koʻrsatkichi 1,726 ballni tashkil etdi.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston bir yil ichida reytingda sezilarli yuqorilagan. 2025 yilda mamlakat 67-oʻrinda qayd etilgan boʻlsa, 2026 yilda 37-pogʻonaga koʻtarildi. Bu bir yilda 30 pogʻona yuqorilash degani.
Oʻzbekiston nafaqat global reytingda yuqori oʻrinni egalladi, balki Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham birinchi boʻldi. Reytingda Qozogʻiston 44-oʻrinni, Tojikiston 47-oʻrinni, Qirgʻiziston 61-oʻrinni, Turkmaniston esa 66-oʻrinni egallagan.
Shu tariqa, Oʻzbekiston mintaqada tinchlik va barqarorlik darajasi boʻyicha qoʻshni davlatlar orasida eng yuqori koʻrsatkichni qayd etdi.
Reytingni Islandiya boshqarib bormoqda, undan keyingi oʻrinni esa Yangi Zelandiya egalladi. Kongo DR, Sudan va Rossiya eng oxirgi pogʻonalarni qayd etdi.
