Litsenziyalash boʻyicha huquqbuzarliklar haqida xabar berganlar ragʻbatlantiriladi
Xabardor qiluvchi huquqbuzarlik haqida vakolatli organlarga maxsus elektron tizim yoki Adliya vazirligining mobil ilovasi orqali xabar beradi.

Litsenziyalash tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi.
Hukumat qarori (466-son, 04.09.2026 y.) bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aniqlangan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarlik holatlari haqida vakolatli organlarga xabar berish, ularni koʻrib chiqish hamda xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
Nizomga koʻra, xabardor qiluvchi huquqbuzarlik haqida vakolatli organlarga maxsus elektron tizim yoki Adliya vazirligining mobil ilovasi orqali xabar beradi.
Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va videomateriallarda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
- sodir etilgan huquqbuzarlik;
- huquqbuzar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
- huquqbuzarlik sodir etilgan sanasi va vaqti.
Xabardor qiluvchi tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani yuzasidan berilgan xabarlar vakolatli organ tomonidan 10 ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
Xabardor qiluvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topgan hamda berilgan xabarga asosan vakolatli organ yoki sudning javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarori asosida:
aybdor shaxsdan jarima undirilgan taqdirda, xabardor qiluvchi undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti shaklida ragʻbatlantiriladi.
