Uchtepadagi bolalar va futbol maydonchasi aholiga qaytariladi
Aholi bir necha yil davomida foydalanib kelgan maydonchada qurilish ishlari amalga oshirilishi moʻljallangan. Fuqarolar esa Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat yoʻllagan.

Uchtepadagi bolalar va futbol maydonchasi aholiga qaytariladi.
Uchtepa tumani Quyi Darxon mahallasi Taqachi mavzesidagi 42-44-uylarda yashovchi fuqarolar 2014-2015 yillarda oʻz mablagʻlari hisobidan 2-3-uylar oraligʻida joylashgan qarovsiz boʻsh yerda hashar yoʻli bilan futbol va bolalar maydonchasi qurgan. Bir necha yillar davomida ushbu hududda yashovchi fuqarolar va ularning farzandlari maydonchalardan foydalanib kelgan.
2026 yil mart oyida oʻzini Inter Express Service MChJ vakillari sifatida tanishtirgan shaxslar bir necha marotaba Quyi Darxon mahallasiga kelib, mazkur hududda qurilish ishlari rejalashtirilganini bildirgan.
Bundan aholi norozi boʻlib, 2026 yil 16 mart kuni Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat yoʻllagan. Murojaat Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan koʻrib chiqilib, javob xatida 2018 yilda mazkur yer Uchtepa tumani hokimining 946-sonli qaroriga asosan Inter Express Service MChJga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasini qurish uchun ajratilgani, shuningdek, Davlat kadastrlari palatasi tomonidan 2025 yil 25 fevralda davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, MChJ nomiga rasmiylashtirilgani bildirilgan.
Oʻrganish jarayonida mazkur masalaga batafsil huquqiy baho berilmagani va quyidagi holatlar toʻliq tekshirilmagani sababli, Prezident Xalq qabulxonasi 17 iyun kuni murojaatni ijroga qaytargan:
-futbol va bolalar maydonchasi mavjud boʻlgan hudud qanday asoslarda boʻsh yer maydoni sifatida baholanib, tadbirkorlik subʼektiga ajratilgan;
-yer uchastkasi 2018-yilda ajratilgan boʻlishiga qaramasdan, hozirgi kүnga qadar maqsadli foydalanilmagan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga koʻra, Inter Express Service MChJning ushbu yer maydoniga boʻlgan huquqi bekor qilindi.
