Toshkentda 3-sinf oʻquvchisi ogʻir holatda shifoxonaga tushdi
Yashnobod tumanida joylashgan maktabning 3-sinf oʻquvchisi T.M ga yuqori sinf oʻquvchilari tomonidan tahdid qilinib, uning qarshilik koʻrsatishiga qaramasdan kuch bilan ogʻziga nomaʼlum jism solishgan, bola uni yutib yuborgan. Bolaning sogʻligʻi yomonlashib, qorin qismida kuchli ogʻriq bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab oʻquvchisi ogʻir holatda shifoxonaga tushganligi toʻgʻrisida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani bayonot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 2 sentabr kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan maktabning 3-sinf oʻquvchisi voyaga yetmagan T.M ga yuqori sinf oʻquvchilari tomonidan tahdid qilinib, uning qarshilik koʻrsatishiga qaramasdan kuch bilan ogʻziga nomaʼlum jism solishgan, bola uni yutib yuborgan.
Natijada, 5 sentabr kuni T.M ning sogʻligʻi yomonlashib, qorin qismida kuchli ogʻriq bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar tekshiruvida ichki organlar qismida nomaʼlum yot jism borligi aniqlanib, shoshilinch operatsiya yoʻli orqali u olib tashlangan.
Bugungi kunda bolaning ahvoli qoniqarli holatda boʻlib, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani bolaning buzilgan huquqlari tiklanishi, taʼlim muassasalarida bolalar xavfsizligini taʼminlanishi nuqtai nazaridan holat boʻyicha oʻz kuzatuvini davom ettiradi, deyiladi xabarda.
Jumladan, Bolalar ombudsmani kotibiyati xodimlari vaziyatni joyiga chiqqan holda oʻrganmoqdalar.
Bu borada qoʻshimcha tarzda axborot taqdim etiladi.
