platina.uz
Siyosat

Prezident Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi

Bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uygʻunlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni oʻqitish va boshqa masalalarga eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga tayyorlash doirasida ushbu masalalarning dolzarbligi taʼkidlandi. 

Prezident Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 sentabr kuni Toshkentda yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi.

Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashkilot koʻmagida Oʻzbekiston savdoni yengillashtirish sohasidagi qator xalqaro konvensiyalarga qoʻshilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etildi.

Oʻzbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida bugungi kunda eksport yuklarining 94 foizi va import yuklarining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Deklaratsiyalarni rasmiylashtirish vaqti 20 daqiqagacha qisqartirildi.

Bojxona organlarining tadbirkorlik subʼektlari bilan samarali hamkorligini taʼminlaydigan raqamli yechimlar faol joriy etilmoqda, maʼmuriy toʻsiqlar qisqartirilib, korrupsiyaviy xavflar kamaytirilmoqda.

Uchrashuvda bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uygʻunlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga tayyorlash doirasida ushbu masalalarning dolzarbligi taʼkidlandi.

Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid