platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekistonda barqaror tokenlardan toʻlov sifatida foydalanish boʻyicha loyiha boshlanadi

Loyiha doirasida HUMO barqaror tokenini chiqarish, muomalaga kiritish va soʻndirish mexanizmlari sinovdan oʻtkaziladi. ​1 HUMO qiymati 1 soʻmga tenglashtiriladi. 

Oʻzbekistonda barqaror tokenlardan toʻlov sifatida foydalanish boʻyicha loyiha boshlanadi

Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi oʻz vakolatlari doirasida HUMO barqaror tokenidan toʻlov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan oʻtkazish boʻyicha pilot loyihani amalga oshirishni kuzatib borishga kirishmoqda.

​Loyiha Prezidentning 2025 yil 27 noyabrdagi PQ–359-son “Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda hamda innovatsion toʻlov shakllarini yanada rivojlantirish maqsadida barqaror tokenlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan oʻtkazishga qaratilgan.

​Loyihaning huquqiy asosini, shuningdek, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Markaziy bankning qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan hamda Adliya vazirligida 2026 yil 15 aprelda 3818-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Barqaror tokenlar muomalasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi toʻgʻrisida”gi nizom tashkil etadi.

​“HUMO Digital” MChJ Markaziy bank bilan kelishilgan holda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Loyiha doirasida HUMO barqaror tokenini chiqarish, muomalaga kiritish va soʻndirish mexanizmlari sinovdan oʻtkaziladi.

​1 HUMO qiymati 1 soʻmga tenglashtiriladi, barqaror tokenni chiqarish esa Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari bilan taʼminlangan holda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Loyiha doirasida HUMO barqaror tokenini chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlari, shuningdek, undan Oʻzbekiston hududida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun toʻlov vositasi sifatida foydalanish va ular uchun toʻlovlarni qabul qilish imkoniyatlari sinovdan oʻtkaziladi.

​Alohida yoʻnalish sifatida loyiha ishtirokchilarining bank, protsessing va blokcheyn infratuzilmalarini HUMO barqaror tokenidan foydalangan holda hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun integratsiya qilish nazarda tutilgan. Loyihaning hamkori sifatida kripto-depozitariy, kripto-birja va kripto-doʻkon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega boʻlgan “Asterium” AJ ishtirok etmoqda.

​Maxsus huquqiy rejim yangi texnologik va moliyaviy yechimlarni nazorat qilinadigan tartibga solish muhitida sinovdan oʻtkazish hamda ularning amaliy qoʻllanilishi, samaradorligi va ehtimoliy xatarlarini baholash imkonini beradi. Texnologiya imkoniyatlarini baholash bilan bir qatorda, pilot loyiha davomida taʼminotning yetarliligi va saqlanishi, operatsiyalarning shaffofligi, moliyaviy va operatsion xatarlarni boshqarish, axborot va kiberxavfsizlik, isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

​Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz vakolatlari doirasida loyihani pul-kredit siyosati maqsadlari va instrumentlariga muvofiqligi, shuningdek, moliyaviy va narxlar barqarorligiga tahdidlar mavjud emasligi nuqtai nazaridan baholaydi va monitoring qiladi. Pilot loyihani amalga oshirish maxsus huquqiy rejim doirasida belgilangan monitoring tartibiga muvofiq amalga oshiriladi. Loyihani amalga oshirishning dastlabki muddati 12 oyni tashkil etadi va belgilangan tartibda uzaytirilishi mumkin. Bunda loyihaning umumiy amal qilish muddati uch yildan oshmasligi lozim.

​Loyiha yakunlari boʻyicha davlat qimmatli qogʻozlari bilan taʼminlangan barqaror token modeli qoʻllanilishining amaliy imkoniyatlari baholanadi, u bilan bogʻliq xatarlar aniqlanadi hamda Oʻzbekistonda raqamli moliyaviy vositalarni tartibga solish yondashuvlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.

​Maʼlumot uchun: Barqaror tokenlar (stablecoins)

​Barqaror token — qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng boʻlgan taʼminlangan token turidir. Mazkur loyiha doirasida 1 HUMO qiymati 1 soʻmga teng boʻladi. HUMO tokenini chiqarish Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari bilan taʼminlangan holda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Regulyator “qumdoni”

​Maxsus huquqiy rejim yangi texnologik va moliyaviy yechimlarni sinovdan oʻtkazish uchun nazorat qilinadigan tartibga solish muhitini anglatadi. U yangi yechimlarning amaliy qoʻllanilishi va samaradorligini baholash, shu bilan birga, ehtimoliy xatarlarni aniqlash imkonini beradi.

​HUMO loyihasi aynan shunday maxsus rejim doirasida amalga oshirilmoqda. Bu tartibga soluvchi organlarga yangi modelni amaliyotda sinovdan oʻtkazish jarayonida uni baholash va monitoring qilish imkonini beradi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid