Oʻzbekiston elchisi Suriya TIV rahbariga ishonch yorliqlarini topshirdi
Ayubxon Yunusov Oʻzbekistonning Suriyadagi elchisi vazifasini bajaradi. Suriya vaziri Oʻzbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekistonning Suriyadagi elchisi (qarorgohi Al-Kuvaytda) Ayubxon Yunusov mamlakat tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Uchrashuv davomida Suriya vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishini alohida taʼkidladi.
Soʻnggi paytlarda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalar faollashgani qayd etildi, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashdi. Xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston–Suriya hukumatlararo qoʻmitasini tuzish, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini shakllantirish hamda boshqa qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Asad ash-Shayboniy Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli barcha sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, Suriya tomoni oʻtgan yillarda Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan yordam va koʻmakni yuksak qadrlashi qayd etildi.
Suriya tomoni ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyorligini maʼlum qilar ekan, Oʻzbekiston tomonidan hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslarni koʻrib chiqish hamda ularning amalga oshishiga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston–Suriya munosabatlarini siyosiy muloqot, oliy va yuqori darajadagi oʻzaro tashriflar, savdo-iqtisodiy hamkorlik singari yoʻnalishlarda hamda oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa sohalarda yanada rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
