platina.uz
Jamiyat

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi qayta tashkil etiladi

“Hududgaztaʼminot” taʼsischiligida “LPG-Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shugʻullanadi. 

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi qayta tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Suyultirilgan gaz tabiiy gaz tarmogʻi yetib bormagan hududlarda yashovchi aholini energiya manbai bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Shu bois, uni oʻz vaqtida, xavfsiz va barqaror yetkazib berish odamlarning kundalik hayoti, ijtimoiy soha obʼektlari faoliyati hamda hududlardagi maishiy sharoitlar bilan bevosita bogʻliq.

Taqdimotda suyultirilgan gaz resurslari va taqsimoti balansi, amaldagi yetkazib berish tizimi, narx shakllanishi, subsidiyalar va aholiga taʼsiri tahlil qilindi.

Maʼlumotlarga koʻra, respublikada 3,8 millionga yaqin aholi hamda qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obʼekti suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Joriy yilda aholi va ijtimoiy soha obʼektlari ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish koʻzda tutilgan.

Amaldagi tizimda qator muammolar saqlanib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi. Ayrim hududlarda suyultirilgan gaz isteʼmolchilarga belgilangan muddatda yetib bormayapti. Natijada aholi qoʻshimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur boʻlmoqda.

Tahlillarga koʻra, suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq muddatda olayotgan isteʼmolchilarning ulushi 22 foizni tashkil etadi. Bunday holatda ayrim oilalarning bir oylik xarajati amaldagi belgilangan narxdan bir necha barobar yuqori boʻlmoqda.

Mavjud tartibda suyultirilgan gaz aholi va ijtimoiy soha obʼektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish, import, xarid va yetkazib berish xarajatlari oʻrtasidagi tafovut yildan yilga ortib, byudjetdan ajratiladigan subsidiyalarga talab koʻpaymoqda.

Davlatimiz rahbari ayni masalada eng avvalo aholi manfaati ustuvor boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Suyultirilgan gaz odamlarga oʻz vaqtida yetib borishi, taʼminotda uzilishlarga yoʻl qoʻyilmasligi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qoʻllab-quvvatlanishi lozimligi qayd etildi.

Shu maqsadda suyultirilgan gaz taʼminoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish maqsadida “Hududgaztaʼminot” taʼsischiligida “LPG-Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shugʻullanadi.

Shu bois, suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarning samarali ishlashi taʼminlanadi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya toʻlanishi belgilanadi.

Bu orqali narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinib, ehtiyojmand oilalar uchun manzilli qoʻllab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi. Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar umumiy subsidiya oʻrniga aniq isteʼmolchiga yoʻnaltirilishi tizimning adolatliligi va samaradorligini oshiradi.

Ijtimoiy soha obʼektlarining ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazni birja narxlarida yetkazib berish, aholiga belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplash tartibi ham koʻzda tutilmoqda.

Xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga xususiy operatorlarni jalb etish boʻyicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur jarayonda operatorlarda zarur litsenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlar boʻlishi, xizmatlar kamida ikki operator tomonidan amalga oshirilishi, isteʼmolchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yoʻlga qoʻyilishi belgilangan. Isteʼmolchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yongʻin xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Ushbu tajribani keyinchalik boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati koʻrib chiqiladi.

Prezidentimiz islohotlarni puxta hisob-kitob asosida, aholi uchun qulaylik va ijtimoiy adolat tamoyillarini taʼminlagan holda amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qatʼiy yoʻlga qoʻyish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, taqsimotda shaffoflikni taʼminlash, sunʼiy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun kompensatsiyalarni oʻz vaqtida toʻlash, gaz toʻldirish inshootlari va tashish jarayonida xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya etish, xususiy operatorlar faoliyati ustidan samarali nazorat oʻrnatish vazifalari belgilandi.

Islohotlar natijasida suyultirilgan gaz taʼminotida shaffof va barqaror tizim shakllanishi, yetkazib berish muddatlari qisqarishi, aholi uchun xizmat sifati oshishi hamda byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish taʼminlanishi taʼkidlandi.

Shuningdek, taqdimotda Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining tashqi infratuzilmasi va unga yondosh shaharcha qurish yuzasidan 2 sentabr kuni berilgan qoʻshimcha topshiriqlar ijrosining borishi toʻgʻrisida axborot berildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid