Ohangaron tumani hokimiga hayfsan berildi, uning oʻrinbosari esa ishdan olindi
Ularga davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun chora koʻrilgan.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev davlat tilida ish yuritish hamda tashqi reklama sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlashga oid qarorni imzoladi. Qaror 2026 yil 4 sentabr kuni chiqarilgan.
Qarorga koʻra, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun Ohangaron tumani hokimi Baxromjon Norqobilovga hamda viloyat hokimligi Ishlar boshqarmasi huzuridagi Tashqi reklamalarni muvofiqlashtirish boʻlinmasi rahbari Asliddin Abduvaliyevga hayfsan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.
Ohangaron tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Ixtiyor Qurbanov targʻibot shiorlarini joylashtirishda jiddiy xatolikka yoʻl qoʻygani sababli egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Viloyat hokimi oʻrinbosari J.Babajanov va Ohangaron tumani hokimi B.Norqobilovga reklama va axborot materiallarining davlat tilidagi mazmuni, savodxonligi va belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrish yuklatildi.
Shuningdek, hujjatda viloyat hududidagi barcha tashqi reklama, banner va shiorlarni qayta xatlovdan oʻtkazish, davlat tili qoidalariga mosligini oʻrganish boʻyicha maxsus ishchi guruh tuzish hamda aniqlangan xatoliklarni zudlik bilan bartaraf etish topshirilgan.
